Sport | 22:01 / 28.10.2018
26338
7 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Ashurmatov mukofot pullari, klub bilan shartnomasi va finalning kelishilgan bo‘lishiga doir mish-mishlar haqida

O‘zbekiston kubogi finalida «Paxtakor»ni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, birinchi bor bosh sovrinni qo‘lga kiritgan OKMK bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

«Avvalo, bugungi o‘yinda bizni qo‘llab-quvvatlagan vodiylik muxlislarga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildirib o‘taman. Kecha bu o‘yinda bizga muxlislik qiluvchilar yetarlicha bo‘lishini aytgandim, bu o‘z isbotini topdi. Bu ishqibozlarga katta rahmat aytaman.

O‘yin haqida qisqacha gapiradigan bo‘lsam, bugun butun jamoamdan faxrlanishimni aytmoqchiman. Juda ko‘pchilik bizga ishonmagan edi. O‘yindan oldin murabbiylar shtabi bilan o‘yinchilarga: «Agar eng chiroyli va eng jangovar o‘yinimizni ko‘rsata olsak, biz ijobiy natijaga erishishimiz mumkin», deb aytgandik. Bugungi o‘yin ularning faoliyatlaridagi eng yorqinlaridan biri bo‘lib qoladi.

Jamoamiz muxlislariga, rahbarlariga, futbolchilarga rahmat aytaman. Futbolchilarim bilan faxrlanaman», - dedi Ashurmatov anjumanning kirish qismida.

«Bugun bizga muxlislik qilganlarga tashakkur bildiraman. Eng muhimi – g‘alaba qozondik. Bundan buyog‘iga ham shunday o‘yin ko‘rsatishda davom etishimiz lozim», - deya fikr bildirdi Jokich.

- Klub Osiyo Chempionlar ligasi saralashiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Jamoa bilan shartnomangiz qancha muddatga imzolangan edi, yanagi mavsumda ham sizni shu lavozimda ko‘rishimiz mumkinmi?

- Yil oxirigacha bo‘lgan muddatga shartnoma tuzilgan edi. Agar biz jamoani munosib boshqarsak, bitim uzaytiriladi, deyilgandi. Chempionatdagi qolgan beshta o‘yinni ham munosib o‘tkazib olganimizdan so‘ng kelajakdagi faoliyatimiz borasida gaplashib olamiz. Kelgusi mavsum rejalari bo‘yicha hali bir to‘xtamga kelingani yo‘q.

- Musobaqalarda g‘olib chiqqan jamoalarning pul mukofotlar bilan rag‘batlantirilishi tabiiy bir hol. OKMKga ushbu chempionlik uchun qanday bonus va'da qilingan?

- Ochig‘ini aytaman, bugungi o‘yin uchun jamoamizga qandaydir bonuslar berilishi haqida aytilmagan. Biz OKMK sharafi uchun, tarix yaratish uchun o‘yinga chiqdik. Gapning ochig‘i, futbolchilar o‘yindan oldin bu to‘g‘risida savol berishgani ham yo‘q. Bu mavzu ko‘tarilmadi ham.

Bizning vazifamiz munosib o‘yin ko‘rsatish edi. Xudoga shukr, buni uddaladik va g‘alaba qozondik. Endi futbolchilarni mehnatiga yarasha rag‘batlantirish masalasini, o‘ylaymanki, rahbarlarimiz o‘ylab chiqib keyin aytishadi.

O‘yindan oldin futbolchilarni ruhlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘ to‘g‘risida gapirishning hojati ham qolmadi. Shundoq ham o‘yinchilarning ko‘zlari yonib turgan edi va ular bugungi jangga tayyor edilar.

- «Paxtakor» darvozasiga uchta gol kiritish haqida o‘ylab ko‘rganmidingiz?

- Kecha ham, bugun ham futbolchilarimga ishonishimni aytgandim. Uchta gol kiritish juda murakkab vazifa edi. Chunki «Paxtakor» - O‘zbekistonning eng oldi jamoalaridan biri. Himoyasida mamlakatning eng yaxshi himoyachilari o‘ynaydi va tarkib yaxshi shakllangan. Arveladze kuchli murabbiylardan biri, u o‘z g‘oyalariga ega.

Birinchi bo‘lib gol kiritganimiz bizga qo‘l keldi. Qarshi hujumlarda imkoniyatlar tug‘ildi. Hisob 2:1 bo‘lib turganida o‘yinchilarimiz qarshi hujumlarga tez o‘tib keta olishdi, bo‘sh zonalar paydo bo‘ldi. Shu sababli uchinchi golni ham kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Chunki «Paxtakor» oldinga borishga majbur bo‘lib qoldi, biz esa bunday unumli foydalandik.

Lekin ochig‘ini aytsam, uchta gol kiritish xayolimga kelmagandi. Jamoamiz g‘alabasiga esa ishonch bor edi.

- Siz ham futbolchi, ham murabbiy sifatida O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgan ikkinchi inson bo‘ldingiz...

- Bu natijaga birinchi bo‘lib erishgan Mirjalol Qosimovni o‘z ustozim deb bilaman. Murabbiy sifatida jamoani boshlab tushish juda qiyin. Chunki futbolchi sifatida faqat o‘zingiz uchun javob berasiz, nari borsa jamoadoshlaringizga dalda bo‘lishingiz mumkin xolos. Murabbiy bo‘lib o‘yinchilarni tayyorlash va g‘alabaga ruhlantirish juda ham murakkab ish. Agar imkoniyat bo‘lganida, o‘zim futbolchi bo‘lib maydonga tushganim osonroq edi.

- Hakamlarga e'tirozingiz yo‘qmi?

- G‘alabaga erishgach, hakamlarga qanday e'tiroz bo‘lishi mumkin? Bugungi o‘yinni yuqori saviyada boshqarishdi. Ularni «Paxtakor»ning salobati bosgani yo‘q. Shuning uchun o‘yindan keyin ularga minnatdorchilik bildirdim.

- Final kelishilgan o‘yin bo‘ladi, deb hisoblagan muxlislarga nima degan bo‘lardingiz?

- Shunday gap-so‘zlar ham bor edi. Xudoga shukur, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Men yigitlarga barchasi maydonda o‘z isbotini topishini aytgan edim. To‘g‘ri, «Paxtakor» kuchli, lekin ikki jamoaga ham bitta to‘p va bitta maydon. «Chiqinglar, kuchli ekanliklaringni isbotlanglar va bizga nisbatan salbiy fikr bildirayotgan mutaxassislar yoki muxlislarga munosib tarzda javob bera olinglar», degandim. Biz bu gap-so‘zlarning noo‘rin ekanini maydonda isbotladik.

- Jamoa Osiyo Chempionlar ligasi saralashida qatnashadigan bo‘ldi. Bu klubda nimalarni o‘zgartirishni taqozo etadi?

- Bugungi g‘alabamizni qahramonlikka qiyoslash mumkin. Rejalar haqida yuqorida aytib o‘tdim. Biz birinchi navbatda chempionatdagi qolgan beshta o‘yinimizni munosib o‘tkazib olishimiz kerak. Shundan keyin OKMKning rejalari tuziladi, yuqoriroq maqsadlar qo‘yiladi, shunga yarasha seleksiya ishlari olib borilishi kerak. Chempionlar ligasida munosib qatnashish uchun jamoamizni albatta kuchaytirishimiz kerak.

Mavzuga oid