Yo‘lkira puliga qizini sotgan ayolga nisbatan hukm o‘qildi
G‘ijduvonlik Sh. Sunnatova (ism-familiyalar o‘zgartirildi) o‘zining olti yashar qizini 2 million 100 ming so‘mga sotayotgan paytda jinoyat ustida qo‘lga olindi.
— G‘ijduvon tuman xalq ta'limi bo‘limidan menga qo‘ng‘iroq qilishdi, — deydi suddagi ko‘rsatmasida jabrlanuvchi J. Boymirzayev. — Qizim A. Yorqulova bolalar uyiga topshirilgani, xohlasam o‘zimning qaramog‘imga olishim mumkinligini aytishdi. Shundan so‘ng men tezda harakatga tushdim, qizimni uyga olib keldim. Eshitdimki, sobiq xotinim qizim Azizani 2 million 100 ming so‘mga sotayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olingan ekan...
Jasur bilan Shohidaning nikoh to‘yi 2010 yilda bo‘lib o‘tadi, 2011 yilda esa, ular oilasida qizlari Aziza dunyoga keldi. O‘zaro kelishmovchiliklar sababli 2014 yilda Jasur bilan Shohida qonuniy tartibda ajrashishdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining qaroriga asosan J. Boymirzayev voyaga yetmagan farzandi Aziza uchun aliment puli to‘lay boshladi.
Shohida turmushi buzilgach, qizi bilan ota-onasinikida yashay boshlaydi. Ammo uning qadam olishi uydagilarga ma'qul tushmagach, yana kelishmovchilik kelib chiqadi. Oqibatda Shohida ota-onasining uyidan ham chiqib ketadi. Shundan so‘ng u qizi bilan G‘ijduvon tumanining turli manzillarida yashab yuradi. Qizini enagaga topshirib, o‘zi oshxonalarning birida ishlay boshlaydi. Shu orada xorijga chiqib, ishlab kelish haqida o‘ylay boshlaydi, ammo qizi Aziza qo‘l-oyog‘ini ipsiz bog‘lab turgani ayolga yoqmaydi.
Ana shunday kunlarning birida farzand ko‘rolmay, tirnoqqa zor bo‘lib yurgan Tolib Suyunovni uchratib qoladi. T. Suyunov Azizani ko‘rib, uni boqib olishga rozilik bildiradi va bola uchun qancha pul berishi kerakligini so‘raydi. Bunga javoban Shohida xorijga ishlashga borishi uchun yo‘lkiraga 250 AQSh dollari bersa, kifoya ekanini aytadi. U qizini Navoiy shahridagi Farhod madaniyat saroyining orqa tomonidagi boqqa olib kelib, unga topshirishini bildiradi.
O‘sha kuni Shohidaga Sh. Arziyev degan tanishi hamroh bo‘ldi. Ularni Tolib Suyunovning tanishi Nozima Nazarova kutib oladi. Shundan so‘ng Shohida bilan Nozima bir-birlariga Aziza Yorqulovani olganlik va topshirganlik haqida tilxat yozib berishdi. Shuningdek, Shohida N. Nazarovadan bolasi evaziga puli sifatida 2 million 100 ming so‘m olgani haqida ham tilxat yozib berdi. Shuningdek, u yana 250 AQSh dollari berishga rozilik bildiradi. Ishlar pishgandek edi go‘yo... Ammo voqea joyiga huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari yetib kelishdi. Shu tariqa Sh. Sunnatova o‘ziga moddiy, oilaviy jihatdan qaram va ojiz ahvolda bo‘lgan voyaga yetmagan farzandini sotayotgan vaqtda xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Sud sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi "a" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va Sh. Sunnatovani olti yil, Sh. Arziyevni esa, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.
Mavzuga oid
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
11:24 / 06.11.2024
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
15:04 / 03.11.2024