O‘zbekistonda aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlashda katta imtiyozlar berilmoqda
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, bizda nega elektr energiyasi bahosi atrofimizdagi qo‘shni respublikalarga nisbatan biroz qimmatroq? Xususan, Qirg‘iziston va Tojikistonda elektr energiyasi tannarxi juda arzon tushadigan gidro elektr stansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qozog‘iston foydali qazilmalarga boy. Turkmanistonda barcha turdagi energiya tashuvchilarning narxi davlat tomonidan dotatsiya qilinadi — har qalay yaqin-yaqingacha bu yerda suv, svet va gaz tekin edi.
O‘zbekistonda elektr energiyasi ko‘mir va gaz yoqilishi natijasida issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Boz ustiga, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi tobora kengayib borayotgan iqtisodiyotimiz ehtiyojlarini qoplay olmaganidan, uni qo‘shni Tojikistondan import qilishga ham majbur bo‘lmoqdamiz.
Yil oxiriga qadar Tojikiston O‘zbekistonga jami 1,5 mlrd. kVt/soatdan kam bo‘lmagan elektr energiyasi eksport qiladi. Ikki davlat elektr energiya kompaniyalari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston yoz mavsumida Tojikistondan olinadigan bir kilovatt energiya uchun 2 sent to‘laydi.
Elektr energiyasiga bo‘lgan talab yuqoriligidan va aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun uning qo‘shni davlatlardan import qilinishi hisobiga uning narxi bozor narxlariga yaqin kelgan.
Boz ustiga elektr tarmoqlari va uskunalari sobiq ittifoq davridan qolib ketgan va ularning aksariyati shu kungacha yangilanmagan. Elektr energiyasining so‘nggi iste'molchiga yetkazilishida katta miqdorda yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Aynan isrof miqdorining ko‘pligi ham energo korxonalarining zarar bilan ishlashiga sabab bo‘lmoqda.
Tabiiy gazni narxini olaylik. O‘zimizda ishlab chiqarilgan tabiiy gazning aholiga o‘ta arzonlashtirilgan narxlar sotib kelinayotgani ham sohada katta o‘g‘riliklar va korrupsiyaga yo‘l ochmoqda.
Gazni qazib olish, qayta ishlash va transportirovka qilish uchun davlat katta mablag‘ sarflaydi. So‘nggi paytlarda yurtimizda gaz ta'minoti ham ancha izga tushib qoldi. Ammo aholi o‘rtasida gaz iste'moli bo‘yicha qarzini o‘z vaqtida uzish o‘rniga nazoratchilarga pul berib o‘chirtirib yuborish ham odat darajasiga ko‘tarilgan. Natijada, davlat ulkan zarar ko‘rmoqda.
Aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlashda ham katta imtiyozlar berilmoqda. 20 kg gaz ketadigan ballonlar 16 ming so‘m evaziga aholiga yetkazib berilmoqda. Holbuki, propan gazning 1 litri (1 kg gaz qariyb 2,5 l bo‘ladi) ASGQShlarda 2500–3000 so‘mdan sotilmoqda. Avtomobillarga quyiladigan suyultirilgan gaz tadbirkorlar tomonidan xom ashyo birjasidan xarid qilinadi va narxlar talab va taklifga ko‘ra ko‘tarilib tushib turadi.
Benzin bahosi ham Markaziy Osiyoda eng past narxlardan bo‘lib turibdi. Garchi ayni kunlarda neft mahsulotlarining 70 foizi respublikamizga chetdan keltiriladi. O‘zimizda ishlab chiqariladigan benzin va dizel yonilg‘isi aholi ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli emas.
Albatta, energiya tashuvchilarning narxi davlat tomonidan past baholarda ushlab turilishi, davlat byudjyetiga og‘ir yuk bo‘lib tushadi. Bozor iqtisodiyotida davlatning iqtisodiyotga aralashuvi minimal darajada bo‘lishi narxlar talab va taklif asosida shakllantirilishi, faqat monopoliyaga yo‘l qo‘yilmasligi talab etiladi. O‘zbekistonda ham bu borada bozor mexanizmlaridan foydalanishni joriy zaruriyati paydo bo‘lmadimikan?
Mavzuga oid
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
13:29 / 22.12.2024
Samarqandda tabiiy gaz va elektrdan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan xodimlar ushlandi
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
07:40 / 21.12.2024