19:00 / 25.09.2018
20668

«Liverpul» «Chelsi»ga qarshi. Hafta o‘rtasidagi o‘yinlar anonsi

Bu hafta yevrokuboklarda tanaffus bo‘lgani bois, ligalar hosil bo‘lgan ushbu ochiq kunlardan foydalanib qolishmoqda. Natijada, biz ham zerikmaymiz, og‘ir ish kunlaridan so‘ng Yevropa futbolidan bahra olish imkoniyatiga egamiz. Kuchli beshlikdagi to‘rt ligada navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tsa, Angliyada Liga kubogi qizg‘in pallaga qadam qo‘ymoqda.

INTeR – FIOReNTINA (25 sentabr, 23:55)

Mavsum boshida «Yuventus»ga chinakamiga qarshilik qila oladigan asosiy da'vogar sifatida tilga olingan, lekin ilk 4 turda 4 ochko jamg‘arib, navbatdagi mavsum ham beqarorlikda o‘tishi haqida taxminlarni paydo qilgan «Inter» so‘nggi haftani juda ajoyib o‘tkazdi. To‘g‘ri, jamoa ko‘rsatgan o‘yinni mukammal deb bo‘lmaydi, lekin to‘rt kun ichida ikki marta so‘nggi daqiqalarda g‘alaba golini urish anoyi ish emas, to‘g‘rimi? Ayniqsa, bu g‘alabalardan biri juda omadsiz boshlangan o‘yinda «Tottenhem» ustidan qozonilgan bo‘lsa? Natijada, «Inter» Chempionlar Ligasidagi murakkab guruhda juda yaxshi pozitsiyaga chiqib oldi. O‘z uyida hatto «Napoli»ni yirik hisobda yenga olgan «Sampdoriya»ni yutib kelish esa, keyingi bonus bo‘ldi. «Inter»ning kayfiyati jangovor holatda.

Ammo bugungi raqib ham kuchli. «Fiorentina» mavsumni juda kuchli boshladi. «Fialka» 5 o‘yinda 3 g‘alabaga erishib, turnir jadvalida uchinchi o‘ringa chiqib oldi. Jamoa faqat Neapolda «Napoli» bilan teng o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan xolos. Florentsiyaliklar «Inter» maydonida ham hayiqmay to‘p surishlari e'tiborga molik – bu yerda o‘tgan so‘nggi 4 o‘yinning ikkitasida mehmonlarning qo‘li baland kelgan.

Shu bir haftada ikki marta og‘ir o‘yinda maydonga tushgan «Inter» uchun yana bir o‘yin balki og‘irlik qilishi mumkin. Bu tomondan ham «Fiorentina»da ochko olish imkoniyati katta. Bu o‘yinni o‘tkazib yubormaslik kerak.  

MANCheSTeR YuNAYTeD – DeRBI (25 sentabr, 23:55)

Bugun Angliyada Liga kubogi o‘yinlari boshlanadi. Premer Liganing barcha klublari, jumladan, top-klublar ham kurashni boshlaydi. O‘yinlar ichidan aynan «MYu»ning qo‘yi liga vakili bilan uchrashuvini alohida ajratish shart emasdir balkim. Ammo bu o‘yinda ham e'tiborga arziydigan bir qator jihatlar bor.

Birinchidan, «MYu»ning «Old Trafford»dagi navbatdagi muvaffaqiyatsizligi va qayta alanga olgan Pogba – Mourino munosabatlari. Fransiyalik yarim himoyachi «Vulverhempton»ga (1:1) qarshi o‘yin haqida to‘xtalar ekan, «MYu» kabi jamoa bunday jamoalar bilan faqat hujumkor o‘ynashi kerakligini aytib, yana Joze Mourino tarafga tosh tashladi. Ba'zi internet nashrlari esa, aslida, Pogbaning bu gaplariga Jozening o‘yindan keyingi tanbehlari sabab bo‘lganini yozishmoqda. Emishki, mehmonlar kiritilgan golga sabab bo‘lgan xatoni amalga oshirgan Pogba murabbiydan yaxshigina gap eshitgan. Bu o‘yin mana shu munosabat, umuman so‘nggi o‘yindagi omadsizlikka o‘ziga xos reaksiya bo‘lishi mumkin. «Derbi» kabi jamoalarga qarshi endi «MYu» o‘ta hujumkorlik o‘yin qiladimi yoki Pogba aytgan gaplari uchun yana zaxiraga o‘tiradimi? Yoki umuman turnir nuqtai nazaridan Mourino bir qancha yetakchilarga, jumladan Pogbaga ham dam berishi mumkin.

