Sport | 19:40 / 08.11.2018
21252
16 daqiqa o‘qiladi

Elak suvdan ko‘tarilmoqda: Amaldagi finalchilar qiyin ahvolda. Yana kimda qanday imkoniyat?

7-8 noyabr kunlari Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichidagi 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Keyingi turlar yanada qizg‘in kechishi shubhasiz, chunki bugungi holatda faqat bir jamoa – «Barselona» keyingi bosqich masalasini rasman hal qilgan bo‘lsa, atigi 5 jamoa pley-offga chiqish imkoniyatini boy berdi, xolos. Ammo ularda ham uchinchi o‘rinni olish va Yevropa Ligasiga o‘tish imkoniyati mavjud.

Quyida guruhlardagi joriy vaziyatlar va jamoalarning keyingi o‘yinlardagi imkoniyatlari haqida fikr yuritiladi. Avvalo bir narsani aytib qo‘yish kerakki, guruhlarda mabodo bir yoki undan ortiq jamoalarning ochkolari teng bo‘lib qolsa, avvalo, o‘zaro o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan ochkolar, o‘zaro o‘yinlardagi to‘plar nisbati va o‘zaro o‘yinlarda safarda urilgan gollar soni kabi ko‘rsatkichlar solishtiriladi. Shundan keyingina, umumiy o‘yinlardagi to‘plar nisbatiga qaraladi.

A GURUHI

«Monako» bilan bordi-keldi o‘yinlarda 4 ochko olgan «Bryugge» nazariy tomondan hali ham keyingi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lib turgan bo‘lsa-da, bu holatni ko‘proq «Monako»ning juda yomon ahvoli bilan bog‘lab qo‘ya qolaylik. «Atletiko» va «Borussiya» eng yaqin ta'qibchi, ya'ni, «Bryugge»dan 5 ochko oldinda turibdi va katta ehtimol bilan bu jamoalarning pley-offga chiqishi vaqtning hukmida qolgan.

Ammo ulardan qaysi biri birinchi va qaysisi ikkinchi o‘rinni olishi savoli ochiq qolmoqda. Bu juda muhim, ayniqsa, 1/8 finaldagi potensial ehtimoli bilan. Zero «Barselona», «Real», «Bavariya»,«Manchester Siti» va balki «PSJ» kabi gigantlar o‘z guruhlarida 1-o‘rinni olishlari haqiqatga yaqinroq bo‘lib turibdi. Bu jihatdan nemislarda imkoniyat ko‘proq. Chunki, o‘zaro o‘yinlardagi (4:0, 0:2) ustunlik evaziga, agar ochkolar teng bo‘lib qolsa, «Borussiya» yuqoriroq o‘rinda joylashadi. Xuddi hozirgidek...

5 tur. Atletiko – Monako, Borussiya – Bryugge

6 tur. Monako – Borussiya, Bryugge - Atletiko

V GURUHI

Faqat shu guruhda faqatgina bittagina yo‘llanma qolgan va bu o‘rin uchun hatto 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinda borayotgan PSV jamoasida ham nazariy imkoniyat mavjud. Guruhning markaziy uchrashuvi, shubhasiz, keyingi turda Londonda bo‘lib o‘tadi.

«Tottenhem» bu o‘yinda g‘alaba qozona olmasa, «Inter» muddatidan oldin pley-offga chiqadi. Chunki o‘rtadagi uch ochkolik farq so‘nggi turda ham saqlanib tursa, demak, o‘zaro o‘yinlarda «Inter»«Tottenhem»dan ustunlik qilgan bo‘lib chiqadi. Pochettino shogirdlari minimal bo‘lsa-da, imkoniyatni saqlab qolishlari uchun, avvalo, «Inter» ustidan g‘alaba qozonishlari shart.

Bu ham yetarli emas. Ochkolar tenglashgach, endi, so‘nggi turda ham «Tottenhem» «Inter»dan kam ochko olmasligi kerak. O‘z maydonida gollandiyaliklarni qabul qiladigan «Inter»ning sharoiti yaxshiroq albatta. «Tottenhem» esa, «Kamp Nou»da g‘alaba uchun o‘ynashga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, guruhdagi barcha masalani muddatidan oldin hal qilgan «Barselona» balki ba'zi yetakchi futbolchilariga dam berib, inglizlarga qo‘shimcha imkoniyat taqdim etar? Yaxshisi, 5-turning yakunlanishini kutamiz. 

5-tur. PSV – Barselona, Tottenhem – Inter

6-tur. Inter – PSV, Barselona - Tottenhem

S GURUHI

«Liverpul»ning Serbiyadagi mag‘lubiyati o‘zi shundog‘am chalkash vaziyatni yanada chalkashtirib yubordi. Endi guruh peshqadami va autsayderi o‘rtasidagi farq atigi 2 ochkoni tashkil qilmoqda va har bir jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati bor. Lekin keling, «Tsrvena Zvezda» o‘z so‘zini aytib bo‘ldi, deb hisoblaylikda, asosiy uch da'vogarning imkoniyatlarini chamalaylik.

«Liverpul» hozir guruhda peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsa-da, uchala jamoa ichida eng qaltis vaziyatda turibdi. Chunki «Napoli»da ham, «PSJ»da ham serblar bilan o‘yin bor. «Liverpul» uchun esa, har ikki o‘yin finalga teng desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Agar keyingi turda «Liverpul» Parijda g‘alaba qozonsa, keyingi bosqich masalasini rasman hal qiladi. O‘sha kuni Neapolda «Tsrvena Zvezda»ni qabul qiladigan «Napoli» ham o‘sha kuni g‘alabani nishonlashi va«PSJ» muddatidan oldin Liga bilan xayrlashishi mumkin.

«Liverpul» yuta olmasa, «Napoli» bilan «Enfild»dagi bahs hayot-mamotga ham, oddiy zerikarli o‘yinga ham aylanib qolishi mumkin. Qanday qilib?

Birinchi variant: «PSJ» va «Liverpul» durang o‘ynaydi, «Napoli» «Tsrvena Zvezda»ni o‘z maydonida mag‘lub etadi. So‘nggi tur oldidan «Napoli»da 9, «Liverpul»da 7 va «PSJ»da 6 ochko bo‘ladi. Bu holatda«Napoli» keyingi bosqich masalasini rasman hal qilgan bo‘ladi, sababi, «PSJ» bilan o‘zaro o‘yinlarda ustunlikka ega (2:22 safarda, 1:1 uyda) bo‘ladi. «Napoli» mag‘lub bo‘lsa, faqat guruhda ikkinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin xolos, «PSJ» ularga yeta olmaydi. Shu kuni «Liverpul»ni esa, faqat g‘alaba qoniqtiradi. «Napoli» guruhda 1-o‘rin uchun «Liverpul»ga qanchalik qarshilik ko‘rsatadi, Klopp shogirdlari vazifani uddalaydilarmi, ko‘rish qiziq bo‘ladi. Darvoqe, go‘yoki «PSJ» Serbiyada aniq g‘alaba qozonadi, deb hisoblab yuboryapmiz-u, ammo serblarning guruhdagi uy uchrashuvlarida hali o‘z darvozasidan gol olib chiqmagan yagona jamoa ekanliklarini ham yodda tutish darkor («Napoli» bilan 0:0, «Liverpul» bilan 2:0).

Ikkinchi variant: «PSJ» «Liverpul» ustidan g‘alaba qozonadi. U holda, so‘nggi tur oldidan «Napoli»da 9,«PSJ»da 8 va «Liverpul»da 6 ochko bo‘lishi mumkin. «Enfild»dagi so‘nggi tur bahsida «Liverpul»italiyaliklar ustidan g‘alaba qozonishi shart. Yanada qiyini, shunchaki, 2:1 yoki 3:2 hisobidagi g‘alabalar ham inglizlarni qoniqtirmaydi, Neapolda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgan. Klopp jamoasi ham 1:0 hisobida g‘alaba qozonishi mumkin, ammo bu holatda, balki, «Napoli» 5-turda «Tsrvena»darvozasiga ko‘proq gol urib, bu tomondan ham ustunlikka ega bo‘lib olish ehtimoli bor. Demak, bu variantda «Liverpul» ikki to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishiga to‘g‘ri keladi.

5-tur. PSJ – Liverpul, Napoli – Tsrvena Zvezda

6-tur. Liverpul – Napoli, Tsrvena Zvezda - PSJ

D GURUHI

«Portu» guruhdan chiqishi uchun qolgan o‘yinlarda 1 ochko olishi kifoya qiladi. Portugaliyalar umuman guruhda qolib ketishlari ehtimoli juda past. Buning uchun jamoa har ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashlari va «Galatasaroy» Moskvada ham g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Bunga ishonish oson emas.

Ikkinchi o‘rin uchun esa, «Galatasaroy» va «Shalke» o‘rtasida sirtqi kurash kechishi kutilmoqda. Oradagi farq 4 ochkoni tashkil qilmoqda, demak nemislar so‘nggi turda «Lokomotiv» ustidan g‘alaba qozonib ham bu vazifani hal qila oladilar. Yoki ikki durang ham nemislarni keyingi bosqichga olib chiqadi. Demak, 5-turdagi «Portu» – «Shalke» o‘yinida har ikki jamoani qoniqtirishi mumkin bo‘lgan hisob bor – durang. Shunday bo‘lsa ham kerak.

