Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda Moskva energetika institutining filiali ochiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi doirasida Rossiyaning nufuzli oliy ta'lim muassasalari va O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash maqsadida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘plab shartnomalar imzolandi.
19 oktabr kuni "MEI" (Moskva energetika instituti) Milliy tadqiqotlar universitetining rektori N.D.Rogalev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vaziri I.U. Majidov hamda "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi U.M.Mustafoyev o‘rtasida "MEI" (Moskva energetika instituti) Milliy tadqiqotlar universitetining Toshkent shahridagi filialini ochilishiga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida Kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida KUN.UZ’ga "O‘zbekenergo"AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Toshkentda mazkur universitet filialining ochilishi:
- energetika sohasida muhim ilmiy-texnikaviy vazifalarni yechish imkoniga ega kadrlarni tayyorlash;
- elektr energiya tizimida tejamkorlikni oshirishga yo‘naltirilgan innovatsion loyihalarni amaliyotga tadbiq etish;
- energetika sohasida jahon andozalariga mos innovatsion tadqiqotlarni olib borish;
- tizimda va ishlab chiqarishning boshqa sohalarida elektr texnikalarining ekspluatatsiyasida samaradorlikni oshirish bo‘yicha ishlanmalarni tatbiq etish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Ma'lumot o‘rnida: "MEI" (Moskva energetika instituti) Milliy tadqiqotlar universiteti Rossiyaning nufuzli oliygohlaridan biri hisoblanib 1930 yilda tashkil etilgan. Mazkur oliy o‘quv yurti energetika, elektrotexnika, elektronika, informatsion texnologiyalar hamda radiotexnika kabi sohalarga mutaxassislar yetishtirib chiqaradi.