Urganch - Cholish - Beruniy yo‘lida qulab tushgan ko‘prikni tiklash ishlari davom etmoqda
1 noyabr kuni tunda 4r161 Urganch - Cholish - Beruniy avtomobil yo‘lining Urganch tumani Cholish shaharchasidagi To‘g‘ay-obod kanali ustiga qurilgan ko‘prik qisman qulab tushdi.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ko‘prik yuk avtomobilining og‘irligini ko‘tarolmay, qulab tushgan. Transport vositasi uning ustidan o‘tib ketishga ulgurgan, jabrlanganlar yo‘q.
Ayni paytda, mutasaddi tashkilotlar tomonidan ko‘prikning qulab tushishi sabablari o‘rganilmoqda.
3 noyabr kuni holatiga ko‘prikda ta'mirlash ishlari olib borilayotgani sababli, 4r161 yo‘li orqali Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani bilan bog‘lovchi, Amudaryo ko‘prigiga o‘tishning iloji yo‘q.
Barcha transport vositalari aylanma yo‘llarga yo‘naltirilmoqda. Xususan, Urganch shahridagi yangi avtomobil bozori oldidan o‘tgan Urganch - Xayvat - Qo‘shniyozbosh suv inshooti yo‘li orqali, qulagan ko‘prikni aylanib o‘tib, Amudaryo ko‘prigiga chiqish mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Xorazm viloyatiga kelayotgan transport vositalari Xazorasp tumanida joylashgan Toshsoqa temir-yo‘l va avtomobil ko‘prigi orqali, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanini Xorazm viloyati Gurlan tumani bilan bog‘lovchi yo‘l orqali kirib kelishi mumkin. Bundan tashqari, vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lmagan transport vositalari Xonqa tumani panton ko‘prigi orqali kirib kelishi tavsiya qilinmoqda.
Hozirgi vaqtda qulab tushgan ko‘prik yonidan boshqa, vaqtinchalik, kichikroq ko‘prikning qurilish ishlari davom etmoqda.
Urganch tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Bahrom Ollonazarov so‘zlariga ko‘ra, kichik ko‘prik yakshanba, 4 noyabr kuni ishga tushiriladi.
«To‘g‘ay-obod kanalidan o‘tuvchi ko‘prik 1974 yilda qurilgan. Uning qulab tushishi sabablari mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Hozirgi vaqtda shu ko‘prik yonidan vaqtinchalik, kichikroq ko‘prikning qurilishini tugatmoqdamiz. Uni 4 noyabr kuni ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Bu ko‘prikka yaqin masofada yana bir kattaroq ko‘prik bor. Tirbandliklar vujudga kelmasligi uchun, uning yonidan ham yana bir kichik ko‘prikning qurilishini boshladik. Bu ishlar yakunlanganidan so‘ng, 2ta kichik ko‘prik orqali avtomobillarning harakatlanishi yo‘lga qo‘yiladi», - dedi Ollonazarov.
Mavzuga oid
15:37 / 07.11.2024
Xorazmda kiyim-kechak bozorida yong‘in sodir bo‘ldi
13:42 / 28.09.2024
Urganchda O‘zbekiston – Polsha biznes-forumi o‘tkazildi
13:30 / 17.09.2024
Urganchda 2,9 mlrd so‘mlik noqonuniy dori vositalari aniqlandi
15:50 / 23.06.2024