O‘zbekiston | 22:58 / 16.10.2018
30733
2 daqiqa o‘qiladi

Mersedes-Benz ​mutaxassisi Toshkentda yonib ketayotgan avtobuslar bo‘yicha fikr bildirdi

​Kelgusida avtobuslar bilan bog‘liq yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish, bunga sabab bo‘layotgan omillarga yana bir karra aniqlik kiritish maqsadida «Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati Germaniyaning Mersedes-Benz kompaniyasi mutaxassisini O‘zbekistonga taklif etdi. Bu haqida jamiyat axborot xizmati Kun.uz'ga xabar bergan. 

Foto: Toshshahartransxizmat AJ

Joriy yil 16 oktabr kuni kompaniya menejyeri Maks Kirshenxofer bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bugun poytaxt ko‘chalarida qatnayotgan Mersedes-Benz rusumli avtobuslarning texnik holati, ularga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlari va albatta, so‘nggi paytlarda ushbu transport vositalari bilan sodir bo‘lgan yong‘inlar keng muhokama etildi. 

Jamiyat rahbariyati hamda servis korxonasi vakillari ishtirok etgan mazkur uchrashuvda nemis mutaxassisi avtobuslarning texnik xususiyatlari haqida fikr bildirib, bugun yong‘in chiqayotgan avtobuslar tasarruf muddatini o‘tab bo‘lganini, boshqa davlatlar, xususan, Germaniyada bu kabi avtobuslardan ko‘pi bilan 8 yil foydalanilishini qayd etdi. Bundan buyon asosiy sa'y-harakatlar va xarajatlarni keyingi bosqichda keltirilgan, ya'ni, 2012-2013 yillarda ishlab chiqarilgan avtobuslarga hamda harakat tarkibini yangilashga yo‘naltirish  maqsadga muvofiqligini ta'kidlab o‘tdi. 

Foto: Toshshahartransxizmat AJ

«Toshshahartransxizmat» bundan buyon ham yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga soladi», deyiladi rasmiy xabarda. 

Avvalroq, ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida «Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati tomonidan aynan yong‘in kelib chiqayotgan 2008-2009 yillarda ishlab chiqarilgan Mersedes-Benz ​ rusumli avtobuslarni chuqurlashtirilgan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid