Mirjalol Qosimov «Bunyodkor»ning kelajagi borasidagi savolga javob qaytardi
Bugun, 24 oktabr kuni O‘zbekiston Superligasi 27-turi doirasida chempionlik uchun kurashayotgan «Paxtakor» jamoasi safarda «Bunyodkor»ga qarshi maydonga tushib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Endilikda, «Paxtakor» chempionlik uchun kurashuvchilar guruhida 27 ochko bilan «Lokomotiv»dan 6 ochko kam jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinda, «Bunyodkor» esa 20 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda qolgan.
O‘yindan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida «qaldirg‘ochlar» jamoasi ustozi Mirjalol Qosimov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
«Ikki xil bo‘lim guvohi bo‘ldik. Birinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik. Ammo yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmadik. Mana, ko‘rib turibsizlar, zaxira o‘rindig‘imizda akademiya tarbiyalanuvchilari o‘tirishibdi. Bu o‘yinda besh futbolchimiz ishtirok eta olmadi. Ikki o‘yinchi diskvalifikatsiya, uch futbolchi jarohat sababli o‘ynay olishmadi. Bu yo‘qotishlar esa o‘z so‘zini aytadi.
Bekobodda ham birinchi bo‘limga qaraganda ikkinchi bo‘limda sust o‘ynagandik, shu bois oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yubordik. Shunday o‘yinlar orqali tajriba to‘planadi», - degan Qosimov.
Undan shuningdek, klubning kelajagi borasida so‘rashdi. Jurnalist oxirgi vaqtlarda «Bunyodkor» klubi moliyaviy muammolarga duch kelgani, keyingi mavsumda Superligada ishtirok etmasligi, klub butunlay tugatilishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar tarqalayotganini eslatib o‘tgan.
«Avvalambor muxlislar uchun o‘ynaymiz. To‘g‘ri, mukofot pullari yo‘q, lekin bu bahona bo‘lishi kerak emas. O‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan, qolaversa, kelajakda yaxshi futbolchi bo‘laman degan yoshlar bu narsani o‘ylashi kerak emas. Yigitlar bilan kelishib olganmiz. Tashqaridan bu hech kimga qiziq emas. Albatta o‘z darajamizdan pastga tushishimiz kerak emas.
Endi, odam rezinka emas, charchaydi. Maqsadimiz, Osiyo chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish, bu qiyin, lekin oxirigacha kurashamiz.
Klub yopilishi yoki yopilmasligi, olti ochko olinadi, olinmaydi, degan gaplarni vaqt ko‘rsatadi. Yil oxirida ko‘ramiz. Hozir eng muhimi mavsumni oxirigacha yetkazib qo‘yish», deya murabbiyning so‘zlarini keltirgan «Tribuna» muxbiri.
Mavzuga oid
08:00 / 09.09.2024
Bunyodkor shohko‘chasida 27 yoshli haydovchi urib yuborgan piyoda vafot etdi
13:11 / 02.04.2024
«Bunyodkor» Rivaldo va Denilson ishida bir necha yillik kelishuvga erishilganini e’lon qildi
21:00 / 02.03.2024
Yashirincha xususiylashtirish, metan-shoxobchadagi voqea va yoshlarga yangi imkoniyat - hafta dayjesti
14:37 / 27.02.2024