Sport | 21:20 / 04.10.2018
23018
3 daqiqa o‘qiladi

Mojaroga o‘ralashib qolgan Ronaldu joriy yilda Portugaliya termasida o‘ynamaydi

Foto: Getty

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu terma jamoaning joriy yildagi o‘yinlarida ishtirok etmaydi. Futbolchi Polsha,Italiya va Shotlandiyaga qarshi o‘yinlarni o‘tkazib yuboradi. Bu haqda Associated Press va Sky News xabar tarqatgan.

Bu xabar futbolchi jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq mojaro girdobida qolgan vaqtda tarqaldi.

Ayni vaqtda 33 yoshda bo‘lgan futbolchi Portugaliya terma jamoasining sentabr oyida Xorvatiya va Italiyaga qarshi kechgan uchrashuvlarida ham qatnashmagandi. Bu uning yangi jamoasi «Yuventus»ga kirishib ketishi zarurati bilan izohlangandi.

Murabbiy uni 11 oktabr kuni Millatlar Ligasi doirasida Polshaga qarshi o‘yinga va 14 oktabr kuni Shotlandiyaga qarshi o‘tkaziladigan o‘rtoqlik uchrashuviga chaqirmagan. 

Portugaliya nashrlari xabariga ko‘ra, futbolchi 17 noyabr kuni Italiyaga qarshi va 20 noyabr kuni Polshaga qarshi javob o‘yinlarida ham Portugaliyaga yordam bera olmaydi. Shu tariqa, u 2018 yil davomida Portugaliya uchun boshqa o‘ynamaydi.

Portugal jurnalistlari futbolchining terma jamoaga chaqirilmasligini shu kunlarda Las-Vegasda unga qarshi boshlangan tekshiruvlar bilan bog‘lashmoqda. 

Sentyabr oyi oxirida amerikalik Ketrin Mayorgi Der Spiegel nashri orqali shov-shuvli chiqish qildi. Uning aytishicha, portugaliyalik futbolchi 2009 yili AQShga ta'tili vaqtida uni zo‘rlagan. Jurnalistlar ushbu qiz va futbolchi o‘rtasidagi kelishuv haqida yozishdi, unga ko‘ra, portugaliyalik yulduz qizga jim yurishi uchun 375 ming dollar to‘lagan. 

Ayni vaqtda Ronaldu bu ayblovni inkor etmoqda, uning advokatlari esa nashrni ma'naviy zarar uchun sudga bermoqchi.

Ketrin Mayorgining advokatlari esa matbuot anjumanida o‘z himoyalaridagi shaxs Ronaldudan ma'naviy zararni qoplash uchun 200 ming dollar talab qilayotganini ma'lum qilishgan. Futbolchida javob qaytarish uchun 20 kun muhlat bor.

Mavzuga oid