Jahon | 20:53 / 05.07.2020
21630
6 daqiqa o‘qiladi

Reper Kane Uest o‘zini Tramp o‘rniga taklif qildi. Bu jiddiymi?

Amerikalik rep-ijrochi Kane Uest tvitterdagi sahifasida prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi ekanligi haqida yozdi. Musiqachining niyati hazil yoki chinligi noma'lum, ammo Kim Kardashyanning turmush o‘rtog‘i yozgan tvit atigi bir soat ichida yuz ming martadan ortiq retvit qilindi.

Foto: Getty Images

Bu Uestning prezidentlik haqida birinchi marta gapirishi emas: oktabr oyida, o‘zining yangi albomi chiqqanidan so‘ng bergan intervyusida u 2024 yilda AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida nomzod bo‘lishga va'da bergan, ammo u prezidentlik ambitsiyalari haqida ilk marta 2015 yilda e'lon qilgandi. O‘sha vaqtlarda Kane o‘zini AQSh Demokratik partiyasi bilan bog‘lardi. O‘shandan beri uning siyosiy xayrixohligi o‘zgarib ketdi – u respublikachi prezident Donald Tramp bilan bir necha marta uchrashdi, uni qo‘llab-quvvatladi va Trampni o‘z akasi deb atadi.

«Endi biz, Xudoga ishongan holda, o‘z qarashlarimizni birlashtirgan va kelajagimizni qurgan holda, Amerikaning qudratini namoyon qilishimiz kerak. Men AQSh prezidentligiga nomzodimni qo‘ymoqchiman» – #2020VISION heshtegi qo‘yilgan bu tvit Uest tomonidan 4 iyul kuni Mustaqillik bayramida e'lon qilindi.

Hozircha siyosatchilardan birortasi Uestning ushbu bayonotiga munosabat bildirmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda 30 million folloverga ega bo‘lgan Uestga turlicha munosabatlar bildirilgan, izohlar orasida «juda kech ro‘yxatdan o‘tish» va «Teylor Svift sizdan ham yaxshiroq» kabi hazillardan tortib «bu odamga yordam bering» degan chaqiriqlar va «Men Bayden bilanman» gaplarni uchratish mumkin.

Ushbu g‘oyaning eng taniqli tarafdorlari orasida yaqinda HKSga o‘zining «Dragon» kosmik kemasini uchirgan Ilon Mask ham bor; xuddi Uest kabi shov-shuvga moyil bo‘lgan biznesmen Kanening posti ostiga shunday deb yozgan: «Men sizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman».

Reperning taniqli rafiqasi Kim Kardashyan Uest erining tviti ortidan tarmoqqa Amerika bayrog‘i tushirilgan suratni joylashtirdi.

U ulgura oladimi?
AQShda saylovlar 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak, shunday qilib agar 43 yoshli musiqachi ikki asosiy nomzod – respublikachilardan Donald Tramp va demokratlardan nomzodi ko‘rsatilgan Jo Bayden bilan jiddiy raqobatlashmoqchi bo‘lsa – demak, uning barcha rasmiy doiralarda yurishga ko‘p vaqti qolmadi.

Bloomberg agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Kane o‘zining ismi shtat (aniqrog‘i, uning holatida bu Kaliforniya bo‘lardi) saylov varaqasida ko‘rsatilishi uchun Federal saylov komissiyasiga hech qanday hujjat topshirmagan, ammo ko‘p shtatlarda bu muddat hali tugamagan va Uest mustaqil nomzod sifatida ko‘rsatilishi mumkin.

AQShda prezident lavozimi uchun an'anaviy ravishda ikki yetakchi partiya – Respublikachilar va Demokratik partiya nomzodlari real imkoniyatlarga ega hisoblanadi. Biroq uchinchi partiyalar yoki mustaqil nomzodlar saylovlar davomida ko‘p ovoz to‘plaganiga misollar mavjud.

Ammo bu holatda ham, prezidentlik kampaniyasini saylov yilining iyul oyidan noldan boshlash uchun ko‘plab to‘siqlarga duch keladi. 

Nazariy jihatdan, u uchinchi bir partiya yordamini olishi yoki yangisini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

1992 yilda texaslik milliarder Ross Pero saylovlarda mustaqil nomzod sifatida qatnashgan va 18,9 foiz ovoz olgan. Keyingi saylovda ishtirok etish uchun, 1996 yilda Pero yangi Islohotchilar partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazdi, ammo natijada kamroq - 8 foiz.

Aldov va o‘zini reklama qilishmi?
Kane Uest bu bilan o‘zini piar qilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Ba'zi kuzatuvchilar bu qadam Jo Baydenni qora tanli elektorat safidan chiqarib yuborishga qaratilgan va shu bilan Trampga yordam beruvchi ayyor reja emasmi degan savollar bera boshlashgan.

Kane Uest amaldagi prezidentni uzoq vaqtdan beri qo‘llab-quvvatlab keladi va unga qoyil qolishini ochiqchasiga bildirdi. 

2018 yil oktabr oyida Kane va uning rafiqasi Tramp bilan qamoqxona islohotini muhokama qilish uchun Oq uyga tashrif buyurishgandi. Ro‘znomalar prezident va reper o‘rtasida yuzaga kelgan «og‘aynichilik» haqida yozib, ushbu kutilmagan musiqa va siyosat alyansini 1970 yilda Richard Niksonning Elvis Preslini qabul qilganiga qiyoslashdi. 

Kane o‘shanda Oq uyga Trampning mashhur «Make America Great Again» (Amerikani yana buyuk qilamiz) shiori yozilgan qizil beysbolkada kelgandi. Uchrashuvda Trampga Kane Uestning prezident bo‘lishi ehtimoli haqida berilgan savolga u «Albatta bo‘lishi mumkin» deb javob bergandi.

Aynan ushbu savolga Uest shunday javob qilgan: «Faqat 2024 yildan keyin. Yaxshisi, kelajak haqida qayg‘urmaylik. Biz egalik qilayotgan hamma narsa bugunimizdir». Reper 2024 yil deganda Trampning ehtimoliy ikki muddatining so‘nggisi tugamasidan nomzodlik haqida o‘ylamasligini nazarda tutgani aniq. 

2019 yil yanvar oyida u yana sirli «2024» tvitini yozdi va ko‘pchilik uning aynan shu yilda nomzodini ilgari surishiga ishontirdi.

Forbes nashri aprelda Uestni milliarder deb tan olgandi. Nashr uning boyligini 1,3 mlrd dollarga baholagan. 

Mavzuga oid