O‘zbekiston | 19:17 / 12.10.2018
24447
5 daqiqa o‘qiladi

Zokir Rahimov ishi: advokatlar sudlanuvchiga nisbatan ilgari surilgan ayrim ayblovlar isbotlanmagan, deb hisoblamoqda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudida qator og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Zokir Rahimov ishi ustidan sud eshituvlarida ishtirok etayotgan himoya tomoni Rahimovga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarning ayrimlari o‘z isbotini topmagan, deb hisoblamoqda. 2018 yil 10 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan mahkama jarayonida advokatlar Qayum Esonov hamda Bahrom Abdullayev muzokara so‘zlarida shunday fikrlarni bildirishdi. Ochiq sud majlisini bevosita kuzatayotgan Kun.Uz muxbiri shu haqda xabar qilmoqda.

Xususan, advokat Qayum Esonovning fikricha, “ushbu jinoyat ishi materiallarida sudlanuvchi Z.Rahimov JKning 155-moddasida ko‘rsatilgan «terrorizm», 159-moddada ko‘rsatilgan «O‘zRning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish», 242-moddasida qayd qilingan «jinoiy uyushma tashkil etish» kabi jinoyatlarni sodir etganligi hamda shu qilmishning jinoiy oqibatlar bilan bog‘liqligini isbotlovchi biror bir dalil mavjud emas”. Esonovga ko‘ra, “Zokir Rahimov tomonidan bunday qilmishlar umuman sodir etilmagan va qilmishga sababiy bog‘laydigan ijtimoiy xavfli oqibatning o‘zi ham yo‘q”.

Zokir Rahimov

“Qolaversa, unga nisbatan ayblovlarning ayrimlari, xususan, ushbu jinoyat ishi materiallarida Z.Rahimovni O‘zR JK 155-modda, 159-modda, 242-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlar sodir etganini isbotlovchi dalil, deb olinishi mumkin bo‘lgan biror bir ma'lumot mavjud emas”, - deb hisoblamoqda advokat Esonov. - Vaholanki, “O‘zR JPKning 81-moddasiga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha dalil deb hisoblanadigan ma'lumotlar «guvohning, jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasvir va fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlar»dan iborat bo‘lishi ko‘rsatilgan”.

Mavzuga doir: Prokuror Zokir Rahimovga yigirma yil so‘radi – advokat prokurorni ishiga vijdonan yondashmaganlikda aybladi 
Prokuror Zokir Rahimovga yigirma yil so‘radi – advokat prokurorni ishiga vijdonan yondashmaganlikda aybladi

Navoiyda terrorchilikda ayblanayotgan Zokir Rahimov ustidan sud eshituvlari davom etmoqda

Bundan tashqari, himoya tomonining fikricha, sudlanuvchi Z.Rahimovning sud majlislarida bergan ko‘rsatmalari haqiqiyligini qator hujjatlar isbotlaydi. 

Jumladan, “MXX (hozirgi DXX) Navoiy viloyat boshqarmasi tezkor bo‘linmasi boshlig‘ining 2009 yil 12 oktabrdagi № 5/6560-sonli xati, 2012 yil 19 martdagi № 37-sonli, 2013 yil 18 oktabrdagi №5/7282-sonli, 2014 yil 16 maydagi 5/5274- sonli xatlarida «Rahimov Zokir Zaripovich 2002 yilda TIH (Turkiston Islom harakati) tarkibidan chiqib ketib, Eron Islom Respublikasi Mashhad shahrida oilasi bilan yashab kelib, tijorat ishlari bilan shug‘ullanishi» ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, Z.Rahimov BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligida 2004 yil 13 avgust kuni «qochoq» maqomini olgan. 

Navoiy viloyat sud tibbiy ekspertizasining 2018 yil 14 iyundagi № 880/56-sonli xulosasida sudlanuvchi «Rahimov Zokirni sud tibbiy ekspertizadan o‘tkazish vaqtida aynan o‘qotar qurol turi va xususiyatlarini aks ettirish xarakterida bo‘lgan hamda portlatish qurilmalari, portlatuvchi qurilmalar ishga tushirilgandan so‘ng hosil bo‘ladigan jarohatlar izi aniqlanmadi» deb ko‘rsatilgan. 

Shuningdek, Eron Islom Respublikasi Mashhad shahrida yashovchi tadbirkor Mahdi Rahimzade Afshar Z.Rahimovni 2004 yildan beri tanishini, u xam tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi va uning tadbirkorlikda sherigi hisoblanishi bildirilgan va uch nafar xolis shaxs imzolagan maktubni MXX Navoiy viloyat boshqarmasi nomiga yozgan”.

Advokat Esonov muzokara so‘zi davomida Z.Rahimovning harakatlari tergov organi tomonidan qanchalik to‘gri malakalanganligiga ham huquqiy baho berib, sudlanuvchi Z.Rahimovga nisbatan ilgari surilgan ayblov xulosasidan O‘zR JK 155-modda, 3-qism «a,b» bandlari, 159-modda 4-qismi hamda 242-modda 2-qismi bo‘yicha ayblovlarni chiqarib tashlashni so‘radi. 

Eslatib o‘tamiz, 1999 yilgi voqealardan keyin terrorchilikda ayblanayotgan Zokir Rahimov ustidan bo‘lib o‘tayotgan sud eshituvlari kuzatib borilmoqda. Turkiyaning Istanbul shahrida qo‘lga olingan Rahimov shu yil O‘zbekistonga topshirilgan edi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid