Elektr simi bilan baliq tutuvchilar yosh yigitning umriga zomin bo‘lishdi
2018 yilning boshida sodir etilgan bu mudhish voqea ko‘pchilikni sarosimaga solib qo‘ydi. Qishloq yaqinidan o‘tayotgan “Sho‘rsoy” kanali tomon chorva molini sug‘organi borgan (ism-familiyalar o‘zartirilgan) Akmal Vohidov bir bosh sigiri bilan birgalikda elektr toki urishi oqibatida voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi...
Xo‘sh, aslida bu fojia qanday ro‘y bergan edi?
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumaniga qarashli Qahramon qishlog‘ida yashovchi Shokir Badalov, Asqar Ne'matov va Nosir Aliqulov anchadan buyon o‘zboshimchalik bilan yaqin atrofdagi simyog‘ochlarga simlarni ulab, elektr toki yordamida kanaldan baliq tutishni odat qilishgan edi. Shu kuni ham ular maslahatni bir joyga qo‘yib, baliq oviga otlanishdi.
Biroq Shokir o‘zi bilan olib kelgan elektr simi yetmaganligi bois, u qo‘shimcha sim keltirish maqsadida uyga qaytib ketadi. Asqar bilan Nosir esa, u kelgunga qadar o‘zlari bilan olib kelgan elektr simi va baliq tutish uchun mo‘ljallangan to‘rni taxt qilib qo‘yadigan bo‘lishdi.
Xullas, sheriklar Shokir keltirgan qo‘shimcha elektr simini simyog‘ochga ulab, qariyb 70 metr pastlikdagi kanal tomon tortishadi.
Keyin hamtovoqlar baliq ovlashga kirishib ketishadi. Ya'ni, suv betiga tok urish oqibatida qalqib chiqayotgan baliqlarni to‘rda tutish bilan ovora bo‘lishadi. Oradan ko‘p o‘tmay esa, tok ulangan simyog‘och tomondagi tepalik ortidan eshitilgan molning kuchli ma'rashi “ovchi”larni xushyor torttiradi. Shundan so‘ng, Asqar nima gapligini aniqlash maqsadida tepalik tomon yuguradi. U qay ko‘z bilan ko‘rsinki, qishloqdoshi Akmal mol bilan yonma-yon holatda tipirchilab, jon talvasasida yotardi. Buni ko‘rib, qattiq qo‘rqib ketgan Asqar shosha-pisha sheriklarini yordamga chaqiradi. Biroq Akmalning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmaydi.
Sud hay'ati ushbu jinoyat ishini atroflicha muhokama etib, sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topdi hamda ularning har biriga nisbatan jazo tayinlash barobarida, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning ma'lum qismi qoplanganini hisobga olgan holda, qolgan qismini (solidar tartibda) undirish haqida hukm chiqardi.
Mavzuga oid
11:59 / 05.11.2024
O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi
10:40 / 08.10.2024
O‘rta Chirchiqda noqonuniy tarzda baliq ovlagan shaxslar tabiatga 42 mln so‘m zarar yetkazdi
23:17 / 23.09.2024
Xitoyda 3D-printer yordamida baliq go‘shti muqobili yaratildi
08:10 / 06.09.2024