Ikkinchidan, biz Frenk Lempardni murabbiy sifatida ilk bor katta futbolda ko‘rishimiz mumkin. Bo‘lib ham, ilk imtihon Joze Mourino tomonidan qabul qilinishida ham ramziy ma'no bordek. Chunki Lempard aynan Mourino qo‘l ostida futbolchi sifatida yangi bosqichga chiqqan va Yevropaning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biriga aylangandi. Endi u murabbiy sifatida «Old Trafford»da sobiq ustoziga qarshi «Derbi Kaunti»ni olib tushadi.

Jamoalar Kubok o‘yinlarida tez-to‘qnash kelib turishadi. Ayniqsa, shu yilning boshida Angliya kubogi doirasida bo‘lib o‘tgan o‘yinni eslash mumkin. «Old Trafford»da mehmonlar 85 daqiqa turib bera olishgan, keyin esa, «MYu» 2 gol urib, keyingi bosqichga chiqqandi. Lui Van Gaal paytida, «Derbi» maydonida bo‘lib o‘tgan o‘yinda «MYu» 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

LeGANeS – BARSeLONA (26 sentabr, 23:00)

«Barselona» o‘tgan turda Kataloniya derbisida qimmatli ochkolarni yo‘qotdi va endi jamoani «Real» bilan faqat to‘plar nisbatidagi farq ajratib turibdi xolos. «Atletik» va «Tottenhem»ga qarshi qiyinroq o‘yinlar oldidan tin olish va kamroq kuch bilan uch ochko olish rejasi Valverdeda bo‘lgandir, ammo endi, «Jirona» bilan o‘yindagi yo‘qotishdan so‘ng, bunday qaror ham tavakkalchilikdek ko‘rinadi. Zero o‘sha o‘yinda maydon markazida hali biror marta asosiyda o‘ynamagan Artur va Vidalning tushirilishi jamoa o‘yiniga salbiy ta'sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, himoyada Pikega sherik bo‘lgan Langle o‘yin natijasiga ta'sir qiladigan xatoni amalga oshirdi.

Xullas, «Leganes» shu paytgacha atigi bir ochko egasi bo‘lib, turnir jadvalining eng so‘nggi pog‘onasida turgan bo‘lsa-da, o‘yinga jiddiy yondashish kerak. Jamoa o‘z maydonida faqat «Vilyarreal»ga yutqazdi. «Sosedad»ga qarshi o‘yinda esa, 0:2 hisobidan vaziyatni 2:2 ga o‘zgartira olgandi. Ya'ni, har qanday pallada xotirjamlikka yo‘l qo‘yish kerak emas.

O‘zaro o‘yinlarda barcha 4 uchrashuvda kataloniyaliklarning qo‘li baland kelgan. Lekin qizig‘i, «Kamp Nou»da o‘tgan o‘yinlarda mehmonlar yetarlicha qarshilik ko‘rsatib, so‘nggi daqiqalargacha o‘yindagi intrigani ushlay olishgan bo‘lsa, Leganesda «Barselona» yirik hisoblarda g‘alabalarga erishgan.

Darvoqe, bu o‘yinda balki «Barselona»ning yangi xaridlaridan yana biri Malkomni ko‘rishimiz mumkin. Braziliyalik futbolchi shu oyning boshida, mashg‘ulotlar paytida jarohat olgandi. Klubga aloqador manbalar futbolchining to‘liq tiklanganini yozishmoqda va u bugun «Barselona»ning zaxira o‘rindig‘ida paydo bo‘lib qolishi mumkin.

LIVeRPUL – CheLSI (26 sentabr, 23:45)

Shanba kuni Londonda bu jamoalar o‘rtasida Premer Liga o‘yini bo‘lib o‘tadi. Mavsumni kutilganidan ham ko‘ra yaxshiroq boshlagan va hozirda APLda yetakchilik qilayotgan ikki jamoa juda ahamiyatli o‘yinda to‘qnash keladi. Undan oldin esa, Angliya Liga kubogida o‘ziga xos repetitsiyani kuzatishimiz mumkin. Farqi, qur'a bu o‘yin uchun maydon sifatida «Enfild»ni tanlagan.

Balki farq faqat shunda emas. Liga kubogiga nufuz nuqtai nazaridan biroz pastroq qaraladi va jamoalar asosiy «qurollari»ni o‘sha shanba kungi o‘yinga asrab qo‘yishsa ham ajab emas. Ammo boshqa tarafdan, Yurgen Klopp shogirdlarini har bir musobaqaga jiddiy tayyorlashini ham taxmin qilsa bo‘ladi. Chunki jamoa, xususan mana shu tarkib anchadan buyon biror sovrin yutgani yo‘q, demak APLda hali hammasi juda uzoqligini e'tiborga olsak, «Liverpul» bu o‘yinga ham bor imkoniyatni ishga solishi turgan gap. Buning ustiga, yetti o‘yindan beri davom etayotgan g‘alabali seriyaga putur yetkazish ham jamoani izdan chiqarish ehtimoli bor.

Klopp boshchiligida «Liverpul» ikki yil oldin ushbu turnirning yarim finaligacha borgan, ya'ni g‘olib chiqish uchun kurashgan bo‘lsa, o‘tgan yili ilk bosqichdayoq «Lester»ga mag‘lub bo‘lingandi. «Chelsi» esa, aksincha, o‘tgan mavsumda Angliya Liga kubogi yarim finaligacha borib, «Arsenal»ga imkoniyatni boy bergandi. 

So‘nggi 21 o‘yinda – 7 g‘alaba, 7 durang, 7 mag‘lubiyat. Mana shu statistika ham tomonlarning bir-birlariga munosib raqib ekanliklarini isbotlaydi. Ammo yana bir qiziq fakt shundaki, «Liverpul» «Chelsi» ustidan so‘nggi g‘alabalarini safarda qo‘lga kiritgan. «Enfild»da o‘tgan oxirgi 4 o‘yin bir xil – 1:1 hisobida yakuniga yetgan. «Qizillar» «Chelsi» ustidan «Enfild»dagi eng so‘nggi g‘alabalarini 2012 yilda qo‘lga kiritgan ekan. Bu ham qiziq.

SeVILYa – ReAL (26 sentabrdan 27 sentabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Ispaniya top-klublari – «Real» va «Barselona» uchun eng noqulay stadion Sevilyadagi «Ramon Sanches Pesxuan» stadioni bo‘lsa kerak. Boshqa tomondan «Sevilya»ning boriga shukr, deyishadi ular, chunki, masalan, bu o‘yinda «Barselona» o‘zining ashaddiy raqibini ehtimoliy ochko yo‘qotishini tomosha qilib xursand bo‘ladi. Kelasi safar aksincha, «Real» umid qiladi andaluslardan.

Bu shunchaki gap emas, qarang, Sevilyada o‘tgan so‘nggi 3 La Liga bahsining barchasida maydon egalarining qo‘li baland kelgan. Faqat orada bir marta kubok bahsida 3:3 hisobi qayd etilgan. O‘shanda ham «Real» so‘nggi 10 daqiqada 1:3 hisobini 3:3 hisobiga aylantirib, o‘yinni qutqarib qolgandi. Kataloniyaliklarning bu stadiondagi ko‘rsatkichlari birmuncha yaxshiroq bo‘lsa-da, har safar g‘alaba qozonish oson emasligini ular ham tan olishsa kerak. Xullas, bu o‘yinda ham nimadir bo‘ladi, ishonavering.

«Sevilya» 5 o‘yindan 7 ochko to‘plab, hozircha kuchli oltilikka yaqin joylashib olgan. Ammo so‘nggi o‘yinlarda jamoa quturdi. Avvaliga Yevropa Ligasida «Standart» ustidan 5:1 hisobida, keyin esa, «Levante» maydonida 6:2 hisobidagi g‘alabalar. Ikki o‘yinda 11 gol urildi – «Real»ga qarshi o‘yin oldidan ajoyib kayfiyat. Ayniqsa, Sarabiya -  Ben Yyedder juftligidan ko‘p narsa kutish mumkin. Ben Yyedder shu ikki o‘yinda 5 gol urgan bo‘lsa, Sarabiya 4 marta jamoadoshlariga golli pas amalga oshirib berdi.

«Real»da esa aksincha, so‘nggi ikki turda biroz pasayish kuzatilmoqda. Avvaliga «Atletik» maydonida 1:1 hisobidagi durangga rozi bo‘lib qaytgan bo‘lishsa, kuni kecha, «Espanol» darvozasiga bir gol bilan kifoyalanishdi xolos. Keyingi turda «Real» «Bernabeu»da «Atletiko»ni qabul qiladi. Juda tig‘iz taqvim va qiyin raqiblarga tushib qolgan «Real» juda kamtarona sport formasini namoyish etmoqda.

Tarkiblarga kelsak, «Real» safida Dani Karvaxal jamoadoshlariga yordam bera olmaydi, u o‘tgan turni ham jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi. Mezbonlarda esa, asosiy futbolchilardan Eskudero va Merkado jarohatlangan. Qizig‘i, ikkovining ham qo‘li singan.

BOShQA O‘YINLAR:

25 sentabr. «BAVARIYa» – «Ausburg» (23:30), «Oksford Yunayted» – «MANCheSTeR SITI» (23:45)

26 sentabr. «BORUSSIYa» – «Nyurnberg» (23:30), «ARSeNAL» – «Brentford» (23:45), «TOTTeNHEM» – «Uotford» (23:55), «PSJ» – «Reyms» (23:55), «YuVeNTUS» – «Bolonya» (23:55), «NAPOLI» – «Parma» (23:55).

Top