Jahon | 22:57 / 11.10.2018
17021
2 daqiqa o‘qiladi

Afrikaning eng yosh milliarderi o‘g‘irlab ketildi

Foto: mohammeddewji.com

Tanzaniyada noma'lum kishilar 43 yoshli siyosatchi va bisnesmen, Afrikaning eng yosh milliarderi deb e'tirof etiluvchi Muhammad Dyujini o‘g‘irlab ketishdi. Bu haqda mamlakatning eng yirik shahri Dar-as-Salom politsiyasi ma'lum qilgan.  

Ta'kidlanishicha, Dyujiga 11 oktabrda ertalab  Oyster Bay tumanidagi Colosseym fitnes-klubiga mashg‘ulotga kelayotganda hujum qilishgan. Shunisi ma'lumki, jinoyatchilar ertaroq kelib, milliarderni kutib o‘tirishgan.

Guvohlarning aytishicha, ikki nafar oq tanli erkak Dyujini Toyota Surf markasidagi yo‘ltanlamasga tiqib, noma'lum yo‘nalishda olib ketgan. Bosqinchilar guvohlarni cho‘chitish uchun havoga o‘q uzishgan.

Ma'lum qilinishicha, shu sababli mahalliy politsiya barcha aeroportlar va shahardan chiqish joylarini to‘sib qo‘ygan. Milliarderni o‘g‘irlash gumoni bilan 3 kishi hibsga olingan, ularni jinoyatni sodir etishga undagan sabab noma'lum bo‘lib qolgan. 

Dyuji Tanzaniyaning to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati korxonalarini birlashtiruvchi METL kompaniyasiga egalik qiladi. 

Forbes jurnali 2018 yil fevral holatiga ko‘ra, biznesmenning boyligini 1,5 mlrd dollarga baholagan. U Afrikaning eng badavlat odamlari ro‘yxatida 17-o‘rinni egallaydi va “qora” qit'adagi eng yosh milliarder hisoblanadi.

Mavzuga oid