21:32 / 05.10.2018
33190

AQShda mast qushlar hamma yerni “alg‘ov-dalg‘ov qilmoqda” 

Foto: CC0

AQShning Minnesota shtatidagi Gilbert shaharchasi aholisi pishib o‘tib ketgan mevalardan ko‘p miqdorda yeb, o‘zini mastdek tutayotgan qushlarning xatti-harakatidan shikoyat qilishdi. 

Ta'kidlanishicha, shaharda qushlar o‘zini g‘alati tutishi bilan bog‘liq holatlar ko‘paymoqda: ular o‘zini binolar oynalari, mashinalarga borib urmoqda va boshqa g‘alati harakatlar sodir etmoqda. Shu yuzasidan aholidan politsiyaga ko‘plab shikoyatlar tushgan. 

“Bu yerda o‘suvchi ba'zi rezavor mevalar erta sovuq sababli odatdagidan avval achiy boshlagan va bu o‘z navbatida bijg‘ish jarayonini tezlashtirgan. Ko‘rinishicha, ba'zi qushlar o‘zini mastdek tutmoqda”, deb aytilgan politsiya boshlig‘i Tay Techar bayonotida. Ta'kidlanishicha, qushlar o‘z harakatlarini bazo‘r boshqarmoqda, gohida esa ma'lum yo‘nalish bo‘ylab harakatlana olmayapti.

Oregon shtati universitetida ta'kidlanishicha, oktabr davomida achib ketgan mevalarni iste'mol qilgan qushlar o‘zini mastdek tutadi.   

Politsiya boshlig‘ining aytishicha, joriy yilda mast qushlar bilan bog‘liq vaziyat jiddiyroq tus olgan. Ko‘plab qushlar janubga uchib ketmagani sababli ular avvalgi yillardagidan ko‘proqdir. 

Politsiyada ta'kidlanishicha, qushlar bilan bog‘liq holda shoshilinch xizmatlarni chaqirishga hojat yo‘q, chunki qushlar yaqin orada hushyor tortadi.

Top