Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi sanasi ma'lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 2018 yil 30 sentabr – 1 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Prezident Ram Nath Kovind, Bosh vazir Narendra Modi va Hindistonning boshqa rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralarda davlatlararo hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq yo‘llarini ko‘rib chiqish, mintaqaviy va xalqaro siyosatning muhim masalalari yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev Nyu-Deli shahrida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning amaliy jihatlarini, jumladan, O‘zbekiston –Hindiston ishbilarmonlar kengashini ta'sis etish taklifini muhokama qilish uchun Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Hindistonning qadimgi poytaxti, jahonga mashhur me'moriy obida – muhtasham Toj Mahal joylashgan Agra shahriga tashrif buyuradi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vazirining qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun huquqiy asoslarni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan salmoqli hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar, mamlakatlar hududlari va muassasalari o‘rtasida hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
20:33 / 07.11.2024
Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi
01:52 / 07.11.2024
Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
17:51 / 05.11.2024