O‘zbekiston | 10:05 / 19.10.2018
11191
3 daqiqa o‘qiladi

Meros tartibida o‘tadigan xususiylashtirilgan turar joy: qanday o‘zgartirish kiritildi?

Foto: iStock

11.10.2018 yildagi O‘RQ–497-son qonun bilan Uy-joy kodeksining 32-moddasiga qo‘shimcha kiritildi.
 
Norma’ning yozishicha, u quyidagicha bayon etilgan: uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxsning turar joydan foydalanish huquqi uning vafotidan keyin ochiladigan meros tarkibiga kirmaydi.
 
Ushbu norma kimlarga taalluqli? Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish jarayonida ikki toifadagi sub'yektlar ishtirok etadi:

• mulkdorlar – uy-joyni shaxsan sotib olgan yoxud uy-joy bepul berilgan hamda mulk huquqiga doir davlat orderi ularning nomiga rasmiylashtirilgan fuqarolar;
• xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar – xususiylashtirish paytida uy-joyda propiska qilingan, xususiylashtirish uchun arizada ko‘rsatilgan va unga «roziman» deya qayd etib imzo chekkan barcha voyaga yetgan fuqarolar.

Keyingilari faqat xususiylashtirilgan turar joy maydonidan foydalanish huquqini saqlab qoladilar, biroq unga bo‘lgan mulk huquqini olmaydilar. Biroq Qonun xususiylashtirilgan uy-joyni sotish, ayirboshlash, hadya qilish yoki ijaraga, arendaga berish uchun uni xususiylashtirishga rozilik bergan barcha shaxslarning roziligini talab qiladi. Umumiy qoidaga ko‘ra bu – umumiy mulk alomati. Ehtimol, shu sababga ko‘ra Oliy sud Plenumi xususiylashtirishga rozilik bergan barcha shaxslarni xususiylashtirilgan turar joyning birgalikdagi mulkdorlari, turar joyning o‘zini esa ularning umumiy mulki deya e'tirof etar.
 
Yetarlicha ziddiyatli vaziyat yuzaga kelib, u qonun ijodkorlarini Uy-joy kodeksining 32-moddasiga aniqlik kiritishga majbur qildi.
 
Yangilik mulkdorlarga daxl etmaydi – mulk huquqi ilgarigidek umumiy tartibda meros qilib olinishi mumkin. Shu sababli, agar kvartira (uy) ulushli mulk huquqida bir nechta voyaga yetgan oila a'zolari nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, ularning har biri teng darajada o‘z ulushini meros qilib berishi mumkin.
 
Hujjat 1.01.2019 yildan kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid