O‘zbekiston | 15:34 / 29.09.2018
5400
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: FHDYo organlarining aholiga ko‘rsatayotgan xizmatlari sifati yaxshilanadi

Vazirlar Mahkamasining “Gerbli guvohnomalar shakllarini takomillashtirish va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining aholiga ko‘rsatayotgan xizmatlari sifatini yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, prezidentning “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 12 iyundagi PQ-3785-son qarorida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlarida saqlanayotgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazilishini 2022 yil 1 yanvarga qadar tugatish, keyinchalik “Yagona elektron FHDYo arxivi” axborot tizimi bilan integratsiyalashtirish uchun yagona elektron FHDYo arxiv fondini shakllantirish nazarda tutilgan.

Fuqarolik holati dalolatnomalarining yagona elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirish uchun har bir FHDYo bo‘limida saqlanayotgan 200 mingdan ortiq fuqarolik holati dalolatnomalaridan kelib chiqqan holda, 2018 yil 1 oktabrdan 2022 yil 1 yanvargacha FHDYo bo‘limlari va nikoh uylari (FHDe bo‘limlari) uchun Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarida (Agentlikning hududiy boshqarmalari) arxivarius lavozimi joriy etiladi.

FHDYo bo‘limlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron hujjat aylanishiga o‘tilishi munosabati bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab, FHDYo bo‘limlari xodimlarining sonini belgilash mezonlari qayta ko‘rib chiqiladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik va o‘lim haqidagi gerbli guvohnomalar blankalarini qo‘lda to‘ldirish bo‘yicha talablar bekor qilinadi va ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda faqat bosma harflar bilan to‘ldirish tartibi joriy etiladi.

Hujjat bilan gerbli guvohnomalarni ular to‘liq ishlatib bo‘lingungacha amaldagi blanklarda rasmiylashtirish va berishga ruxsat etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid