O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2019 yilgi davlat byudjyeti parametrlarini tasdiqladi. Unda kelgusi yilda davlat soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlariga ham oydinlik kiritilgan. Xususan, belgilanishicha, soliq islohotlari samarasi o‘laroq, jismoniy va yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub'yektlarining daromadi sezilarli oshadi, biznes o‘z faoliyatini legallashtirishi davom etadi, “konvert”da oylik maosh berish amaliyoti barham topishi kutilmoqda. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov OAV vakillari bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Dilshod Sultonov

1.  Jismoniy shaxslar daromadini soliqqa tortishni takomillashtirish maqsadida, barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasi 12 foiz miqdorida joriy etilmoqda. Ilgari, aholi daromadlari to‘rt pog‘onali shkala bilan soliqqa tortilar edi. Yangi tadbir, “konvert” asosida ish haqi to‘lashdan voz kechishga, shu bilan birga tadbirkorlik sub'yektlarining xodimlar soni va ish haqi fondini qonuniylashtirishiga rag‘bat uyg‘otadi hamda iqtisodiyotda jamg‘arish ulushini ko‘paytiradi.

2.  Mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga soliq yukini kamaytirishning yana bir tadbiri, bu – yagona ijtimoiy to‘lov stavkalarining 25 foizdan 12 foizgacha kamaytirilishi bo‘ldi. Ta'kidlash o‘rinliki, bu qoida byudjyet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar uchun tatbiq qilinmaydi. Ushbu taklifdan soliq to‘lovchilar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar 2,9 trln so‘mni tashkil qiladi.

3.  Fuqarolarning daromadlaridan Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badalini (8 foiz) to‘lash amaliyoti bekor qilinadi. Misol uchun, maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisiga 1 908 ming so‘m ish haqi hisoblansa, soliqlar va to‘lovlar ushlab qolinganidan so‘ng 1520 ming so‘m qo‘liga oladigan bo‘lsa, yanagi yildan boshlab 1680 ming so‘m olishni boshlaydi.

4.  Foyda solig‘i to‘lovchilariga soliq yukini kamaytirish, investitsiyalar miqdorini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

tijorat banklari uchun foyda solig‘i stavkasi 22 foizdan 20gacha;
korxona va tashkilotlar uchun – 14dan 12gacha;
dividend va foiz ko‘rinishidagi daromadlar uchun – 10dan 5gacha kamaytiriladi.

Bu tadbirlar soliq to‘lovchilar ixtiyorida 582 mlrd so‘m qoldirish imkonini beradi.