O‘zbekiston | 19:57 / 29.09.2018
136483
8 daqiqa o‘qiladi

1 oktabrdan qanday o‘zgartirishlar kuchga kiradi?

2018 yil 1 oktabrdan kuchga kiradigan soliq sohasidagi asosiy yangiliklar, yer uchastkalarini ajratish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni hisobga olish, kripto-aktivlar oborotiga doir yangi qoidalar va boshqa yangiliklar haqida Norma ma'lumot berdi.

Oqibatlarni yuzaga keltiradigan xronometraj, pasportlashtirish, avtoturargohlarga soliq solish va suv solig‘ining yangi stavkalari

Birinchidan, shu paytgacha xronometraj natijalari soliq to‘lovchini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lib xizmat qila olmas edi. Biroq 1 oktabrdan prinsip o‘zgaradi. Avval soliqchilar xronometraj natijalariga ko‘ra oxirgi hisobot davri uchun kamaytirib ko‘rsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuborish huquqiga ega bo‘ladilar. Kamaytirib ko‘rsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida malakalanadi.

Ikkinchidan, soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish rejalashtirilgan muddatdan birmuncha oldin boshlanadi (normativ hujjatlarga ko‘ra u 1 oktabrdan boshlab tuziladi). Tadbirkorlik sub'yekti ro‘yxatga olingan joyda faoliyat yuritayotgani tekshiriladi, faoliyat turi o‘rganiladi, xodimlarining haqiqatdagi soni hisobotda ko‘rsatilgani bilan solishtiriladi, noqonuniy tadbirkorlik dalillari aniqlanadi. Pasportlashtirish davomida to‘plangan dalillar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun asos bo‘ladi.

Uchinchidan, qat'iy belgilangan soliqni to‘lab kelgan avtoturargohlar oktabrdan YaST yoki umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishlari kerak. Soliq tushumlari ustidan nazorat o‘rnatiladi. Xususan, barcha avtoturargohlar videokuzatuv kameralari hamda kirish va chiqish vaqtini qayd etish tizimini o‘rnatishlari shart.

To‘rtinchidan, ayrim suv iste'molchilari suv resurslaridan foydalanganlik uchun to‘laydigan soliq miqdori oshirildi. Sanoatchilar (elektr stansiyalari, kommunal xizmatlar va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilardan tashqari) oktabrdan boshlab yer usti suv resurslari manbalarining 1 kub metri uchun 300 so‘m va yer osti suv resurslari manbalarining 1 kub metri uchun 360 so‘m to‘laydilar, bu stavkalar taxminan uch baravar oshirilganini anglatadi. Avtomobil yuvish korxonalari esa tegishincha 1 000 va 1 250 so‘mdan hisoblashlari kerak. Ular uchun soliq 10 baravardan ortiq oshdi.

Investitsiya loyihalari uchun yer va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni hisobga olishning yangi qoidalari

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari 50 yilgacha muddatga, lekin arizada ko‘rsatilganidan kam bo‘lmagan muddatga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga beriladi. Mehmonxonalar, savdo obektlari, madaniy-ko‘ngilochar majmualar, maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari, ta'lim va tibbiyot tashkilotlari, yo‘l infratuzilmasi va boshqalarni qurish uchun yer uchastkalariga doimiy egalik qilish huquqi auksion orqali sotiladi.

Bunda ko‘chmas mulkka (yer uchastkalari, bino va inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlarga) bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish to‘g‘risida guvohnoma bekor qilinadi. Ular o‘rniga elektron davlat reyestriga tegishli yozuv kiritiladi. Asosiysi, ko‘chmas mulk mulkdorlari (egalari) hujjatlar bilan hech qayerga bormaydilar. Yozuv kiritish uchun barcha ma'lumotlarni hokimliklar, notariuslar, qurilish bo‘limlari va boshqarmalari, shuningdek boshqa muassasalar taqdim etadilar.

Ayrim litsenziyalovchi organlar o‘zgardi

Aviatsiya, diniy ta'lim va qurilish sohasidagi faoliyatning 6 ta turi bo‘yicha litsenziyalovchi organlar o‘zgardi. Bu ko‘plab komissiyalar, qo‘mitalar, kengashlar va ishchi guruhlar tugatilishi bilan bog‘liq. Umuman olganda, ular 81 taga kamaydi, yana 25 ta shunday organlarning ishi optimallashtirildi.

