Toshkentda AQShning Rockwell automation kompaniyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Bugun, 17 oktabr kuni “O‘zmilliybank” huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi "HYATT REGENCY" mehmonxonasida dunyoga mashhur Rockwell automation kompaniyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ma'lumki, mazkur kompaniya sanoat avtomatizatsiyasi uchun yechimlar ishlab chiqish va tayyorlash sohasida dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uning yillik mablag‘ aylanmasi 7 milliard dollardan oshiq. Hozirgi kunda 80 ta mamlakatda o‘z bo‘linmalariga ega.
Bugungi kunda kompaniya neft-gaz, tog‘-kon, metallurgiya, yengil va oziq-ovqat sanoatining yetakchi kompaniyalari hamda xalq iste'moli mollari ishlab chiqaruvchilari, mashinasozlik, energetika sektori, kimyo va neft kimyo, sellyuloza-qog‘oz sohasi korxonalari, farmakologiya kompaniyalari, kommunal xo‘jaliklar va boshqa tor yo‘nalishdagi kompaniyalar bilan faol hamkorlik qiladi.
Tadbirda yig‘ilgan mahalliy tadbirkorlarga kompaniya ishlanmalarining ishlab chiqarish sohasida ahamiyati va zaruriy jihatlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Ma'lumot o‘rnida: 2018 yilning 1 oktabridan boshlab «SB PAUER» MChJ Rockwell automation'ning O‘zbekistondagi vakili sifatida faoliyat yuritishni boshladi. Mazkur korxonaga kompaniyaning O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarishni rivojlantirishda manfaatlarini ilgari surish, korxonalarga ko‘mak berish vakolati berilgan.