O‘zbekiston | 20:20 / 20.09.2018
49361
7 daqiqa o‘qiladi

Prezident yaxshi natijalar ko‘rsata olmayotgan sport federatsiyalari faoliyatini tanqid qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Ma'lumki, joriy yil 5 mart kuni davlatimiz rahbarining «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi. Farmonga muvofiq, ilgarigi davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etilib, uning vazifa va vakolatlari kengaytirildi», deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida.

Sportchilarni tanlab olish – seleksiya ishlarini takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilib, bu o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi.

Avgust-sentabr oylarida Indoneziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston vakillari 21ta oltin, 24ta kumush va 25ta bronza – jami 70ta medalni qo‘lga kiritishdi. O‘zbekiston delegatsiyasi umumiy reytingda 5-o‘rinni egallab, o‘zbek sporti tarixida eng yaxshi natijani qayd etdi.

«Biz xalqaro sport maydonlarida O‘zbekistonning nufuzi va obro‘-e'tiborini oshirishga katta hissa qo‘shgan sportchilarimiz bilan faxrlanamiz. Shu bilan birga, oliy sportda erishilgan yutuqlar bilan chegaralanmasdan, ommaviy sportga ham katta e'tibor berishimiz kerak», – degan Shavkat Mirziyoyev. 

Yig‘ilishda jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi muhim vazifalar belgilab berildi. 

Aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullantirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, darsdan tashqari vaqtlarda ta'lim muassasalaridagi sport obektlaridan barcha yoshdagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi. 

Bundan tashqari, joylardagi bo‘sh turgan xususiy obektlar negizida aholini ommaviy sportga jalb qilish uchun imtiyozli xizmat ko‘rsatuvchi sport markazlarini tashkil etish talab etiladi.

Shu bois Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirliklar bilan birgalikda ta'lim muassasalaridagi sport inshootlari hamda bo‘sh turgan obektlarda sport seksiyalarini ochish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni ko‘rishi zarurligi ta'kidlandi. 

Tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida sport musobaqalari sonini keskin ko‘paytirish, g‘olib va sovrindorlarni Yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan pullik mukofotlar bilan rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Aholi, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb qilish uchun «Alpomish» va «Barchinoy» testlarini musobaqa tarzida o‘tkazishni hamda uch darajadagi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlashni joriy qilish vazifasi qo‘yildi. 

Korxonalar, ta'lim muassasalari, istirohat bog‘larida ommaviy badantarbiya va gimnastika mashg‘ulotlarini o‘tkazish e'tibordan chetda qolib ketgani qayd etildi. Bunday mashqlarning inson salomatligi uchun foydaliligini targ‘ib qilish maqsadida doimiy ko‘rsatuv va ijtimoiy roliklar tayyorlab, televideniye orqali namoyish etish lozimligi ta'kidlandi. 

«Mamlakatimizda sportni ommalashtirish bo‘yicha besh yillik milliy konsepsiya ishlab chiqish zarur. Aholini jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanib, sog‘lom turmush kechirishga jalb etish, shu orqali kasalliklarning oldini olib, odamlarning umrini uzaytirish konsepsiyaning asosiy yo‘nalishi va natijasi bo‘lishi kerak», – degan prezident.

Yig‘ilishda federatsiyalarning ishi sustligi sababli ot sporti, suzish, qilichbozlik, o‘q otish va jamoaviy sport turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarda yaxshi natijalarga erishilmayotgani tanqid qilindi. Shu bois Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida tashkil etilayotgan olimpiya tayyorgarligi markazlarini 2020 yilga qadar foydalanishga topshirib, ularda Xitoy tajribasini qo‘llash, ya'ni sportchilarning markazda doimiy istiqomat qilib, maqsadli tayyorgarlik ko‘rish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Mutasaddi rahbarlarga  barcha sport federatsiyalari faoliyatini tanqidiy o‘rganib, ularning ishini, ayniqsa, seleksiya yo‘nalishini tubdan yaxshilash, rahbar kadrlarning mas'uliyatini oshirish topshirildi. 

Malakali murabbiylar kamligi, xususan, qishki sport turlari bo‘yicha mutaxassislar yetishmasligi qayd etildi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga murabbiylar tayyorlashni takomillashtirish, ularga litsenziya berish mexanizmini soddalashtirish vazifasi qo‘yildi. 

Bolalar sporti inshootlarini barpo etish, qurilishda zamonaviy tejamkor texnologiyalardan foydalanish masalalariga ham e'tibor qaratildi. 

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan joriy yilda 56ta sport obektini qurib, foydalanishga topshirish, ushbu maqsadlarga 362 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan. Lekin 10 sentabr holatiga ko‘ra, atigi 113 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qurilish ishlari orqada qolmoqda. 

Tegishli vazirlik va tashkilotlarga sport obektlarida qurilish-ta'mirlash ishlarini o‘z vaqtida yakunlash, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasining 2019 yilgi manzilli dasturini shakllantirish bo‘yicha topshiriq berildi. 

Yig‘ilishda 2020 yil Tokioda o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalasi ham muhokama qilindi. Mamlakatimiz sportchilarining ko‘plab litsenziyalarni qo‘lga kiritishi hamda munosib ishtirok etishi uchun tayyorgarlikni kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.  

Mutasaddi rahbarlarning sohadagi muammolarni bartaraf etish, aholini ommaviy sportga keng qamrab olish, professional sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha hisobotlari eshitildi. 

Mavzuga oid