Sport | 22:40 / 03.10.2018
10331
7 daqiqa o‘qiladi

«Barselona»ning oqsashi. Kataloniyaliklarning sustligi nima bilan bog‘liq?

«Barselona» bugun Chempionlar ligasi guruh bosqichi 2-turi doirasida jiddiy o‘yinda maydonga tushadi. Jamoa ichki chempionatda keyingi o‘yinlarni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi.

Ishonchsiz start
Ispaniya La Ligasida keyingi ikki mavsumda 7 tur o‘yinlaridan keyin bir jamoa - «Barselona» turnir jadvalining birinchi o‘rnida turgan. Ammo bu ikki mavsumdagi ko‘rsatkichlar keskin farq qiladi. O‘tgan yili kataloniyaliklar jamoasi 7 o‘yinda bitta ham ochko yo‘qotishmagandi va to‘plar nisbati 23-2 ko‘rinishida bo‘lgandi. Bu safar esa butunlay boshqa manzara: 7 o‘yinda 21 ochko o‘rniga 14 (4-2-1). To‘plar nisbati esa 18-8.

Aytish mumkinki, hozirda ko‘k-anorranglilar jamoasi pelotonning boshida ketmoqda va raqiblar ham ortda qoldirilmagan. «Real»da ham 14 ochko va madridliklar to‘plar nisbati tufayli ikkinchi o‘rinda, uchinchi o‘rindagi «Sevilya»da 13, to‘rtinchi o‘rindagi «Atletiko»da 12 ochko bor.

«Barselona» yana oqsay boshlagani sababi nimada?

Ko‘rsatkichlar o‘sib, natija pasaygan
Jamoaning ikki mavsumdagi natijalarini solishtirish orqali yuqoridagi savolga javob topish mumkin. «Barselona» hujumkorligi bu mavsumda yanayam o‘sgan - joriy mavsumning 7 o‘yinida kataloniyaliklar o‘tgan mavsumning 7 turidagiga qaraganda ko‘proq zarba berishgan va bu zarbalarning ko‘proq qismi darvozaga aniq yetib borgan: o‘tgan mavsumdagi 105 zarba/53 aniq zarbaga qarshi bu mavsumdagi 124 zarba/60 aniq zarba. To‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi ham oshgan: 55,7 foizga qarshi 63,6 foiz. Demak, gap vaziyatlarning golga aylantirmayotganida - vaziyatlar yaratilmoqda, ammo hujumlar gol bilan yakunlanmayapti.

Messi va Suaresning jimligi

Ko‘k-anorranglilar jamoasining asosiy to‘purarlari bu mavsumda to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishmayapti. Bir yil muqaddam mavsumning bu vaqtida argentinalik hujumchi chempionat o‘yinlarida 11 gol urib ulgurgandi, jumladan, «Espanol» darvozasiga het-trik va «Eybar» darvozasiga poker. Hozir esa Messi atigi 5 gol urgan va uning hujumdagi faolligi keskin tushib ketgan. O‘tgan mavsumning bu davrida u 50ta zarba berib, shundan 25tasini darvoza tomon aniq yo‘llagan bo‘lsa, hozirgi ko‘rsatkichi 31/16. Odatda mavsumni qiyin boshlaydigan Suaresda ham ko‘rsatkichlar nisbatan pasaygan: O‘tgan mavsumda u 7 turning 4tasida maydonda bo‘lib, 2 gol urgandi. U o‘sha o‘yinlarda jami 13 zarba bergan, shundan 6tasi darvoza tomon aniq borgandi. Bu mavsumda esa 7 o‘yinda ham maydonga tushib, 3 gol urdi, 20ta zarba berdi, shundan 10tasi aniq.

Markazdagi balans

Boshqa tomondan Dembele va Koutino faollik qilmoqda. Ular birgalikda 5ta gol urishdi. Fransiyalik futbolchi o‘tgan mavsum boshida jarohat olgan va shu bo‘yi gol urmagandi. Messi, Suares, Dembele va Koutino bir vaqtda maydonda bo‘lganida jamoa 4 hujumchi bilan harakatlanayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.

