Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
Internetda Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uylar pod’yezdlarida turgan velosipedlar va kolyaskalarni IIB xodimlari yig‘ishtirib olib ketgani haqida video tarqaldi. Kun.uz'ga izoh bergan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati buni “qarovsiz qolgan buyumlarning xavfsizligini ta’minlash” amaliyoti deb atadi.
20 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumanida ko‘p qavatli uylar pod’yezdlarida turgan velosipedlar va kolyaskalarni PPX xodimlari yig‘ishtirib olib ketgani aytilgan video tarqaldi.
“Mana, Lutfiy mahallasi fuqarolari, hamma kvartaldan “PPS” xodimlari... Qaysi pod’yezd, qaysi kvartiradan olganligigacha birka qilib yozib qo‘yyapti. Pod’yezdga iloji boricha velik, kolyaska qo‘ymanglar. Hamma o‘ziga tegishli buyumlarni uyiga olib kirib qo‘ysin. Agar mobodo pod’yezdga qo‘yganlaring bo‘lsa, ertaga sarson-sargardon bo‘lib, 3-sonli IIBdan tilxat bilan olib ketasizlar”, – deydi video muallifi bo‘lgan noma’lum erkak.
Naqadar yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Jonajon militsiyamiz pod’yezdlardan kolyaskalar yig‘ishtirib yuribdi, boshqa ish yo‘qku axir pic.twitter.com/8ms9ngb8BG
— out of order (@osmonowa) November 20, 2024
Video ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokama va e’tirozlarni keltirib chiqardi.
Tarmoqlarda yozilishicha, IIB xodimlari fuqarolarning ko‘p qavatli uylar pod’yezdlarida qoldirilgan velosiped va kolyaskalarini olib ketib, ularning egalariga: “Agar, mabodo, o‘g‘irlatib qo‘ysam, o‘zim sababchi bo‘laman”, deb ariza yozdirishgan.
“Kimda-kim o‘ziga tegishli mulk haqida O‘zbekiston huquq-tartibot organlariga yuqoridagi kabi mazmunda ariza/tilxat yozib bersa va mulkini o‘g‘irlatib yo yo‘qotib qo‘ysa, O‘zbekiston huquq-tartibot organlari o‘sha mulkni qidirmaslikka haqli bo‘ladimi?
G‘alati emasmi? Fuqarolar va ularning mol-mulki xavfsizligini ta’minlay olmay, ularga “narsamni yo‘qotsam, o‘zim sababchi bo‘laman” deb ariza yozdiradigan huquq-tartibot organlarining nima keragi bor?” – deya savol qo‘ygan jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.
U ushbu amaliyotdan jabrlangan yana ikki kishining hikoyalarini e’lon qildi. Ularning birida PPX xodimlari fuqaroning kolyaskasini olib ketib, ehson qilib yuborgan, natijada fuqaro boshqa kolyaska sotib olishga majbur bo‘lgan. Boshqa bir holatda esa yetkazib berish xizmatida ishlaydigan yigitning velosipedini olib ketgan uchastka noziri egasi izlab kelganida uni so‘kkan, velosipedini uyining ichiga olib kirib qo‘yishni talab qilgan.
“O‘zi katalakday joyda 8 talaba yashaymiz. Velosipedni kvartiraga olib kirishga uy egasi ham ruxsat bermagan. Xullas, velosipedimni olib keldim. Kecha yana olib ketibdi. Balloni teshik edi, qulflangan holatda edi. Men endi uni qanday qilib olib kelaman? Bularga nisbatan biror chora yo‘qmi?” – deydi murojaatchi.
Murojaatchilarga ko‘ra, hozirgi olib ketilayotgan kolyaska yoki velosipedlarning egasi bundan bexabar qoladi. Ichki ishlar xodimlari ham, mahalla raisi ham bu haqda xabar bermaydi. Mulkini IIB xodimi olib ketganini bilganlar borib oladi, bilmasa “ehson” bo‘ladi.
Kun.uz muxbiri Shuhrat Shokirjonovning ma’lum qilishicha, u ushbu mavzuda Telegram-kanalida post qoldirgach, IIB xodimlaridan biri postning izohlar qismida quyidagicha tushuntirish yozgan:
“Bitta mahallada eng kamida 30 ta yoki 40 ta ko‘p qavatli uy bor, ularda 4 tadan kirish yo‘lakchasi bo‘lsa, jami 120 ta yoki 160 ta shunaqa yo‘lakchalar bor. Bir profilaktika inspektori o‘sha yo‘lakchalarni har kuni kechasi bilan qo‘riqlasinmi yoki kimningdir oilasida bo‘layotgan va og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan janjallarga borsinmi?
