Jamol Qoshiqchining jurnalistik faoliyati, Saudiya Arabistoni rahbariyati bilan ziddiyatga borishi tarixi
20 oktabrda Saudiya Arabistoni Istanbuldagi konsulligida jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘lganini tan oldi. Saudiya Arabistoni bosh prokurorining ta'kidlashicha, jurnalistning o‘limiga konsullikda yuz bergan mojaro olib kelgan. Jurnalist 60 yoshini qarshilashiga sanoqli kunlar qolganda o‘ldirilgan. Quyida u haqida biografik ma'lumotlar keltirilgan.
Kelib chiqishi, ma'lumoti
Jamol Qoshiqchi 1958 yil 13 oktabrda Madinada turk ildizlariga ega nufuzli oilada tug‘ilgan. Uning amakisi Saudiya Arabistonining birinchi qiroli Abdulaziz Ol-Saudning shaxsiy shifokori bo‘lgan. Qoshiqchi oliy ma'lumotni AQShda olgan, u 1982 yilda Indiana shtati universitetini “biznes-ma'murlik” ixtisosligi bo‘yicha yakunlagan.
Karerasi
Qoshiqchi Saudiya Arabistoniga qaytgach, 1985 yilda ingliz tilida chop etiluvchi Saudi Gazette nashri muxbiri sifatida jurnalistik faoliyatini boshlagan. 1987-1990 yillar davomida turli nashrlarda, jumladan Asharq Al-Awsat nashrida ishlagan, 1990-1991 yillarda esa Al Madinah gazetasi bosh muharriri vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyatini davom ettirgan.
Qoshiqchi 1991-1999 yillar davomida Al Hayat arab nashrining xorijiy muxbiri sifatida Afg‘oniston, Sudan, Jazoir va Quvaytdagi voqealarni yoritgan. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, u shu davr davomida Saudiya Arabistoni razvedkasi bilan hamkorlik qilgan. Jurnalist 2001 yilda AQShda sodir etilgan teraktlargacha “Al-Qoida” yetakchisi Usoma bin Lodindan bir necha marta intervyu olgan. Qoshiqchi 2011 yildagi intervyularidan birida bin Lodin bilan do‘st bo‘lgani va bir vaqtlar uning qarashlarini qo‘llab-quvvatlaganini tan olgan.
Qoshiqchi 1999-2003 yillarda Arab News nashri bosh muharriri o‘rinbosari lavozimini egallagan, 2003 yilda Al-Watan nashriga rahbarlik qilgan. U 2 yildan keyin hech qanday tushuntirishlarsiz bo‘shatib yuborilgan. Shundan keyin 2002-2005 yillarda Saudiya Arabistonining Britaniyadagi elchisi, 2007 yilda esa AQShdagi elchisi bo‘lgan shahzoda Turki al-Faysalning mediamaslahatchisi sifatida faoliyat yuritgan.
Qoshiqchi 2007 yilda yana Al-Watan’ga bosh muharrir etib tayinlangan, biroq 2010 yilda salafiylik bo‘yicha bildirgan tanqidiy fikrlari uchun bo‘shatib yuborilgan.
Qoshiqchi 2017 yildan AQShda yashab, Washington Post nashri uchun maqolalar yozgan. Shuningdek, u bloger hamda teleko‘rsatuvlar va tok-shoularda ishtirok etuvchi mutaxassis sifatida tanilgan.
Saudiya Arabistoni hukumati bilan munosabatlari
Qoshiqchi uzoq yillar davomida Saudiya Arabistoni qirollik oilasiga yaqin bo‘lgan, biroq 2015 yilda hokimiyat tepasiga qirol Salmon kelib, uning o‘g‘li shahzoda Muhammadning ta'siri kuchaygandan keyin, jurnalistning hukumat bilan munosabatlari yomonlasha boshlagan. Taxminlardan biriga ko‘ra, bunga Qoshiqchining 2016 yil noyabrda Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha Vashington instituti tomonidan tashkil etilgan forumdagi chiqishi sabab bo‘lgan. O‘shanda jurnalist AQShning saylangan prezidenti Donald Trampni Yaqin Sharq masalalarida Isroil pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashi uchun tanqid qilgan. Bu esa Tramp qiyofasida Eronga qarshi kurashda ittifoqdoshga ega bo‘lishni istagan Saudiya Arabistoni hukumatiga yoqmagan. Boshqa bir taxminga ko‘ra, Qoshiqchi qirollikdagi eng nufuzli kishilardan biri – Muhammad bin Naif Ol-Saudga yaqinligi sababli xushlanmay qo‘yilgan. 2017 yilda bin Naif valiahd shahzoda va ichki ishlar vaziri lavozimidan chetlatilgan. Qoshiqchini Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtiriluvchi barcha OAVda chop etish taqiqlangan. Shundan keyin Qoshiqchi mamlakatni tark etib, Saudiya Arabistonining amaldagi hukumatiga qarshi tanqidlarini yanada avj oldirgan.
Jurnalist Washington Post’dagi maqolalarida shahzoda Muhammadning davlat boshqaruvini “qo‘rquv, qo‘rqitish, hibsga olishlar va sharmandalik” davri sifatida ta'riflagan. 2017 yil noyabrda Saudiya Arabistonida 11 shahzoda va 40 ga yaqin amaldor hibsga olingandan keyin jurnalist shahzoda Muhammad “o‘zi istaganicha sudlov o‘tkazishini” aytgan. Qoshiqchi 2018 yil sentabrdagi maqolasida qirollikni Yamanga 3 yillik urush davomida yetkazilgan vayrongarchiliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga chaqirgan. Vaholanki, jurnalist 2015 yilda Saudiya Arabistonining Yamandagi tartibsizliklarni to‘xtata olishi mumkinligini bildirib, qirollikning harbiy operatsiyani boshlash qarorini qo‘llab-quvvatlagan.
Boshqa masalalar bo‘yicha pozitsiyasi
Qoshiqchi NATOning Yugoslaviyadagi ixtiloflarga aralashuvini, Liviya yetakchisi Muammar Kazzofiyning ag‘darilishini, Suriya muxolifatining prezident Bashar Asadga qarshi namoyishlarini va turk qo‘shinlarining Suriya hududiga kirishini qo‘llab-quvvatlagan.
Jurnalist 2017 yil iyunida Saudiya Arabistonini Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzish, sentabrida esa “Musulmon birodarlar” harakatining terrorchilik tashkilotlari qatoriga kiritish qarorlari uchun tanqid qilgan.
Mavzuga oid
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:25 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi
18:01 / 10.11.2024