Jahon | 23:40 / 04.11.2018
30584
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasidagi postlarda sariq bayroqlar ko‘tarildi

Foto: AFP 2018/Jung Yeon-Je

4 noyabrda Janubiy va Shimoliy Koreya sentabrda erishilgan kelishuv bo‘yicha chegaraning ikki tomonida joylashgan va keyinchalik olib tashlanadigan 22 ta qo‘riqlash postida sariq bayroqlarni ko‘tardi. 

Janubiy va Shimoliy Koreya mudofaa vazirliklari vakillari 19 sentabrdagi sammit doirasida chegaraning har bir tomonidan qurolsizlashtirilgan hududda joylashgan 11 tadan kuzatuv punktini olib tashlashga kelishib olgandi. 

Ma'lum qilinishicha, postlarda 3 metrga 4 metrlik bayroqlar ko‘tarilgan. “Bu chora ikki davlat harbiy qo‘mondonligi qo‘riqlash postlarini olib tashlash bo‘yicha ishlar qanday ketayotganini kuzatish va tekshirishga hamda shu tariqa o‘zaro ishonch va shaffoflikni oshirishga qaratilgan”, deb aytilgan xabarda.

27 aprelda Pxanmunjom chegaraoldi punktida o‘tkazilgan sammitda tinchlikni tiklash va barcha dushmanona harakatlarni tugatish bo‘yicha kelishuvga kelingan.

Bundan tashqari, Seul va Pxenyan ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish uchun qurolsizlashtirilgan hudud yaqinida yirik ko‘lamli artilleriya mashg‘ulotlari va harbiy parvozlarni to‘xtatishga, ushbu hududdan harbiylarni olib chiqishga va Pxanmunjomdagi personalni qurolsizlantirishga, Sariq va Yapon dengizlari chegara hududlarida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydigan 80 kilometrlik hududni tashkil etishga kelishib olgan.

Mavzuga oid