O‘zbekiston | 19:26 / 27.10.2018
35208
3 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘lda 25-30 kilogrammli qovoqlar yetishtirilmoqda (foto, video)

“Abdullajon” filmidagi ulkan qovun-tarvuzlarni yaxshi eslaymiz, bu kabi ekinlarni hayotda uchratmagan bo‘lishingiz mumkin. Biroq, Toshkentning Yangiyo‘lida 25 – 30 kilogrammli qovoqlar yetishtirilayotgani haqiqat.

 Biz bu xabarni eshitgach, ulkan qovoqlarni yetishtirishi bilan tanilgan fermer Alinazar Imomnazarovni qidirib yo‘lga tushdik. Borar manzilimiz biroz olis ko‘rinsa-da, ulkan qovoqlarni ko‘rish, ko‘rganlarimizni esa lavha qilib o‘quvchiga yetkazish ishtiyoqi bu qiyinchiliklarni yengib o‘tishga sababchi bo‘ldi.

Video: TasiIX

Video: Facebook

Video: YouTube

So‘rab-surishtirib, nihoyat, Yangiyo‘l tumani, Mirishkor qishlog‘ida yashovchi fermer Alinazar Imomnazarov xonadonini topib bordik.

Fermerning Kun.uz’ga hikoya qilishicha, yirik qovoqlarni yetishtirishda dastlabki ish, avvalo, sifatli urug‘ tanlashdan boshlanadi. Xususan, ekiladigan qovoq urug‘i toza, yuqori unuvchan va butun (sinmagan) bo‘lishi kerak. Ekin maydoniga kuzda mineral va organik o‘g‘itlar berilib, 30-35 sm chuqurlikkacha shudgorlanadi.

Qovoqlar O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida 15 aprelgacha, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 20 aprelgacha, shimoliy mintaqalarda esa 30 aprelgacha ekiladi.

Uni ekish uchun qator oralari 360 santimetr bo‘lgan keng egat olinadi. Bunday egatlar qovoq palaklarini yaxshi yoyilishiga imkon beradi. Urug‘lar 3–6 sm chuqurlikka ekiladi va har 1 sotix yerga 50–60 g urug‘ sarflanadi.

Qovoq navlariga qarab, 110-140 kunda pishib yetiladi.

“Qovoq kishilar sog‘lig‘i uchun ham ancha foydali ekin”,-deydi fermer. Uning qaynatib pishirilgani oshqozon va ichaklar uchun yaxshi darmondori. Yetilib pishgan qovoq mag‘zi ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilaydi.

Fermer qovoqning yana bir ustunligi sifatida uning mazali va vitaminlarga boy bo‘lsa-da, kam kaloriyaga egaligini bildirar ekan, odamlar uni dala cheti, ekin oralaridagi kichik maydonlarda ham yetishtirishi mumkinligini ta'kidladi.

Alinazar Imomnazarovning aytishicha, asosan, qish oylarida iste'mol qilinadigan qovoqning hozirgi vaqtdagi 1 kilogrammining narxi mahalliy bozorda 1500-2000 so‘mni tashkil etadi.

Suhbatimizni yakunlab, xayrlashar ekanmiz issiqni-issiq, sovuqni-sovuq demay hosil yetishtirib, xalq dasturxoni to‘kinligiga o‘z hissasini qo‘shayotgan fermerning faoliyatiga omad tiladik.

Ilyos Safarov, Kun.uz muxbiri
Sherzod Egamberdiyev, operator

Mavzuga oid