Ha, mayli, bunisini ham tajribamdan kelib chiqib aytaman: bunaqa kolyaskalarni asosan spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar o‘g‘irlab, sotib yuboradi. O‘sha odamni topasiz ham deylik, lekin u kimga sotganligini bilmaydi. Mulk egasiga yetkazilgan zararni qoplashga esa o‘sha insonda pul bo‘lmaydi”, – deya yozgan Sodiq Bahromovich ismli Telegram foydalanuvchisi.
Xodim yechim sifatida trosli qulf sotib olish va kolyaskani zina tagida biror temir armaturaga bog‘lab qulflashni taklif qilgan.
Kun.uz bo‘layotgan holatlar yuzasidan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga murojaat qildi.
Poytaxt IIBBga ko‘ra, “qarovsiz qolgan ushbu buyumlar o‘g‘rilikning oldini olish maqsadida yaqin oradagi IIBga (mahalla idorasiga) olib borilmoqda – aynan qarovsiz qoldirilganlar, qo‘riqlanadigan hududdagi yoki kuzatuv kameralari ostidagi yoki eshiklari qulflanadigan pod’yezddagilar emas”.
Ma’lum qilinishicha, ular egasi kelganida qaytarib beriladi va egalariga hech qanday jarima solinmaydi.
“To‘g‘ri, ayrimlar bu arzimas narsalar deb fikrlaydi, lekin bu buyumlar – fuqarolarning puliga sotib olingan mulk. Ularning o‘g‘irlanishi ham jinoyat hisoblanadi. To‘g‘ri, ayrim fuqarolar kolyaskasi yoki velosipedi o‘g‘irlangani haqida ariza yozmasligi mumkin, lekin IIOga ariza bilan murojaat qilayotgan fuqarolar ham bor. Jinoyatchilar ushlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi, lekin jabrlanuvchilarning ortiqcha ovoragarchiligi oldini olish imkoni ham bor. Ya’ni ko‘chalarda qarovsiz qoldirilgan ushbu buyumlar o‘g‘irlanib ketilganidan ko‘ra, yaqin oradagi IIOda saqlangani ma’qul bo‘lsa kerak ularga”, – deyiladi poytaxt IIBB Kun.uz'ga bergan izohda.
Shuningdek, IIBB “ayrim IIB (GOM) tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, qarovsiz qolgan buyumlar xavfsizligini ta’minlash noqonuniy harakat emas”ligini ta’kidladi.
“Tasavvur qiling, ko‘changizda kimningdir kolyaskasi turibdi, qarovsiz. Oldidan shuncha odam o‘tib ketyapti, lekin hech kim ahamiyat bermaydi. Jinoyatchilar ham shunday fikrlaydi va hech kim ahamiyat bermaydi, deb o‘g‘irlab ketadi shu kolyaskani. Shunaqa holatlarning oldini olish maqsadida IIO xodimlari ularning egasi kimligini bilmaganligi sababli (alohida belgi yoki yozuvlari, raqamlari bo‘lmaydi ularda) yaqin oradagi IIBga olib borgan. Lekin egasi kimligi ma’lum holatlarda egasiga topshiriladi”.
Tarmoqlarda velosipedlar bilan bog‘liq videolar tarqalishidan oldinroq, Oliy sud matbuot kotibi 23 yoshli velosiped o‘g‘risiga o‘qilgan hukm haqida ma’lumot bergandi.
Unga ko‘ra, muqaddam o‘g‘rilikda ayblanib sudlangan 23 yoshli Aleksey X. shu yil 27 maydan 3 iyungacha Toshkentdagi turli hududlardan naq 8 ta velosiped o‘g‘irlagan. Ularning umumiy qiymati 19 mln so‘mni tashkil qiladi. U o‘g‘irlagan velosipedlarni noma’lum shaxslarga sotib, pulni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Sud velosipedlar “ovchi”sini 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.
Mavzuga oid
18:02 / 21.12.2024
Lisenziyasiz faoliyat, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
23:26 / 18.12.2024