“Yo‘qolib qolgan” xitoylik aktrisa Fan Binbinga 70 mln dollar jarima solindi
Xitoy hukumati mamlakatning eng katta haq oluvchi aktrisalaridan biri Fan Binbin va uning kompaniyalariga soliq to‘lamagani va boshqa qonunbuzarliklar uchun 479 mln yuan (70 mln dollar) jarima soldi.
Avvalroq bir qator OAV aktrisa bir necha oy omma oldida ko‘rinmagani va uni huquq-tartibot idoralari hibsga olgan bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilingan. Biroq Xitoy soliq boshqarmasining ma'lum qilishicha, aktrisa yo‘l qo‘ygan qoidabuzarlik uchun faqatgina jarimaga tortilgan.
Jarimadan tashqari, aktrisa va uning manfaatlarini bildiruvchi firmalar 255 mln yuan miqdorida yashirilgan soliq va ushbu to‘lovlar kechiktirilgani uchun penya sifatida 33 mln yuan to‘lab berishlari kerak bo‘ladi. Aktrisaga daromadlarini yashirishga yordam bergan ikkita kompaniya esa 51 mln va 65 mln yuan miqdorida jarima to‘laydi.
Aktrisaga nisbatan tekshiruv u o‘z soliq to‘lovlarini kamaytirish maqsadida filmlar uchun ikki xil shartnoma tuzishi haqidagi ma'lumot paydo bo‘lgandan keyin boshlangan.
Tszyansu viloyati soliq boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, aktrisa “Egib bo‘lmas iroda” (Unbreakable Spirit, 2018) filmidagi roli uchun 30 mln yuan (4,4 mln dollar) miqdorida gonorar olgan. Biroq aktrisa ushbu summadan faqat 10 mlnidan soliq to‘lagan, qolgan summani esa soliq idoralaridan ikkinchi norasmiy shartnoma orqali yashirgan.
Agar aktrisa va tegishli kompaniyalar tegishli soliqlar, foizlar va jarimalarni muddatida to‘lamasa, ish sud idoralariga topshiriladi va ularga nisbatan jinoiy tergov olib boriladi.
Avvalroq Xitoy internetida bir qator katta haq oluvchi aktyorlar “in-yan” deb ataluvchi shartnomalar tuzishi haqida xabar paydo bo‘lgan. Unga ko‘ra, shartnomalardan birida ular oladigan haqiqiy gonorar, ikkinchisida esa kamaytirib ko‘rsatilgan gonorar ko‘rsatiladi. Gonorar summasi kamaytirib ko‘rsatilgan shartnoma soliq idoralariga topshirilib, daromadlarning bir qismini yashirishga imkon beradi.
Mavzuga oid
19:51 / 24.04.2023
O‘zbekiston eksportida Rossiya birinchi o‘ringa ko‘tarildi
15:51 / 24.04.2023
O‘zbekiston Xitoydan 2 mlrd dollarlik mahsulotlar sotib oldi
13:48 / 23.04.2023
Xitoyning Fransiyadagi elchisi Qrim statusi va sobiq SSSR davlatlari suverenitetini shubha ostiga oldi
11:25 / 21.04.2023