O‘zbekiston | 23:00 / 10.10.2018
30488
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda o‘qituvchilarni paxta terimiga majburiy jalb qilgan mutasaddilarga chora ko‘rildi

6 oktabr kuni «Kun.uz»ga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidan majburiy mehnat masalasi bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Unda tuman xalq ta'limi mudirasi bir necha maktab o‘qituvchilarini paxta terishga majbur qilayotgani aytilgandi. 

Tahririyat ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan Bosh prokuratura matbuot xizmatiga bog‘landi. Tegishli bo‘limlar tomonidan ma'lumot tekshirildi va rostdan ham shunday holat yuz berayotgani aniqlandi. 

Kegeyli tuman prokuraturasi tomonidan ushbu ishda javobgar bo‘lganlar - tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari K.Bekimbetov va xalq ta'limi tuman bo‘limi mudirasi A.Allaniyazovaga tegishli jazo berildi. Ularga ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan eng kam ish haqining 3 barobari miqdorida (552 ming 900 so‘m) ma'muriy jarima qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, agar shunday holatlar yuzaga kelsa, birinchi navbatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman inspeksiyalariga murojaat qiling. Ayni damda vazirlikning +998712000600 raqami ishlab turibdi. 

Bundan tashqari, Bosh prokuratura ham mazkur masala bilan jiddiy shug‘ullanishga harakat qilmoqda. Ushbu muassasaga ham 1007 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali muammoni tushuntirish mumkin. Shuningdek, Kasaba uyushmalarining 1092 raqamiga ham bog‘lanish mumkin. Shu bilan birgalikda, «Kun.uz» tahririyati ham shunday vaziyatlarda hamkorlik qilishga tayyor.

Зафар Солижонов
Tayyorlagan Зафар Солижонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid