Sport | 20:14 / 12.10.2018
43810
4 daqiqa o‘qiladi

Paraosiyo o‘yinlari. O‘zbekiston 77 ta medal bilan o‘z ishtirokini yakunladi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Indoneziyada davom etayotgan Paraosiyo o‘yinlarining oxirgi kun bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan 10 nafar sportchi shohsupaga ko‘tarildi. Sovrindorlar sportning ikki turida – yengil atletika va suzish bahslarida beshtadan medalni umumiy jamg‘armaga qo‘shib qo‘yishdi.

Yengil atletika
Uzunlikka sakrash bahslarida Asila Mirzayorova bronza medal sohibasi bo‘ldi. 19 yoshli atlet ikkinchi o‘rinni olgan yaponiyalik sportchidan 1 sm.ga ortda qoldi.

Disk uloqtirishda Elbek Sultonov bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, u avvalroq yadro uloqtirishda oltin olishning uddasidan chiqqan edi.

1500 metrga yugurish bahslarida Ma'rufjon Murodillayev barcha raqiblarini ortda qoldirib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. U to‘rt yil avval Incheonda o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlarida ham shu yo‘nalishda g‘olib chiqqan edi.

Kechga yaqin uzunlikka sakrashda yana bir medal qo‘lga kiritildi. Bu safar Sabina Suxanova musobaqadagi ilk kumush medaliga erishdi. O‘tgan kunlar davomida u 3 karra bronza medal sohibasi bo‘lgan edi.

Yengil atletikada O‘zbekiston uchun kunning so‘nggi medali Fahriddin Hamroyevga nasib etdi. U 5000 metrga yugurishda marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi va delegatsiya jamg‘armasini yana bir kumush medal bilan boyitdi.

Suzish
50 metrga erkin usulda suzish bahslarida ikkita oltin medal qo‘lga kiritildi: S12 yo‘nalishida Dmitriy Xorlin, S13da Islom Aslanov chempionlikka erishdi. Shuningdek, S13 yo‘nalishida Aslanovdan keyin marraga yetib kelgan Muzaffar Tursunxo‘jayev kumush medal bilan taqdirlandi.

Bugun Xorlin ham, Aslanov ham musobaqada 5-marta sovrindor safidan joy oldi.

Ayollar o‘rtasidagi musobaqalarning yaqqol favoritlari – Fotima Omilova va Shohsanamxon Toshpo‘latova bugun ham shohsupadan joy olishdi. 50 metrga erkin usulda suzishda Omilova oltin, Toshpo‘latova kumush medalni o‘ziniki qildi.

E'tiborlisi, Shohsanamxon va Fotima musobaqada o‘zlari ishtirok etgan 7 ta yo‘nalishdagi bahslarning barchasida sovrindorlar safidan joy olishdi. Bu ikki atlet birgalikda 7 ta oltin, 6 ta kumush, 1 ta bronza bilan umumiy jamg‘armaga salmoqli hissa qo‘shdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqaning 6-kunida 4 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza qo‘lga kiritib, jami medallar sonini 77 taga yetkazdi. Bu sovrinlarning qariyb yarmi eng yuqori qiymatga ega: 35 ta oltin, 24 ta kumush va 18 ta bronza. Bu natija bilan O‘zbekiston turnirni, agar ertangi kungi bahslarda Indoneziya yuqori mahsuldorlik qayd etmasa, xuddi Osiyo o‘yinlarida bo‘lgani kabi, 5-o‘rin bilan yakunlaydi.

Ertaga, 13 oktabrda to‘rtta sport turida musobaqalar yakunlangach, uchinchi marta tashkil etilgan Paraosiyo o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid