O‘zbekiston | 19:27 / 26.10.2018
47323
4 daqiqa o‘qiladi

Rahbar o‘z xodimini paxtaga chiqmagani uchun ishdan bo‘shatmoqchi bo‘ldi

Ayni kunlarda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumi davom etmoqda. Bu yilgi mavsum o‘tganlaridan shunisi bilan farq qiladiki, bu yil majburiy mehnat, aniqroq aytiladigan bo‘lsa, paxta terimiga majburan chiqarish holatlarining oldini olish qonun yo‘li bilan yanada mustahkamlandi. Bu borada davlat rahbari va hukumatning maxsus qaror va farmonlari imzolandi. Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan qator tuman hokimlari va sektor rahbarlari ishdan olindi.

KUN.UZ elektron pochtasiga kelib tushgan maktublardan birida aynan mana shu holat haqda so‘z yuritilgan, paxta terishga majburan olib chiqish holati kuzatilayotgani aytilgan. Jumladan, maktub muallifi S.V shunday deydi:

“Assalomu alaykum. Men Surxondaryo viloyatining Termiz shahar elektr tarmoqlarida ishlayman. Mana, nechi kundirki, boshlig‘imiz meni paxta terimiga jo‘natmoqchi bo‘lyapti. Men unga ichagimdan operatsiya bo‘lganman desam ishdan haydashi bilan qo‘rqitmoqda. O‘zim yolg‘iz onaman, ishdan haydalsam qanday kun ko‘raman? Axir prezidentimiz mehnatga majburlaganlarga nisbatan chora ko‘ringlar deyaptilarku. Shu masalada yordam berishingizni iltimos qilaman”.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Termiz elektr tarmoqlari rahbari Ma'ruf Shamsiddinov bilan bog‘landik.

- Men bu xodimimizning kasalligi haqida hamshiramiz orqali yaqinda bildim. Bizda mehnatga majburlash yo‘q. Shu sababdan ham u kishining paxtaga chiqishlari shart emas, ishlari borasida ham hech qanday muammo bo‘lmaydi. Korxona rahbari sifatida men bunga va'da beraman, - dedi M. Shamsiddinov.

Aslida, yuqorida keltirilgan holat bir misol xolos. Chunki KUN.UZ tahririyatining elektron pochtasiga kelayotgan murojaatlar ichida rahbarlar xodimlar yoki oddiy aholini majburiy mehnatga undayotgani kabi holatlarning uchrayotgani aytilgan maktublar ham uchraydi. O‘zbekiston o‘z taraqqiyot bosqichining yangi davriga chiqqan bir paytda bunday holatlarning hamon uchrab turishi, ayrim rahbarlarning prezident nazarda tutgan islohotlar mohiyatini hamon anglamagani kishi ko‘nglini biroz g‘ash qiladi.

O‘ylaymizki, yuqoridagi holat bo‘yicha rahbar o‘z va'dasining ustidan turadi, xodim ishlayotgan o‘rnini yo‘qotmaydi.

Ma'lumot o‘rnida: Yaqin hafta ichida ichida paxta yig‘im-terimida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun ayrim rahbarlar ishdan olindi, ayrimlariga hayfsan berildi. Jumladan, 22 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida bo‘lib o‘tgan selektor davomida Qashqadaryo viloyati prokurori Botir Yusupovga hayfsan berildi. 23 oktabr kuni esa Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Ixtiyor Hasanov lavozimdan ozod etilgan. Shuningdek, 25 oktabrda Bo‘ka tumanining bosh soliqchisi ham o‘zgargan edi. Bugun, 26 oktabr kuni esa aynan shu masala sabab Xorazm viloyati Shovot tumani prokuroriga hayfsan berilgan.

Mavzuga oid