Indzagi jarima maydonini betonladi

Inter — Arsenal 1:0
Gol: Chalxono‘g‘li (45+3, penalti). 
Inter – Zommer, Bissek, de Vrey, Pavar, Darmian, Dumfris, Zelinski (Mxitaryan, 62), Chalxono‘g‘li (Aslani, 71), Frattezi (Barella, 62), Martines (Tyuram, 62), Taremi (Dimarko, 79).
Arsenal – Rayya, Timber (Zinchenko, 82), Gabriel, Saliba, Uayt, Merino (Jyezus, 46), Parti, Martinelli, Saka, Haverts (Edegor, 90+3), Trossar (Nvaneri, 82).
Ogohlantirishlar: Gabriel (15), Martines (15), Jyezus (68), Barella (68). 

«Inter» va «Arsenal» Chempionlar ligasia yaxshi start olib, uch turda yettitadan ochko jamg‘ardi. Bu top-8 ga kirish uchun yaxshi imkoniyat. Ammo jamoalarni o‘zaro uchrashuv kutayotgandi.

Birinchi bo‘lim biroz g‘alati kechdi. Eng qiziqarli voqealar ilk va oxirgi daqiqalarda kuzatildi. Bo‘limning katta qismini esa «Inter» va «Arsenal» maydon markazidagi kurash bilan o‘tkazdi. Ikkinchi daqiqada Denzel Dumfris qulay imkoniyatni qo‘ldan chiqardi: niderlandiyalik himoyachi jarima maydoni markazida turib to‘pni darvoza to‘siniga qarata yo‘lladi.

Keyin esa «taktik o‘yinlar» boshlanib ketdi. Simone Indzagi ham, Mikel Arteta ham shogirdlaridan o‘z jarima maydonida vaziyatlar yaratilishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilishdi. Lekin bu jamoalar hujumga o‘tmaganini anglatmaydi. Mahdi Torimiy «Arsenal» darvozasi tomon xavf solib turdi, Bukayo Saka esa vaqti-vaqti bilan o‘ng qanotidan xavfli yorib kirishlarni amalga oshirdi. Ammo eng muhim epizod 45+1-daqiqaga borib ro‘y berdi.

Bo‘lim oxirida Hoqon Chalxono‘g‘lining uzatmasi jarima maydoni ichidagi Torimiyga yetib bordi. Eronlik hujumchi darvozaga orqa turgan holda to‘pni Mikel Merinoning qo‘liga tekkizdi. Hakam Ishtvan Kovach ikkilanmasdan «nuqta»ni ko‘rsatdi va Chalxono‘g‘li sovuqqonlik bilan zarba berib, hisobni ochdi – 1:0. Indzagi ikkinchi bo‘lim uchun qulay ssenariyga ega bo‘ldi. 

Ikkinchi bo‘limni «Arsenal» hujumlar yomg‘iri bilan boshladi: «Inter» hisobga o‘ynadi va o‘ta pragmatik harakatlandi. Burchak zarbasidan keyin Vilyam Salibada yaxshi imkoniyat bo‘ldi, ammo u to‘pga to‘g‘ri zarba bera olmadi. Keyin esa Dumfris darvoza to‘riga borayotgan to‘pni chiziq ustida qaytarib qoldi. Boshqa hujumda Kay Havers to‘pni darvozabon ustidan oshirib qo‘ymoqchi bo‘ldi, ammo Zommer to‘pga bir amallab ulgurdi. Germaniyalik hujumchining boshqa zarbasidan keyin darvozabon ojiz qolgandi, ammo himoyachi Yann Bissekk to‘p yo‘lini to‘sib chiqdi.