Lisenziya olish uchun endi soha davlat muassasalariga murojaat qilish lozim. Eslatib o‘tamiz, bu joriy yildagi litsenziyalash funksiyalarining birinchi transferi emas. 1 iyundan ayrim litsenziyalarni berish vakolatlari Hukumatdan quyi turuvchi idoralarga o‘tkazilgan.

Kripto-aktivlar oboroti – litsenziya bo‘yicha

Kripto-aktivlar, ya'ni o‘z qimmati va egasiga ega bo‘lgan blokcheyndagi yozuvlar majmuasi oboroti bilan endi faqat litsenziya asosida shug‘ullanish mumkin. Mayning, kripto-aktivlar bozoridagi xizmatlar va kripto-birjalar faoliyatini ham litsenziyalash talab etiladi. Ushbu yo‘nalishni litsenziyalash bilan LBMA shug‘ullanadi.

Keyinchalik O‘zbekistonda kripto-birjalarga qo‘yiladigan talablar tasdiqlandi: xorijiy korxona, 30 000 EKIH (5,5 mlrd so‘mdan ortiq) miqdoridagi ustav fondi, elektron tizim, savdolarni amalga oshirish qoidalarining mavjud bo‘lishi, bozor kotirovkalaridan foydalanish va savdolar haqidagi axborotni 5 yil davomida saqlash.

Ta'lim va fan: maktablarning kuzatuv kengashlari va mualliflik haqi

Umumta'lim muassasalarining vasiylik kengashlari o‘rniga kuzatuv kengashlari tashkil etiladi. Ular tarkibiga muassasa faoliyatiga jiddiy hissa qo‘shishga qodir eng faol ota-onalar, bitiruvchilar, homiylar va boshqa shaxslar kiritiladi.

Fan sohasida esa quyidagilarga qo‘shimcha bir martalik mukofotlar joriy etiladi:

• patentlangan intellektual mulk obektlari mualliflariga – muassasaning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan EKIHning 10 baravari miqdorida;

• mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy jamoaga – ularni tijoratlashtirishdan muassasa hisobiga kelib tushayotgan mablag‘larning tegishli ravishda 40%i va 30%i miqdorida.

Ijtimoiy soha: non uchun kompensatsiya, bolalar nafaqalarini indeksatsiyalash

Hukumat ilgari davlat tomonidan tartibga solingan qolipli non («buxanka») narxini sentabr oyining o‘rtasida tushirdi va un narxini oshirdi. Bu ayniqsa aholining ijtimoiy qatlamlari hamyoniga zarar keltirmasligi uchun 1 oktabrdan kompensatsiya – EKIHning 10%i joriy etiladi.

Uni quyidagilar olishlari mumkin:

• yoshga doir, nogironlik bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolaligidan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, nogiron bo‘lgan 16 yoshgacha bolalarga nafaqa, shuningdek yoshga doir pensiyaning belgilangan miqdoridan kam pensiya va nafaqa bo‘yicha har bir nafaqa oluvchiga;

• bola 2 yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish bo‘yicha nafaqa oluvchi har bir oila, o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali moddiy yordam oluvchi kam ta'minlangan oilaga.

Parallel ravishda 14 yoshgacha farzandlari bo‘lgan oilalarga oylik nafaqa miqdorlarini indeksatsiyalashga qaror qilindi. Oktyabrdan boshlab ular quyidagi miqdorni tashkil etadi:

• 1 nafar farzandi bo‘lgan oilaga – EKIHning 60%i;

• 2 nafar farzandi bo‘lgan oilaga – EKIHning 100%i;

• 3 nafar va undan ko‘p farzandi bo‘lgan oilaga – EKIHning 140%.

Va oxirgisi. Shuningdek oktabr oyida, oy boshidan bo‘lmasa ham, iste'molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar hamda Ma'lumotlar uzatish tarmog‘i, shu jumladan Internet xizmatlarini ko‘rsatishning yangi qoidalari amal qila boshlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid