Sport | 22:47 / 13.10.2018
18473
7 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper: «Xursandligimning sababi natija emas, o‘yinimizdagi o‘sish»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, KXDRga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ilk g‘alabasini qo‘lga kiritgan argentinalik mutaxassis Ektor Kuper o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

«G‘alaba qozonish doim yoqimli. Shuning uchun ham juda mamnunman. Xursandligimning sababi – natija emas, jamoa o‘yinining ancha yaxshilangani. Chunki, masalan, Eronga qarshi kechgan o‘yin bilan solishtirsak, o‘sha bahsdagi xatolarimizni bugun deyarli takrorlamadik, deya olamiz. Bu asosan taktik jihatda ko‘rinadi. Futbolchilar pozitsiya tanlashda juda yaxshi harakat qilishdi. Eron bilan o‘yindagi xatolarni ko‘rmadik.

Bundan tashqari, Eron bilan bahsda pressingda hamma o‘yinchilar ham qatnashmayotgan edi. Bugun esa barcha birdek pressing qo‘llashda ishtirok etdi. Bu juda katta yaxshi o‘zgarish, deb hisoblayman.

O‘yinchilar himoyada tartib bilan harakat qilishdi. To‘g‘ri, raqib ko‘p ham hujum uyushtirmagan bo‘lishi mumkin, ammo himoyada o‘sish ko‘rindi. Yarim himoyadan hujumga o‘tishda yaxshi harakat qildik, lekin baribir hujum chizig‘imizda muammolarimiz bor. Juda ko‘plab vaziyatlar bo‘ldi. O‘yinchilarda sovuqqonlik yetishmagandek, chunki vaziyatlarni golga aylantira olmadik.

Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, shogirdlarim oldingi ikkita uchrashuvdagidan ancha yaxshiroq harakat qilganidan juda mamnunman», - deya ta'kidlab o‘tdi Kuper matbuot anjumani boshida.

- Ikrom Aliboyev bunga qadar chap qanotda vinger sifatida o‘ynamagan. Osiyo o‘yinlarida markazda to‘p surgan edi. Ikromda bu qanot vingeri sifatida nimadir ko‘rdingizmi yoki unga tarkibdan joy topib berish kerakligi uchun shunday yo‘l tutdingizmi?

- To‘g‘ri ta'kidladingiz, Ikrom Aliboyev oldingi jamoasida ham doim markazda harakat qilgan. Uni birinchi marta chap qanot yarimhimoyasida sinab ko‘rdik. Bu o‘yinchining chap qanot yarim himoyachida o‘ynashga qodirligini ko‘rdim, u juda tezkor o‘yinchi. Shu boisdan uni sinab ko‘rishga qaror qildim. Uning harakatlaridan to‘liq qoniqish hosil qildim, deb ayta olaman.

O‘yinchilar yoshlar termasidan milliy jamoaga o‘tganida psixologik jihatdan ham qiyinchilik bo‘ladi. Bu jamoalar darajasi bir xil emas. O‘yinchi ana shu to‘siqni yengib o‘tishi kerak. Umuman qilib aytsam, menga Ikrom Aliboyevning o‘yini yoqdi.

- 6 oyga Jaloliddin Masharipovning o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushishi OFK tomonidan taqiqlandi. Bu uning Osiyo kubogiga olib ketilishi ehtimolini qanchalik pasaytirdi? Yoki unda hali ham imkoniyat bormi?

- To‘g‘ri, o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnasha olmaydi. Ammo men uni klubdagi faoliyatini kuzatib boraman. Hattoki noyabrdagi yig‘inga ham chaqirishim mumkin. O‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushmasa ham, terma jamoa bazasiga borib, mashg‘ulot o‘tashi mumkin. O‘yinchining terma jamoaga kirishib ketishida muhitni his etish ham katta ahamiyat kasb etadi.

Masharipov – juda yaxshi darajadagi o‘yinchi. Shuning uchun, o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘ynay olmaydi, deb tashlab qo‘ya olmaymiz. U barcha bilan teng ravishda Osiyo kubogida qatnashish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega.

- O‘yinda Nagayev jarohat oldi. Bu sizning futbolchilarga yuqori jismoniy yuklama berayotganingiz oqibati emasmi?

- Nagayevning jarohatini terma jamoadagi yuklamalarning ko‘pligi bilan bog‘lamagan bo‘lardim. O‘yinchining jarohat olishi doim murabbiy uchun yoqimsiz holat bo‘lgan. Futbolchini klubiga sog‘-salomat jo‘natish kerak. Terma jamoada keragidan ortiq yuklama yo‘q. Hammasi me'yorida.

O‘yinchilar klublaridan jismoniy jihatdan tayyor holatda yetib kelishgan. Biz hech qanaqasiga ularning jismoniy holatini yaxshilashga harakat qilmaymiz. Ular bu ish bilan asosan o‘z klublarida shug‘ullanishadi. Dekabr oyida futbolchilar uzoqroq muddat ixtiyorimiz bo‘lgan payt bundan mustasno.

Ivanning jarohati haqida gapiradigan bo‘lsam, u raqib bilan havodagi to‘qnashuvda oyog‘ini biroz shikastlab oldi. Bu oddiy holat, jiddiy emas. U bilan gaplashdim, holati yaxshi.

- O‘yindan oldin terma jamoa hujumkor o‘yin ko‘rsatmasligini ta'kidlagan edingiz. Amalda esa aksincha bo‘ldi. Bu raqibni chalg‘itishmi yoki o‘yindan kelib chiqib tanlangan taktika?

- Jamoa o‘yinini hujumkor yoki himoyaviy deb ajratishni xohlamagan bo‘lardim. Eron bilan o‘yinda himoyaviy o‘ynashimizga nima sabab bo‘lgandi? Sababi – biz pressing uyushtirganimizda oldingi chiziqlardagi futbolchilar bunga qo‘shilishmadi, natijada biz himoyada ko‘proq o‘ynashga majbur bo‘ldik. Oldingi chiziq vakillarining xatosi tufayli orqaroqdagi o‘yinchilar ko‘proq o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.

Bugungi o‘yinda esa, e'tibor bergan bo‘lsangiz, to‘pni raqibdan maydon markazida va hujum chiziqlarining o‘zidayoq qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldik. Bu bizga ko‘proq hujumga chiqish imkoniyatini yaratdi. Futbolchilar pozitsion jihatdan yaxshi joylashishdi. Jamoa himoyalanayotgan vaqtda yaxshi, tartibli harakat qilsa, bu qanot futbolchilariga ham hujumlarga ko‘proq qo‘shilish imkonini beradi.

Shu boisdan ham men o‘yinni hujumkor yoki himoyaviy deb atamayman. Men tartibli o‘yin tuzishga harakat qilaman. Murabbiy talabining qanchalik bajarilayotganiga qarab o‘yinimizga hujumkor yoki himoyaviy deb baho berish mumkin. Shuning uchun kecha bildirgan fikrimni raqiblarni chalg‘itish uchun, deb tushunmaslik kerak. Hammasi vaziyatdan kelib chiqqan holda yuz beradi.

Mavzuga oid