Jahon | 22:20 / 25.09.2018
21173
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp BMT Bosh assambleyasida nimalar dedi? Asosiy tezislar

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp BMT Bosh assambleyasining 73-sessiyasida chiqish qildi.

Zal uning nutqini kulgi bilan kutib oldi. Tramp nutqi boshida o‘z ma'muriyati ikki yilga yaqin vaqt ichida bajargan ish va erishgan yutuqlarga avvalgi prezidentlarning ma'muriyatlari to‘liq muddatda ham erisha olmaganini aytib, maqtangandi.

Trampning nutqidan asosiy tezislar:
- Uning ma'muriyati ikki yildan kamroq vaqt ichida mamlakat tarixidagi deyarli istalgan prezident ma'muriyatidan ko‘proq natijaga erishgan. AQSh «yanada kuchliroq, boyroq va xavfsizroq» bo‘lgan.
- Jahon savdo tizimi o‘zgarishlarga muhtoj. AQSh savdo disbalansini bartaraf etishi, buning uchun ayrim mamlakatlar bilan savdo kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqishi kerak.
- OPeK mamlakatlari «boshqalardan o‘g‘irlaydi». Tramp ular neft narxini oshirishni bas qilishini, aksincha tushirishini istaydi.
- Suriyadagi ziddiyat bo‘yicha istalgan qaror Eron bilan munosabatlardagi strategiyani ifodalashi kerak.
- AQSh boshqa mamlakatlardan «Eron rejimini yakkalantirib qo‘yish»ni so‘raydi. Tramp Eron o‘zining «agressiv» siyosatini davom ettirar ekan, bu davlatga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar 5 noyabrdan tiklanishini ma'lum qildi.
- Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inga «jasurlik» uchun va tashlagan yangi qadamlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Shu bilan birgalikda, KXDRga qarshi sanksiyalar Koreya yarimoroli yadroviy quroldan butkul xoli bo‘lmagunicha saqlanib qolishini aytib o‘tdi.
- Barcha xalqlar sotsializmga va u keltiradigan «azoblar»ga qarshi turishi kerak. Barcha mamlakatlar AQShning Venesuelada demokratiyani tiklash bo‘yicha chaqirig‘iga qo‘shilmog‘i lozim.
- Germaniya zudlik bilan kursni o‘zgartirishi va Rossiya energoresurslariga qaramlikdan xalos bo‘lishi kerak.
- AQSh globalizm g‘oyasini inkor etadi va vatanparvarlik doktrinasiga ishonch bildiradi. Shuning uchun, AQSh Xalqaro jinoiy sudni tan olish va qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortadi.
- AQSh BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashida «real islohotlar» o‘tkazilmas ekan, unga qaytmaydi.

Mavzuga oid