Jahon | 21:05 / 30.09.2018
12713
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziya: Zilziladan keyin 100 dan ziyod mahbus qamoqdan qochdi

Indoneziyaning Markaziy Sulavesi provinsiyasidagi qamoqdan 100 dan ortiq mahbus qochdi. Bunga go‘yoki qamoqxona boshlig‘ining mahbuslarga zilzilada jabrlangan qarindosh-urug‘larni izlashga ruxsat bermagani sabab bo‘lganligi qayd etilmoqda, deb yozadi Jakarta Post.

Manbaga ko‘ra, qamoqxona boshlig‘i tabiiy ofatdan keyin vayron bo‘lgan hududlarda yashovchi qarindosh-urug‘larni qidirishga ruxsat bermaganidan keyin 342 nafar mahbus qamoqxonaga o‘t qo‘ygan.

Foto: Kompas.com/Kristianto Purnomo

Mahalliy Kompas TV telekanali qamoqxona boshlig‘ining so‘zlarini keltirishicha, buning natijasida "kamida 100 kishi qamoqdan qochgan". Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Sulavesi politsiyasining 100 nafar xodimi vaziyatni tartibga solish ishlariga safarbar etilgan. 

Ta'kidlanishicha, yong‘in qamoqxonaning katta qismini vayron qilgan va qolgan mahbuslarni saqlashga layoqatli emas. Voqea joyida o‘t o‘chiruvchilar brigadalari ish olib bormoqda.

Foto: JP/Nethy Dharma Somba

Juma kuni ertalab Sulavesi oroli qirg‘oqlarida Palu shahri yaqinida 6,1 magnitudali yer silkinishi ro‘y bergan. Keyinroq xuddi shu hududda yana bir 7,4 magnitudali zilzila va qator aftershoklar qayd etildi. 

Shundan so‘ng OAVda Palu ikki metr balandlikdagi sunami ostida qolgani haqida xabar berildi. Zilzila va undan keyingi sunami qurbonlari soni so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 832 kishini tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid