Sport | 19:46 / 22.10.2018
26698
4 daqiqa o‘qiladi

Ronaldo: «Ektor Kuper faoliyatimdagi eng yomon murabbiy bo‘lgan»

Yaqin o‘tmishning eng taniqli futbolchilaridan biri, ikki karra «Oltin to‘p» sohibi Ronaldo hozirda O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan Ektor Kuper bilan o‘rtalarida kelib chiqqan ziddiyat haqida gapirib bergan. Uning Spor TV`ga bergan intervyusini shu yilning iyunida, argentinalik mutaxassis hozirgi lavozimiga kelish arafasida Football Italia chop etgan.

«Mening «Inter»dagi faoliyatim u tufayli yomon tugagan edi», - deb aytgan Ronaldo.

Ma'lumki, braziliyalik hujumchi 1997-2002 yillar mobaynida «neradzurri» sharafini himoya qilib, klubga kelgan va undan ketgan yillarda «Oltin to‘p» sovrinini qo‘lga kiritgan. Uning klubdagi so‘nggi mavsumi Ektor Kuper qo‘l ostida o‘tadi. 2001 yil yozida, bundan avvalgi ketma-ket ikki mavsumda «Valensiya»ni YeChL finaliga qadar boshlab borgan va dastlab Ispaniyada, so‘ng Yevropada yilning eng yaxshi murabbiyi deb e'tirof etilgan Ektor Kuper «Inter» bosh murabbiyi etib tayinlanadi.

Kuper Milandagi ishini muvaffaqiyatli boshlab, A Seriyada yetakchilikni qo‘liga olgan, ammo mavsumning ikkinchi yarmida jamoada charchoq alomatlari ko‘zga tashlanib, salbiy natijalar ko‘paya boradi. So‘nggi tur oldidan «Inter» jadvalda birinchi o‘rinni egallab turgan bo‘lsa-da, hal qiluvchi so‘nggi uchrashuvda «Latsio» maydonidan 2:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan qaytadi va «Yuventus» hamda «Roma»dan ortda qolib, yakuniy jadvalning uchinchi pog‘onasidan joy oladi.

Rimdagi o‘sha bahsni Ronaldo zaxirida o‘rindig‘ida o‘tkazgan edi. U bundan avvalroq deyarli uch yildan buyon bezovta qilib yurgan jarohati sababli ikki marta jarrohlik stoliga yotgan va JCh-2002ga qadar tiklanib maydonga qaytishga zo‘r berib urinayotgan edi. Kuper unga maydonga tushishga ruxsat bermaydi. «Latsio»ga qarshi tarixiy mag‘lubiyat bu o‘yinni zaxirada o‘tirib kuzatgan Ronaldoning ko‘z yoshlari bilan «Inter» muxlislari yodida qolgan. Shundan so‘ng u «Real»ga ko‘chib o‘tib, «Galaktikos»ning muhim bo‘lagiga aylangan edi.

«[Men «Inter»dan ketganimdan so‘ng ham] Kuper jamoaga ustozlik qilishda davom etdi. Ehtimol, uning agenti jahondagi eng yaxshisi bo‘lgandir. O‘sha vaqtda jarohatimdan tiklanayotgan edim. Maydonga tushishni istaganman, ammo bizning munosabatlarimiz yaxshi emasdi.

Men klub prezidenti [Massimo Moratti]dan yo meni, yoki uni tanlashini so‘raganman. Yakunda esa «Real»dek sehrli klubga yo‘l olgandim. Shunday bo‘lsa-da, Kuperni men o‘z faoliyatimda duch kelgan eng yomon murabbiy, deb ayta olaman», - deya ta'kidlab o‘tgan Ronaldo.

Ma'lumot uchun, braziliyalik hujumchi Janubiy Koreya va Yaponiya mezbonligida o‘tgan JCh-2002da ishtirok etib, Braziliya termasining beshinchi marotaba mundial g‘olibi bo‘lishiga hissa qo‘shgan edi. U o‘sha yili ikkinchi marta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish bilan birga FIFA talqiniga ko‘ra uchinchi marta jahonning eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etilgan.

Ektor Kuper esa «Inter» bilan kelgusi mavsumda A Seriyaning ikkinchi o‘rnini egallagan, uchinchi mavsumidagi muvaffaqiyatsiz starti sabab ishdan bo‘shatilgan.

Mavzuga oid