Jahon | 20:05 / 04.10.2018
12014
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya AQShni Gruziyada 73 kishining o‘limiga olib kelgan tajribalar o‘tkazishda aybladi

AQShning sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeldning kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan preparatning Gruziya fuqarolarida sinovdan o‘tkazilishi vaqtida o‘nlab odamlar o‘lgan. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligi bergan axborotga iqtibos keltirgan holda “RIA Novosti” axborot agentligi ma'lum qildi.   

Avvalroq Gruziyaning sobiq davlat xavfsizligi vaziri Igor Giorgadze AQSh prezidenti Donald Trampga Tbilisi yaqinidagi Richard Lugar nomidagi laboratoriya faoliyatini tergov qilish iltimosi bilan murojaat qilgan. Giorgadze 2015 yil dekabrda laboratoriyada gepatit S’dan davolanishdan keyin 30 kishi o‘lgani haqida ma'lumot keltirgan. 2016 yil apreli va avgustida shu sababga ko‘ra mos ravishda yana 30 va 13 kishi vafot etgan. Giorgadzening ta'kidlashicha, qog‘ozlarda ushbu odamlarning nomlari keltirilmay, ularga berilgan raqam, ularning tug‘ilgan sanasi va qaysi jinsga mansubligi haqidagi ma'lumot ko‘rsatilgan.  

Rossiya mudofaa vazirligida Giorgadzening tergovi natijalari o‘rganilib, laboratoriyada odamlar ustidan tajribalar o‘tkazilishi haqidagi xulosaga kelingan.

“Namoyish qilingan hujjatlardan tajribalar bemorlar o‘rtasida ommaviy o‘lim bilan tugaganini ko‘rish mumkin. 2015 yil dekabrining o‘zida 24 kishi o‘lganiga qaramay, tajribalar xalqaro standartlar buzilgan holda va bemorlarning istagiga qarshi davom ettirilgan. Bu esa yana 49 kishining o‘limiga olib kelgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Rossiya qurolli kuchlarining radiatsion, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillov.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid