O‘zbekistonda kasb-hunar ta'limi tizimi muassasalarini uch toifaga bo‘lish taklif etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktabr kuni oliy ta'lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida oldinroq xabar bergan edik.
Mazkur yig‘ilishda ko‘plab takliflar berildi, jumladan, talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonini kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to‘lov-kontrakt tizimiga o‘tkazish zarurligi ta'kidlandi. Oliy ta'lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan o‘z-o‘zini moliyalashtirish va iqtisodiy mustaqil tizimga o‘tish vazifasi qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda davlat rahbari tashabbusi bilan ta'lim sohasida keng ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilayotganini ta'kidlab o‘tdi
— Dastlabki bosqichda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi mazkur islohotlar maktabgacha ta'lim tizimi va o‘rta ta'lim tizimida boshlangan bo‘lsa, albatta, bu harakatlarning davomi sifatida oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimini ham tubdan takomillashtirish bo‘yicha bizning oldimizda turgan qator vazifalarni bajarishga undaydi.
Ma'lumki, globallashuv davrida mamlakatning rivojlanish darajasi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy ko‘rsatkichlari bilan belgilanadi, balki uning qudrati va kuchi intellektual salohiyatga tayanadi.
Ishonch bilan shuni aytish mumkinki, yaqin kelajakda, «inson kapitali»ni rivojlantirishga yo‘naltirilgan va ta'lim hamda ilmiy-texnik taraqqiyot yutuqlariga tayangan iqtisodiyot yanada raqobatbardosh va yuqori samaradorlikka ega bo‘ladi.
Ushbu nigohda, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatida «inson kapitali» va ta'limga doimiy investitsiya qilish — rivojlangan demokratik davlat shakllanishiga hamda taraqqiyotning jadal ravishlarda o‘z aksini topishiga ishonch uyg‘otmoqda.
Bugungi kunda, davlat rahbari rahnamoligida, oliy maktabni isloh qilish, uning pedagogik, tarbiyaviy va ma'rifiy bo‘g‘inlarini yanada takomillashtirish masalalariga katta e'tibor qaratilmoqda, bu esa, natijada ta'lim xizmatlari bozorida oliy o‘quv yurtlarimizning jozibadorligini keskin ravishda oshirishga xizmat qilmoqda.
Har yili 600 mingdan ziyod yigit va qizlarimiz o‘qishga kirish istagida oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirishadi, lekin afsus qamrov darajasi faqatgina 7–9 foizni tashkil etadi.
Prezident tashabbusi bilan 2018 yilda ta'lim shakllari va yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash hisobiga qabul kvotalari o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshirildi. Bunga yaqqol dalil sifatida, joriy yilda 103 mingga yaqin talaba o‘qishga qabul qilinganini misol keltirish mumkin.
Joriy yilning o‘zida O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning Puchon va Yodju universitetlari, AQShning Vebster universiteti, Latviyaning ISMA akademiyasi ochildi.
Bu borada Fransiyaning Modalar akademiyasi, Strasburg, Sorbonna, Vitel va Serji-Pontua universitetlari; Hindistonning Amiti, Sharda va Integral universitetlari; Turkiyaning Hojitepa universiteti (unda mintaqadagi eng yaxshi tibbiyot fakulteti mavjud) filiallarini ochish masalalarida ham barcha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Xorijiy oliy ta'lim muassasalarining filiallarini ochish borasida shaxsan prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan qulayliklar uchun alohida minnatdorchiligimizni bildirishimiz kerak.
Birinchidan, «O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Unga muvofiq, O‘zbekiston hududida xorijiy oliy ta'lim muassasalari filiallariga faoliyat yuritishga huquq berilib, ular 2023 yilgacha soliq va majburiy to‘lovlardan ozod etiladi;
Ikkinchidan, «Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror. Unga muvofiq, dunyoning TOP-1000ligiga kirgan oliy ta'lim muassasalariga O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini litsenziyalarsiz amalga oshirishiga ruxsat beriladi.
Ushbu qarorlarni amalda bajarish, mintaqaviy ta'lim xizmatlari bozorida milliy ta'lim tizimining raqobatbardoshligini keskin oshiradi.
Bir necha kun oldin o‘tkazilgan O‘zbekiston – Rossiya ta'lim forumi doirasida muhokama qilingan masalalardan hamda rivojlangan hamkor davlatlarning ta'lim tizimlari bilan o‘zaro integratsiyalashuv jarayonlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini «O‘rta Osiyoning ta'lim xabi»ga aylantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni amalga oshirish uchun, Davlatimizning ham qudrati yetarli va barcha imkoniyatlarimiz bor, deb hisoblaymiz.
Bu borada quyidagilar taklif etilmoqda:
1. Xorijiy hamkorlar bilan filiallar, qo‘shma fakultetlar, kafedralar va qo‘shma ta'lim dasturlarini tashkil etishni rivojlantirish;
2. Ta'lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta'minlash hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan oliy ta'lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirib borish;
3. Iqtidorli yosh ilmiy-pedagogik kadrlarning hamkor davlatlarning yetakchi ta'lim va ilmiy muassasalarida malakasini oshirishni muntazam tashkil etish.
Prezidentimiz yig‘ilishda kasb-hunar ta'limi muassasalarining yangi tarmog‘ini yaratish masalasini ham ta'kidlab o‘tdi.
Respublika komissiyasi tomonidan kasb-hunar ta'limi tizimida muassasalarni uch toifaga bo‘lish taklif etiladi. Bular:
Birinchisi — bu O‘zbekiston amaliyotida ilk marotaba joriy etilishi taklif etilayotgan oliy ta'limning bakalavriati bilan uyg‘unlashgan holda faoliyat ko‘rsatadigan, asosan respublikamiz hududlarining markazlarida, lozim bo‘lsa Qo‘qon, Denov kabi yirik shaharlarda tashkil etiladigan ta'lim muassasalari tarmog‘i (associate degree, 2 yillik ta'lim dasturi);
Ikkinchisi — xorijda ham «vocational center» deb nomlanadigan, ishchi va xizmat ko‘rsatuvchi malakali mutaxassislar tayyorlaydigan markazlar. Bunda, talab nafaqat ichki mehnat bozorida, balki tashqi mehnat bozorida ham raqobat qiladigan ishchi mutaxassislar (elektr ustalari, payvandlovchi, argon payvandlovchilari, lift ustalari kabi) tayyorlanadi;
Uchinchi toifa — bu asosan qishloq hududlarida dolzarb bo‘lgan tadbirkorlik faoliyatga (tomorqa biznesi) yo‘naltirilgan bilim, malaka ko‘nikmalarini beradigan muassasalar bo‘ladi (sobiq kasb-hunar o‘quv yurtlari singari).
Bir oy muddatda mana shu sxema bo‘yicha tegishli hujjat loyihasi tayyorlanadi.
Yana bir masala: prezident tomonidan imzolangan hujjatlarda oliy ta'lim tizimida distansion ta'lim texnologiyalarini joriy qilish vazifalari belgilangan.
Ushbu vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida distansion oliy ta'lim tizimini tezkor joriy etish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Qaror tasdiqlanganidan so‘ng, distansion ta'limni joriy etish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Bugungi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida oliy ta'lim tizimlarida modul tizimi asosida o‘quv jarayonini tashkil etish va talabalar hamda professor-o‘qituvchilarning mobilligi muhim ahamiyat kasb etadi va bu jarayon o‘z yo‘lida oliy ma'lumot olishga keng imkoniyatlar yaratadi. Bu jarayonlar «Bolonya jarayoni» orqali amalga oshiriladi va qator afzalliklarga ega. Agar O‘zbekiston oliy ta'lim tizimi «Bolonya jarayoni»ga kiradigan bo‘lsa, biz o‘zimizda berilgan oliy ma'lumot to‘g‘risidagi darajalarni Yevropa Ittifoqi miqyosida tan olishga erishamiz va bu kelajakda, O‘zbekiston ta'lim tizimiga qiziqish bildirib, o‘qishga keladigan talabalar soni ortishiga va mo‘ljallanayotgan «Ta'lim xabi»ni amalda yaratishda ulkan yordam bo‘ladi.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
21:21 / 17.10.2024