Paraosiyo o‘yinlarining 3-kunida 10 ta medal olgan O‘zbekiston 3-o‘rnini saqlab qoldi
Indoneziyada III Paraosiyo o‘yinlarining 3-kuni yakuniga yetdi. 9 oktabrda O‘zbekiston vakillari sportning yengil atletika, suzish va dzyudo kabi turlarida 5 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza - jami 10 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Bugungi musobaqalarda quyidagi o‘zbekistonlik sportchilar shohsupaga ko‘tarilishdi.
Yengil atletika:
Elbek Sultonov – oltin
Doniyor Ahmedov – oltin
Suzish:
Dmitriy Xorlin – oltin
Fotima Omilova – oltin
Shohsanam Toshpo‘latova – kumush
Firdavsbek Musabekov – kumush
Dzyudo:
Nurbek Mirzayev – oltin
Feruz Saidov – kumush
Nafisa Sheripbayeva – kumush
Parvina Samandarova – bronza
Yengil atletikada chempion bo‘lgan har ikkala o‘zbekistonlik atlet ham o‘z yo‘nalishida Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangiladi. Elbek Sultonov yadro uloqtirishda, Mansur Abdurashidov 100 metr masofaga yugurishda uchinchi marta tashkil etilayotgan musobaqa tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi.
Bugun, shuningdek, 200 metr masofaga kompleks usulda suzish bo‘yicha musobaqalarda Fotima Omilova jahon rekordini o‘rnatdi. U kecha 100 metrga erkin usulda suzish bahslarida ham oltin medal olgan va Paraosiyo o‘yinlaridagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan edi. Omilova 400 metrga suzishda bronza medalini ham qo‘lga kiritgan edi.
Dmitriy Xorlin ham mana uchinchi kundirki, musobaqalarni medalsiz tark etmayapti. U 7 oktabr kuni 400 m masofaga suzishda oltin medal olish bilan birga Osiyo rekordini o‘rnatgan edi. Dmitriy 8 oktabrda 100 m masofaga erkin usulda suzishda bronza medali sohibi bo‘ldi. Bugun esa 200 metrga suzishda chempion bo‘lib, qit'a rekordini yangiladi.
Umuman, suzishda Shohsanam Toshpo‘latova, Dmitriy Xorlin va Fotima Omilova uch kundan buyon shohsupadan tushmay kelmoqda.
Qayd etish o‘rinliki, O‘zbekiston delegatsiyasining jami 31 ta medalidan 13 tasi suzish, 10 tasi yengil atletika bahslariga to‘g‘ri keladi. Dzyudo vakillari 7 ta medal keltirgan bo‘lsa, pauerliftingda 1 ta oltin qo‘lga kiritilgan.
Uchinchi kundan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi 18 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza – jami 31 ta medal bilan sovrinlar sifati bo‘yicha umumjamoa reytingidagi 3-o‘rinni saqlab qoldi. Ammo eng yaqin ta'qibchi Yaponiya bugungi bahslarda 7 ta oltin jamg‘arib, oradagi farqni ancha qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.
Mavzuga oid
09:59 / 26.10.2023
Bobur Omonov Paraosiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatib oltin medalga sazovor bo‘ldi, veloshosseda bronza
09:51 / 23.10.2023
Paraosiyo o‘yinlari. O‘zbekiston birinchi kunni 3ta oltin medal bilan boshladi
14:00 / 06.05.2022
2022 yilgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari noma’lum muddatga qoldirildi
01:38 / 21.12.2018