Toshkent tumanlararo ma'muriy sudida «obnal ishi» bo‘yicha tadbirkorning soliq organiga nisbatan arizasi yuzasidan sud jarayoni boshlangani xabar qilingandi. Navbatdagi sud majlisi bir oy o‘tgach, 2021 yil 20 aprel kuni bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahrida faoliyat yuritadigan tadbirkor Toshkent shahar soliq boshqarmasi bitimlarni ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzgan deb hisoblab, QQS solig‘i bo‘yicha 691 million so‘m soliq majburiyatini yuklashini qonunga xilof, deb topish to‘g‘risida ariza bilan sudga murojaat qilgan.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, navbatdagi sud majlisi tomonlarning soliq organi tadbirkorning savdo operatsiyalarini ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzgan deb topishi dalillarga asoslangan yoki yo‘qligi borasidagi bahslari bilan kechdi.

Da'vogar da'vo talabi aniqlashtirilgan arizasini sudga taqdim etdi. Tadbirkor suddan soliq organining dalil-isbotsiz hisobga olingan QQS summasini bekor qilishda ifodalangan xatti-harakatini noqonuniy deb topishni so‘ramoqda. Shunda tadbirkorning shaxsiy kabinetiga kiritilgan va to‘lash majburiyati yuklatilgan soliq summasi ham bekor bo‘ladi, deb hisoblaydi u.

Oqibat shundayki, shaxsiy kabinetda to‘lanmagan soliq summasi to‘g‘risida yozuv paydo bo‘lsa, tadbirkorda soliq to‘lash majburiyati yuzaga keladi va undiruv uning puli va boshqa mulkiga qaratiladi. Tadbirkor kontragent bilan tuzgan bitimini qalbaki deb topish va hisobga olingan QQSni bekor qilishda soliq organi dalillarga emas, balki gumonga asoslanganini ta'kidlamoqda.

«Biz soliqni noto‘g‘ri hisoblading deb iqtisodiy masalani ko‘tarmayapmiz, balki soliq organi dalil-isbotsiz hisobga olingan soliqni bekor qilganidan norozi bo‘lyapmiz. Soliq kodeksining 266-moddasida ham bitimlar ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzganlikka oid dalil va isbotlar mavjud bo‘lganda soliq organi hisobga olingan soliqni bekor qilishga haqqi bor deyilgan. Soliq organi dalillarga emas, balki gumonlarga asoslangan», – deydi tadbirkorning soliq maslahatchisi.

Soliq organi vakillari tadbirkorning «dalilsiz» degan da'vosini rad qilib, hisobga olishni bekor qilishda yetarli dalillarga asoslanganiga urg‘u berdi.

«Da'vogar da'vo talabida dalil-isbotsiz degan jumlani qayta-qayta ishlatyapti. Soliq kodeksining 14-moddasida aniq ko‘rsatilganki, agar tadbirkorning kontragenti (u bilan hamkorlik qilgan MChJ) ishlab chiqarish mahsulotini yetkazib berishga qurbi yetmasa, hisobga olingan QQS summasini soliq organi bekor qiladi.