O‘zbekiston | 19:45 / 05.10.2018
34599
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi sanasi ma'lum qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan joriy yil 8-9 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ladi. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif davomida davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar, Fransiya parlamenti rahbariyati, yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Oliy darajadagi O‘zbekiston –  Fransiya muzokaralari kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va moliyaviy sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, turli tarmoqlarda investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashuvlarni faollashtirish masalalari o‘rin olgan.

Uchrashuv va muzokaralar yakunida 10dan ortiq hukumatlararo va idoralararo, jumladan, iqtisodiyot va moliya, transport, turizm, ekologiya, madaniyat va san'at sohalarida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, tashqi siyosat mahkamalari  o‘rtasidagi hamkorlik dasturi va boshqa hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, davlat rahbari BMTning Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashadi. Unda O‘zbekiston va YuNeSKO o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollari muhokama etiladi hamda 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma Harakatlar rejasi qabul qilinadi.

Mavzuga oid