Lekin jamoada Inestaning o‘rnini Artur to‘ldira olmagan, Koutino hujum tashkil qilishdan ko‘ra ko‘proq hujumni yakunlashga ixtisoslashgan, Denis Suares jarohatlar girdobida.

Shu muammolar tufayli maydon markazi va hujum chizig‘i o‘rtasidagi aloqa uzilib qolgan. Natijada, fransiyalik va braziliyalik vingerlar o‘zlarining individual mahoratlari evaziga xavfli vaziyatlar yaratishga urinishmoqda, ammo bu hamisha ham o‘xshamayapti. Suares esa aniq paslarsiz natija ko‘rsata olmayapti, chunki Messining o‘zi to‘pni ko‘p yo‘qotmoqda. Raqiblar argentinalik futbolchi uchun erkin harakatlanish hududini qoldirmaslikni o‘rganib olishgan, unga tobora kam imkon qoldirishmoqda.

Himoyadagi zaiflik
Bu o‘rinda gap personallar haqida, jamoviy o‘yin haqida emas. «Barselona» hozirda avvalgiga nisbatan kamroq to‘p yo‘qotmoqda (o‘rta92,8ga qarshi 84,6 marta), kamroq fol ishlatmoqda (10,6 martaga qarshi 9,1 marta) va himoyada yakkakurashlarda ustun kelmoqda (ikki mavsumda ham bu ko‘rsatkich 25 foizni tashkil etgan). Kataloniyaliklar darvozasiga kamroq zarbalar berilmoqda (lekin aniq zarbalar soni ko‘proq). O‘tgan mavsumda 65 zarba berilgan va shundan 15tasi aniq bo‘lgan. Joriy mavsumdagi 7 o‘yinda esa 48 zarba va shundan 24tasi aniq. Shunga qaramasdan, ko‘k-anorranglilar jamoasi avvalgiga nisbatan ko‘proq gol o‘tkazishgan.

Tezlikning va Pikega bo‘lgan ishonchning yo‘qolishi - hujumga chiqqan himoyachilarning ortga vaqtida qayta olmasligi va qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishi «Barselona» to‘plagan ochkolarda aks etib turibdi. O‘tgan mavsumda orqa chiziqda jamoani Maskerano va Yumtiti qutqarishardi. Endi esa argentinalik futbolchi jamoada emas, fransiyalik himoyachi jarohat tufayli safdan chiqqan.

Jamoaning yana bir zaif nuqtasi bor. Din ketgach, chap qanotda Albaga o‘rinbosar qolmadi. Unga dam berilganda, bu pozitsiyada goh Fermalen o‘ynamoqda. U «Leganes»ga qarshi o‘yinda o‘tkazilgan gollardan biri uchun yaqqol aybdor. Uning xatosi ortidan Pike to‘pni madridliklarga topshirib qo‘yib, ikkinchi gol o‘tkazildi. Jamoadoshlarining ishonchsiz o‘yini Ter Shtegenga ham ta'sir ko‘rsatmay qolmayapti.

Zaxiradagilarning samarasizligi
«Barselona»ning raqiblari bu mavsumda super o‘yin ko‘rsatib yuborishgani yo‘q, shunchaki o‘tgan mavsumda kataloniyaliklarda uzun zaxira o‘rindig‘i mavjud edi. Bundan foydalangan holda Valverde o‘yinlarda vaziyatni o‘zgartirib yubora olardi. Xususan, bir necha marta Paulino, Aleysh Vidal, Deulofeu va hatto Pako Alkaser zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, jamoani qutqargandi. 

Endi jamoaning zaxira o‘rindig‘i u qadar kuchli ko‘rinmayapti - Artur ham, Vidal ham, Rafinya ham o‘zlaridan kutilgan o‘yinni namoyish qila olishmayapti. Malkom haqida gapirishga hali erta, u jarohat tufayli Primera o‘yinlarida qatnasha olmayapti.

Hozircha kataloniyaliklarning zaxira o‘rindig‘i asosiy tarkibga raqobat qila olmas ekan, maydon markazida mustahkam chiziq hosil qilinmas ekan, jamoa chempionlikka erishishi qiyin bo‘ladi.

Mavzuga oid