Nega Andijonda Prezident qarori ijro etilmayapti?
Navbatdagi hikoyamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 iyundagi “Har bir oila - tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi PQ-3777-son qarorini Andijon viloyatida amalga oshirilishi borasidagi jarayonlarga bag‘ishlanadi.
Youtube'da ko‘rish
Facebook'da ko‘rish
Mover.uz'da ko‘rish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qaroriga ko‘ra, mamlakatimizning har bir tuman va shahrida, eng avvalo olis va tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir hududlarda aholining moddiy sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi sifati va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilishini ta'minlashga qaratilgan «Har bir oila — tadbirkor» dasturi amalga oshirilishi, bu eng avvalo 2018 yilning 10 iyunidan boshlab namunaviy tarzda Andijon viloyatining tuman va shaharlarida amalga oshirilishi belgilangan edi.
Shuningdek, qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (A.K. Mirsoatov)ga ushbu kredit mablag‘larini Dastur koordinatorlari taqsimotiga asosan Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi tijorat banklariga yillik 3 foiz to‘lov sharti bilan qayta moliyalashtirish vazifasi yuklatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Adliya vazirligiga berilgan tavsiyaga asosan «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2018 yil 9 iyunda 3022-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shu tariqa Prezident qarorini ijrosini ta'minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarga start berildi.
Qarorda belgilangan vazifalar o‘laroq O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari faol ishga kirishdilar. Tabassum bilan chorva olayotgan andijonliklar, viqor bilan salobat to‘kib turgan hokim va uning o‘rinbosarlari, zamonamiz qahramoni bo‘lib gavdalanayotgan fermer va agrofirma rahbarlari tasvirlangan suratlar butun internet bo‘ylab tarqaldi. Hamma xursand hamma shod. 10 bosh chorva olgan andijonlik ham, yaxshigina daromad qilayotgan fermer yoxud agrofirma rahbari ham, qaror ijrosini bajarib “ochko” olayotgan hokimlik ham.
Biroq, voqealar rivoji Prezident qarorida belgilab berilganidek davom etmadi, .
Xullas, Andijonga safarimiz chog‘ida “Har bir oila - tadbirkor” dasturini amalga oshirish borasida fermer xo‘jaliklari va agrofirmalarni qiynab kelayotgan muammoga duch keldik. Gap shundaki, urra-urrachilik bilan hokimlik topshirig‘iga ko‘ra agrofirma va fermerlarlar fuqarolarga chorva mollarini tarqatgan. Uch tomonlama shartnomalar tuzilib, chorva pullari bank tomonidan qoplanishi kerak bo‘lgan. Fuqarolar esa bu mablag‘ni yillik 7 (yetti) foizlik imtiyozli kredit asosida qaytarilishi kelishilgan edi. Hatto bank tomonidan agrofirma va fermerlarga kafolat xatlari ham berilgan. Biroq qarsaklar bilan o‘tgan tadbirlardan so‘ng agrofirmalar va fermerlarning pullaridan darak yo‘q.
“Men iyun-iyul oylarida qaror chiqishi bilan harakatni boshlaganman. Aslida o‘tgan yili desam ham bo‘ladi. Notarius tasdig‘idan o‘tgan xujjatim ham qolib ketavergan. O‘zimiz xabar beramiz, o‘zimiz aytamiz, deyishdi. Yo‘lda qoldi umrim. Baza ochildi, baza yopildi. Hatto, Markaziy bank ruxsat bermayapti degan edi, Toshkentga ham bordim. Adresini bilib, kirishdan oldin kredit bo‘limidagi Sanjarga telefon qildim. Kutib-kutib umrim o‘tdi. Endi o‘zim keldim. Bizga mas'ul odamni ayting degandim. Opa qayting, sizga baza ochilgan birinchi bo‘lib sizga beriladi, dedi. Shunaqa qilib, qoramol qolib ketib, bo‘rdoqchilik boshlandi. Xujjatlarni qilib berdik. Papkalar to‘ldi, necha marotaba rasmlarga ham tushdik. Rasmlarni olaveradi, bizga esa “bo‘ladi” degan javob berishadi. Hali bankka, hali hokimiyatga yuguraman. Uyimdagi qo‘ylar puli to‘lanmagan. O‘zim boquvchisini yo‘qotganman. Kam ta'minlangan oilamiz. Kasaba uyushmasi, sifat aniqlovchisi bo‘yicha shtatli ishlarda ishlaganman. Har yili pillalarni boqib beraman. Men Prezident qaroriga ishongan bo‘lsam. Xalq qabulxonasiga ham murojaat qildik” deydi boshi qotgan fermer Mavluda opa.
