O‘zbekiston | 23:24 / 03.10.2018
64590
4 daqiqa o‘qiladi

Prokuror Zokir Rahimovga yigirma yil so‘radi – advokat prokurorni ishiga vijdonan yondashmaganlikda aybladi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudida Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan aybdor deb topilgan Zokir Rahimov ustidan mahkama jarayoni davom etmoqda. 3 oktabrga belgilangan eshituvlar ham tomonlar tarkibining o‘zgarishisiz bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ochiq sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

3 oktabr kuni mazkur sud ishida guvoh sifatida ishtirok etayotgan Bahodir Uzoqov, Hasanboy Satimov hamda Izbosarov Isomiddinlar videokonferentsaloqa vositasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan va Toshkent viloyatlari sudlari orqali guvohlik berishdi. Ular sudlanuvchi Z.Rahimov bilan qayerda ko‘rishgani, qanday qilib tanishganlari va ayblov xulosasida ilgari surilgan moddalardagi holatlarni sodir etgani yoki yo‘qligi borasida o‘z guvohliklarini berishdi. 

Shundan so‘ng, sud raisi F.Xalilov muzokaralar bosqichini boshlashdan avval, 3 jilddan iborat sud ishini yana bir bor tomonlarga eslatdi. Muzokaralar bosqichi avvalida advokat B.Abdullayev so‘z olib, “sudda ishtirok etayotgan tomonlar, ya'ni prokuror va advokatlar muzokaralar chog‘ida har bir ayblov bo‘yicha sud jarayonlarida ishtirok etgan guvohlar, sudlanuvchining ko‘rsatuvlaridan kelib chiqib, dalil-isbotlarga tayangan holda fikrlarini bildirsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, dedi. 

So‘ngra, sud majlisida ishtirok etayotgan prokuror Mirzayev o‘z xulosasini o‘qib eshittirib, dastlabki tergov jarayoni va ayblov xulosasi to‘g‘ri qo‘yilganini hisoblab, sudlanuvchiga ayblovni rasman e'lon qildi. 

Mirzayevning fikricha, Zokir Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari, 159-moddasi 4-qismi, 223-moddasi 2-qismi, “b”, “v” bandlari, 242-moddasi 2-qismi hamda 244-2-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdordir. Shunga binoan, Mirzayev Jinoyat kodeksining 59-moddasi bilan jinoiy jazolarni qisman qo‘shish yo‘li orqali sudlanuvchini 20 yilga umumiy tartibdagi koloniyada ozodlikdan mahrum etishni so‘radi. 

Mirzayevning ayblovi hamda muddat so‘rovidan so‘ng, advokat Esonov prokuror so‘zlariga munosabatini bildirdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining muhtaram davlat ayblovchilari uchun jinoyat ishlarida qatnashish bo‘yicha alohida ichki tartibdagi buyrug‘i bor. Jinoyat ishlarini ko‘rish paytida prokuror ishtirokiga doir Bosh prokuror buyrug‘ida aynan hamkasbim aytgan ko‘rsatmalar, ya'ni qatnashgan paytda ish holatlarining barchasiga sudda aniqlangan va tekshirilgan holatlar bo‘yicha baho berib, o‘shalar bo‘yicha ma'lum bir fikr aytish vazifasi topshirilgan. Bu biz o‘ylab topgan narsa emas, boshqa narsa emas, balki Bosh prokurorning buyrug‘i. Men 33 yildan beri ishlab kelyapman, hali biror marta davlat ayblovchilari o‘zining rahbari ko‘rsatmasiga vijdonan yondashib, ichki tuyg‘ularini tursin, jilla qursa ish materiallaridan xulosa qilganini ko‘rmadim”, - dedi sudlanuvchining advokati Qayum Esonov. 

Eslatib o‘tamiz, Kun.Uz sayti “O‘zbekiston24” telekanalida Davlat xavfsizlik xizmati ma'lumotlariga asosida tayyorlangan lavhada berilgan axborotlarga asoslanib, 1999 yilgi voqealardan keyin terrorchilikda ayblanayotgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Turkiyaning Istanbul shahrida qo‘lga olingan Zokir Rahimov O‘zbekistonga topshirilgandi. Kun.Uz sayti mazkur sud ishini kuzatishda davom etadi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid