22:13 / 27.10.2018
13886

Bojxonachilar “Samanta” ko‘magida “Kobalt”ga yashirilgan tamakilarni fosh etishdi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi “Jartepa” chegara bojxona posti xodimlari qo‘shni davlatdan qaytib kelayotgan M.D. ismli shaxs boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashinani bojxona nazoratidan o‘tkazish chog‘ida yurtimizga katta miqdordagi tamaki mahsulotlari kirib kelishining oldini olishdi. 

Gap shundaki, ushbu avtomashinaning yo‘lovchi kabinasini “Samanta” laqabli xizmat iti yordamida tekshirish chog‘ida bojxonachilar avtomashinaga noqonuniy mahsulot yashirilganligini payqab qolishdi. 

Foto: Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi

Shundan so‘ng avtomashina chuqur bojxona nazoratidan o‘tkazilganda xizmat itining xatti-harakatlari o‘z isbotini topdi, uning eshiklaridan panellari yechib ko‘rilganida, avtomashina old va orqa eshiklari orasida mohirona yashirilgan 887 quti “MILANO” va 50 quti “ESSE Light” yozuvli tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi. Tekshiruv davomida haydovchi va yo‘lovchi kelishgan holda ushbu huquqbuzarlikni sodir etganligiga iqror bo‘lishdi.

Foto: Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 186-moddasiga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga topshirildi. Hozirda aniqlangan tamaki mahsulotlari hamda avtotransport vositasi huquqbuzarlik ashyosi sifatida olib qo‘yildi. 

Ma'lumot o‘rnida: Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yil davomida 21 ta holatda tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari aniqlangan.

 

 

Top