Asosan Agrobank va Xalq banki filiallari bilan tuzilgan shartnomalar uchun mana oradan oylar o‘tsa hamki tegishli mablag‘lar o‘tkazib berilgani yo‘q. Ahamiyatli jihati, ular aholidan chorvani qaytarib olay desa aholi bunga rozilik bermaydi, ba'zilari esa pullab ham ulgurgan.
Chorva tarqatgan agrofirma va va fermer xo‘jaliklari vakillari bilan suhbatlashdik.
“Dastur ishlab chiqilgandan so‘ng tadbirkor bo‘lganimiz sababli aholi qiynalmasin, ularga yordamimiz tegsin deb bu ishga qo‘l urgan edik. Viloyat hokimiyatidan ishchi guruh kelib qo‘ylarimizni soni, sifati, qachon davolangani o‘rganildi. Markaziy bankni ro‘yxatida bo‘lasizlar, keyin bemalol tarqatishingiz mumkin, deyishdi. Shundan so‘ng, ma'lumotnomani bankka berdik. Bank xodimlari kelishdi, aholi bilan birgalikda qo‘ylarni tarqatdik. Taxminan 1 xaftada 800 dona qo‘y tarqatdik. 12 iyulda 280 million pul tushdi. Keyin boshqa pul tushmadi. Hozir menga bank 523 million pul tushirib berishi kerak” deydi tadbirkorlardan biri.
“83 ta xonadonga 1000 dan oshiq qo‘ylar aholiga topshirildi. Mablag‘ esa olingani yo‘q. Aholidan qanday so‘raymiz” deydi “Rahim rivoj” agrofirmasi rahbari.
Yana bir fermer xo‘jaligi rahbarining aytishicha, “Andijonliklarga kambag‘al yurish yarashmaydi. Har bir oila tadbirkor bo‘lishi kerak, degan yaxshi taklif bilan chiqdi. 200 million dollar adashmasam ajrataman dedi. Hammamiz xursand bo‘ldik. O‘sha yig‘ilishda barcha bank vakillari bor edi. Bankni kafilligi asosida aholiga berdik. Taxminan viloyat bo‘yicha 28 milliardlik tarqatilgan. Pul bo‘lsa tushmayapti”.
Biz yo‘limizni banklar tomon burdik. Biroq, paxta yig‘im-terimi tufayli (shunday izoh berildi) bankning xech bir mutasaddisidan izoh olishni imkoni bo‘lmadi.
Olgan ma'lumotimiz shu bo‘ldiki, “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi uchun ajratilgan kredit mablag‘larini sarflanishi ishchi guruhi tomonidan o‘rganilib, uning natijasiga ko‘ra ajratilgan mablag‘lar banklar tomonidan maqsadsiz ishlatilganligi haqida hulosa qilingan. Shundan so‘ng, hukumat tomonidan tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhga 2018 yil 23 iyuldan boshlab viloyatda “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida jismoniy shaxslarga qoramol, qo‘y, echki va parranda sotib olishga kreditlar ajratish naslli chorva mollarini mahalliy sharoitlarga moslanganlarini yetkazib berish tizimi (aniq hisob-kitoblar asosida) joriy qilingunga qadar, asalarichilikni rivojlantirishga kreditlar ajratish Asalarichilar uyushmasi mutaxassislarining hulosasiga ko‘ra, asalari uyalarini joyidan qo‘zg‘atish maqsadga muvofiq emasligi sababli uyalarini sotish davriga (aprel-may oyinig 15 sanasiga) qadar vaqtincha to‘xtatib turish tavsiya etilgan.
Shu sabab bo‘lib, tijorat banklari tomonidan viloyatda dastur bo‘yicha kredit mablag‘larini ajratish butunlay to‘xtatib qo‘yilgan. Bu vaqtga kelib, agrofirmalar va fermer xo‘jaliklari tomonidan aholiga qariyb 28 mlrd. so‘m qiymatdagi qoramol, qo‘y, echki va parrandalar yekazib berilgan, buning uchun mablag‘lar tegishli bank muassasasidan o‘tkazib berilishi kutilayotan edi.
Natijada, har bir oilaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashlangan qadam ushbu siyosatni qo‘llab-quvvalagan va ko‘maklashgan agrofirmalar va fermer xo‘jaliklarining barbod bo‘lishi bilan yakun topmoqda.
Mazkur vaziyatda biz agrofirma va fermerlarga belgilangan tartibda sudga murojaat qilishlari lozimligi haqida tavsiya bera oldik, xolos.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining ijrosi joylarda yetarli darajada ta'minlanmayotganligini mutasaddilarning mas'uliyatsizligiga yo‘ydik.
Mavzuga oid
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024
Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi
15:16 / 18.12.2024
Andijonda er-xotin is gazidan zaharlanib, vafot etdi
10:49 / 15.12.2024