Jamiyat | 11:40 / 12.10.2018
19617
5 daqiqa o‘qiladi

Yakkasaroydagi boshboshdoqlik. Tasdiqlanmagan loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlashga kim ruxsat bergan? 

Ko‘changizda yangi bino va inshoot qad ko‘tarsa, albatta quvonasiz. Boisi obod va va ko‘rkam shahar tobora o‘zgacha qiyofada chiroy ochib boraveradi. Xususan, poytaxt Toshkentda mazkur voqelik bugun yangilik emas. Kundan-kunga yangi binolar qad ko‘tarmoqda va qurilishlar davom etmoqda. Biroq masalaning yana bir nozik jihati borki, qad ko‘tarayotgan bino va inshootlar fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lishi, ularning huquqlari poymol bo‘lishi ham mumkin.

«Kun.uz» saytiga Yakkasaroy tumani, «Boshliq» mavzesi 3- va 1-uylarda istiqomat qiluvchi kishilardan murojaat kelib tushdi. Unga ko‘ra, 3-uy oldida «Life Bussines» MChJ tomonidan sog‘lomlashtirish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish hamda ofis xizmatiga mo‘ljallangan 6 qavatli bino qurilishi boshlamoqchiligi, bundan esa aholi norozi ekani bayon etilgan. Sayt ijodiy guruhi murojaatni o‘rganish uchun ushbu hududga yo‘l oldi. Tasodifni qarangki, ayni masala yuzasidan Yakkasaroy tumanining sobiq hokimi, endilikda Chilonzor tumani hokimiga aylangan Sarvar Mahametov aholi bilan muloqot qilayotgan ekan.

Hududda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi. Endi masalaning huquqiy jihatiga to‘xtalib o‘tsak. «Life Bussines» MChJning Yakkasaroy tumani hokimligiga qilgan murojaati asosida tuman hokimining 2018 yil 28 iyun sanasidagi 567-sonli qarori bilan «Boshliq» mavzesi, 3-uy oldidan 10 sotix yer maydoni sog‘lomlashtirish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish va ofis xizmatiga mo‘ljallangan 6 qavatli bino qurilishi uchun ajratiladi. Shundan so‘ng, ushbu hududga loyiha ishlab chiqiladi. Biroq 3-uy aholisi bundan noroziligicha qoladi. 

Aholining e'tirozi haqli. Biz mazkur murojaat yuzasidan Yakkasaroy tumani hokimligiga yuzlandik. Ular loyihaga tegishli hujjatlardan taqdim etishdi. Ya'ni, tuman hokimining qarori, tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastrining hujjatlari, davlat ekologik ekspertizasi xulosasi, davlat muassasalari tasdiqlamagan loyiha. Shuningdek, «Boshliq» mahalla fuqarolar yig‘inining yig‘ilish bayonnomasi. Biroq bayonnoma qachon bo‘lgani va qachon ro‘yxatga olingani ko‘rsatilmagan. Boz ustiga, «Boshliq» mahalla fuqarolar yig‘ini majlisida nega 3-uyning uyboshisi yoxud ushbu uy faollari ishtirok etmayapti? Axir yangi qad ko‘tarajak bino aynan 3-uyning oldida quriladi-ku?

Youtube'da ko‘rish

 Facebook'da ko‘rish

Biz loyihani amalga oshiruvchi «Life Bussines» MChJ vakillaridan Toshkent shahar davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasining ruxsatnomasi hamda shaharsozlik normalari va qoidalari bo‘yicha «ToshshaharLITI»ning xulosasini so‘raganimizda, hujjatlar mavjudligi, lekin boshqa joydaligini aytishdi. Qolaversa, murojaatni o‘rganish asnosida «Boshliq» mavzesida istiqomat qiluvchi aholi vakillaridan birining Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasiga yozgan murojaatiga yo‘llangan javob xati ham e'tiborimizni tortdi. Unga ko‘ra, «Life Bussines» MChJ tomonidan loyiha hujjatlari boshqarmasiga taqdim etilmagani ma'lum qilinmoqda.

Xullas, bir so‘z bilan aytganda, Yakkasaroy tuman hokimligi ham «Life Bussines» MChJ vakillari ham qurilish loyihasiga tegishli bo‘lgan hujjatlarni to‘liq taqdim eta olmadi. 

Ta'kidlash kerakki, mazkur aholi noroziligini keltirib chiqargan qurilish loyihasi «Zamonaviy mahalla guzari» qurish ortidan kelib chiqqan. Ya'ni, «Life Bussines» MChJ «Boshliq» mahalla fuqarolar yig‘iniga 19-a uy manzilidagi mavjud binolarni buzib, o‘rniga zamonaviy mahalla guzari bunyod etish evaziga rag‘batlantirilmoqda.

Masala chigal. Masalaga yechim kerak. Umid qilamizki, Yakkasaroy tumanining sobiq hokimi, hozirda Chilonzor tumani hokimi lavozimiga o‘tkazilgan Sarvar Mahametovning qarori ortidan kelib chiqqan muammoga yangi tayinlangan hokim Baxtiyor Shomurodov yechim topadi.

Xurshid Daliyev
Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid