O‘zbekiston | 09:30 / 21.09.2018
15611
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda sinov tarzida yo‘lga qo‘yilgan elektron oylik yo‘l chiptalar bilan bog‘liq qator muammolar aniqlandi

“Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan joriy yilning 20 iyunidan boshlab, qog‘oz shaklidagi oylik yo‘l chiptalari bilan birgalikda, 3 oy muddatga sinov tariqasida elektron oylik yo‘l chiptalari (EOYCh) joriy etilgan edi, deb xabar bermoqda jamiyat axborot xizmati.

Mazkur elektron tizimni chuqurroq o‘rganish maqsadida axborot texnologiyalari sohasidagi yetuk mutaxassislar jalb qilindi. Shu tariqa, ushbu elektron tizimning yo‘lovchi uchun qay darajada qulayligi, ijobiy va salbiy jihatlari chuqur o‘rganildi.

O‘rganish natijasida, sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan EOYCh yo‘lovchilar uchun ulardan foydalanishda birmuncha noqulaylik tug‘dirayotgani, bu esa e'tirozlarga sabab bo‘layotgani ma'lum bo‘ldi. Shu bilan birga, tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchi tomonidan to‘lov amalga oshirish jarayonida chiptachiga ham bir martalik to‘lovni ham EOYCh qo‘lidagi qurilma (terminal)da qayd etish yuklanganligi, ammo bu jarayon uning kunlik rejasiga ta'sir qilmaganligi sababli salbiy natija ko‘rsatdi. 

Shu bilan birga, avtobuslarda elektron chiptalarni nazorat qilish borasida yuzaga kelgan noqulaylik natijasida yo‘lovchilar tomonidan bunday yo‘l chiptalaridan noqonuniy tarzda foydalangan vaziyatlar ham ko‘plab kuzatildi. Jumladan, aholi tomonidan o‘tgan oyda foydalanilgan EOYCh shahobchaga olib kelib, qayta mablag‘ yuklash jarayoni susayib, natijada korxona hisobiga kelib tushadigan mablag‘ keskin kamayishiga olib keldi. Bundan tashqari, EOYChni joriy etish jarayonida dasturiy muammolar ham vujudga keldi. 

Elektron to‘lov tizimini joriy etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad esa haydovchidan kunlik rejani yechish, chiptachi ishini osonlashtirib, haydovchidan faqatgina xavfsizlikni ta'minlagan holda yo‘lovchilarga sifatli servis orqali xizmat ko‘rsatish hisoblanadi.

Biroq masalaga noto‘g‘ri yondashilgani sababli, sinov tariqasida o‘tkazilgan tizim asosiy muammo bo‘lgan nuqtada emas, aksincha me'yorida ishlab kelayotgan oylik yo‘l chiptalari sotish tizimi ustida joriy etilgani bo‘ldi.

Ana shunday holatlardan kelib chiqib, qolaversa, elektron oylik chiptalarining sinov muddati yakuniga yetganligini inobatga olib, tizim faoliyati kelasi oylarga uzaytirilmadi.

“Toshshahartransxizmat”AJ tomonidan jamoat transportlarida avtomat to‘lovni joriy etish bo‘yicha xorijning yetakchi kompaniya va firmalari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xususan, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Belarus, Yaponiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribalari o‘rganilmoqda.

“Toshshahartransxizmat”AJga chet ellik ekspertlarni jalb qilgan holda, Toshkent shahar transport tizimini tubdan rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilayotgan Strategiyaga muvofiq yangi avtomatlashgan to‘lov tizimini joriy yilda boshlash rejalashtirilgan.

Mavzuga oid