Sport | 21:40 / 14.10.2018
12684
2 daqiqa o‘qiladi

Olga Zabelinskaya O‘zbekiston uchun dastlabki oltin medalini taqdim etdi

Fransiyada professional velosportchilar o‘rtasida «Chrono des Nations» xalqaro turniri bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Olga Zabelinskaya ham ishtirok etdi.

26,5 kilometr masofaga o‘tkazilgan poygada Zabelinskaya barcha raqiblarini ortda qoldirgan va marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan va O‘zbekiston jamoasiga ilk oltin medalni olib bergan. U 35 daqiqa 54 soniya (o‘rtacha tezlik 45 km/soat) natija qayd etgan holda oltin medalga ega chiqqan. Undan keyingi o‘rinni 12 soniya ortda qolgan daniyalik Emma Yorgensen, uchinchi o‘rinni 35 soniya kech qolgan fransiyalik sportchi Oudri Kordon-Ragot egallagan.

Zabelinskaya har yili o‘tkaziladigan ushbu musobaqada to‘rtinchi marta ishtirok etmoqda va birinchi marta poygada g‘olib bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning avgustida 38 yoshli rossiyalik velopoygachi Olga Zabelinskaya O‘zbekiston terma jamoasiga rasman o‘tgani haqida e'lon qilgandi. 

U avgust oyi oxirida Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston nomidan ishtirok etmoqchi bo‘lgandi, ammo unga turnirda qatnashish uchun ruxsat berilmadi.

Shosse velopoygasi bo‘yicha 2012 yilgi London Olimpiadasida ikkita bronza, 2016 yilgi Rio-de-Janeyro Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan tajribali sportchi bilan Tokiodagi Olimpiya o‘yinlariga qadar (2020 yil) shartnoma tuzilgan.

Mavzuga oid