Sport | 20:30 / 07.10.2018
6582
2 daqiqa o‘qiladi

«Chelsi» birinchi o‘ringa chiqib oldi

Londonning «Chelsi» klubi Angliya Premer-ligasining 8-turida «Sauthempton» ustidan g‘alabaga erishdi. Sauthemptondagi «Sent-Meri» stadionida kechgan uchrashuv mehmonlar jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yindagi birinchi gol muallifi Eden Azar bo‘ldi, u 30-daqiqada Ross Barklining pasini golga aylantirdi. Bu Barkli uchun London jamoasida ilk bor golli uzatma muallifi bo‘lishi edi. Ikkinchi bo‘lim boshida Barkli Olive Jiruning uzatmasini golga aylantirdi. Bu uning London klubidagi ilk goli bo‘ldi. O‘yin oxirida Alvaro Morata Azarning pasidan unumli foydalanib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.

Bu natija evaziga «Chelsi» Premer-liganing joriy mavsumida mag‘lubiyatsiz seriyasini 8 o‘yinga yetkazdi. Bungacha Mauritsio Sarri jamoasi 5 o‘yinda g‘alaba qozonib, 2 o‘yinda durang o‘ynagandi.

Ayni vaqtda «Chelsi» ochkolari sonini 20taga yetkazib, Premer-liga turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqib oldi, «Sauthempton» 5 ochkosi bilan 16-o‘rinda qoldi.

Turning markaziy uchrashuvi Liverpulda «Liverpul» va «Manchester Siti» o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Bu o‘yin natijasiga ko‘ra «Chelsi» yana birinchi o‘rindan tushib ketishi mumkin - har ikki jamoada ham 19tadan ochko mavjud.

Angliya chempionati
8-tur
Sauthempton – Chelsi 0:3
(0:1, 0:2)
Gollar: 0:1 – 30 Azar, 0:2 – 57 Barkli, 0:3 – 90 Morata.
Sauthempton – Makkarti, Xudt, Yosida, Bertran, Bednarek (Romeu, 46), Lemina, Xeyberg, Redmond, Soaresh, Gabbyadini (Long, 78), Ingz.
Chelsi – Arrisabalaga, David Luiz, Alonso, Aspilikueta, Ryudiger, Barkli (Kovachich, 81), Jorjino, Villian (Pedro, 75), Kante, Azar, Jiru (Morata, 68).
Ogohlantirishlar: Bertran (45), Lemina (54), Soaresh (59), Romeu (61), Xeyberg (66), Ingz (90).

Mavzuga oid