Jahon | 23:53 / 03.11.2018
43720
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda «o‘ta aqlli» odamxo‘r yo‘lbars o‘ldirildi

Foto: Twitter /ANI

Hindistonning Maxarashtra shtatida T1 laqabli yo‘lbars o‘ldirildi. U keyingi ikki yil davomida 14 kishini o‘ldirgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.

Yirtqichni qishloqlardan birida 2 noyabr kuni payqab qolishgan. U turgan joyga qurollangan guruh yetib borgan. Unga qarata uxlatuvchi o‘q uzilganidan so‘ng yo‘lbars odamlar tomon tashlangan. Yirtqich ovchilar o‘tirgan mashinaga yetib kelishiga o‘n qadam qolganida otib o‘ldirilgan.

The Telegraph gazetasining yozishicha, yo‘lbarsni Asgar Ali Xon ismli ovchi otib o‘ldirgan.

Ovchi T1 tajovuzkor, aqlli va odamlardan umuman qo‘rqmaydigan yo‘lbars bo‘lganligini aytgan. 

«U inson go‘shtini tatib ko‘rganidan so‘ng odamlarga xuddi maymun, echki yoki boshqa qurbonlari kabi qaraydigan bo‘lgan. Shuning uchun u bizga hujum qilganida uni otib tashlashga majbur bo‘ldim», — degan Ali Xon.

Yirtqichni qidirish uchun eng yaxshi merganlar va 200 nafar reynjyer, itlar va fillar jalb etilgan, ammo bir necha oy davomida uni topishning imkoni bo‘lmagandi. 

Olti yoshli yo‘lbars 13-14 kishining umriga zomin bo‘lgan deb hisoblanmoqda.

Mavzuga oid