5-tur. Portu – Shalke, Lokomotiv – Galatasaroy

6-tur. Shalke – Lokomotiv, Galatasaroy - Portu

Ye GURUHI

Bu guruh ham ochkolar va taqvim nuqtai nazaridan yuqoridagi guruhning o‘zginasi. Bemalol jamoalar nomini almashtirib o‘qishingiz ham mumkin. «Benfika» «Ayaks» bilan o‘yinda juda muhim g‘alabani qo‘ldan chiqardi va endi niderlandiyaliklarni quvib o‘tish juda qiyin holga keldi.

5-tur. Ayaks – Bavariya, Benfika – AYeK

6-tur. AYeK – Ayaks, Bavariya - Benfika

F GURUHI

Guruh o‘yinlari Pep Gvardiola jamoasi uchun juda dahshatli boshlangandi – jamoa Manchesterda «Lion»ga yutqazdi. Ammo keyinchalik «Manchester Siti» uchta ishonchli g‘alabaga erishdi, «Lion» esa uchta o‘yinda ham durang o‘ynadi. Natijada, guruh favoritlari qur'a tashlangan kunga nisbatan o‘zgarishsiz qoladigan bo‘ldi. Albatta, «Lion» keyingi turda «Manchester Siti» ustidan g‘alaba qozonib, guruhda peshqadamga aylanib olishi ham mumkin.

Ammo fransuzlarni ko‘proq pastroqdagi «Hoffenhaym» qiziqtirayotgan bo‘lishi turgan gap. «Lion» va«Hoffenhaym» o‘rtasidagi farq uch ochkoni tashkil qilmoqda va o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha ham ustunlik «Lion»tarafida.

«Shaxtyor»da imkoniyat bormi? Albatta, bor. Buning uchun «Shaxtyor» ham, «Manchester Siti» ham qolgan har ikki o‘yinda g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi. Ishonish mumkin bo‘lgan holat, shunday emasmi?«Manchester Siti» o‘tgan yili ham ukrainaliklar bilan bir guruhda bo‘lgani va inglizlar «Shaxtyor»ni qulog‘idan tortib, nimchorak finalga birga olib chiqqandi. 

5-tur. Lion – Manchester Siti, Hoffenhaym – Shaxtyor

6-tur. Shaxtyor – Lion, Manchester Siti - Hoffenhaym

G GURUHI

Ruslarda minimal imkoniyat qolgan bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan bu guruhda ham peshqadamlar aniq. Keyingi turda «Real» va «Roma» Rimda uchrashadi va balki guruhdagi 1-o‘rin egasi masalasiga ham oydinlik kiritiladi.

Agar «Roma» – «Real» o‘yinida mezbonlar g‘alaba qozonsa yoki durang bo‘ladigan bo‘lsa, so‘nggi turdagi Madriddagi o‘yinda intriga yuzaga keladi. TsSKA chexlar ustidan g‘alaba qozonib, ochkolari sonini 7taga yetkazishi va «Real»ga yaqin kelib olishi mumkin. Madriddagi g‘alaba esa, «armiyachilar»ni keyingi bosqichga olib chiqadi bu holda. Bir o‘yinda har narsa bo‘lishi mumkin. 

5-tur. Roma – Real, TsSKA – Viktoriya

6-tur. Real – TsSKA, Viktoriya - Roma

H GURUHI

Kecha so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketib, «Manchester Yunayted» birato‘la uch quyonni urdi. Birinchidan, Mourino eng muhim o‘yin «Valensiya» bilan bo‘lishini aytib kelgan bo‘lsa-da, qo‘lga kiritilgan ochkolar o‘sha o‘yin uchun ham ustunlik yaratadi. Ikkinchidan, endi, «Yuventus» ham kelasi turda«Valensiya»dan ochko olishga harakat qiladi. Agar «Yuventus» kecha 1:0 hisobini saqlab qolganida, muddatidan oldin guruhda 1-o‘rinni naqd qilishi va «Valensiya» bilan o‘yinda sal bo‘shroq motivatsiya bilan tushishlari ham mumkin edi.

Uchinchidan, endi «Manchester Yunayted»da guruhda birinchi o‘rinni olish imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Mourino jamoasi kelasi turda «Yang Boyz» ustidan g‘alaba qozonsa, ochkolari soni 10taga yetadi.«Yuventus» agar «Valensiya»ni yuta olmasa, «MYu» guruhda peshqadamga aylanib oladi. O‘zaro o‘yinlarda ham turinliklarga nisbatan ustunlik «MYu»da – 0:1ga 2:1.

Xullas, «Yuventus» guruhda 1-o‘rinni olmoqchi bo‘lsa, «Valensiya»ni yutishi shart. Bu esa, «MYu»ga qo‘l ham keladi, inglizlar bunday vaziyatda shveysariyaliklar ustidan g‘alaba qozonib, bir tur qolganda rasman pley-off masalasini hal qiladi.

5-tur. Manchester Yunayted – Yang Boyz, Yuventus – Valensiya

6-tur. Yang Boyz – Yuventus, Valensiya – Manchester Yunayted

Q.Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid