Jamiyat | 12:17 / 08.11.2018
4628
4 daqiqa o‘qiladi

Hududiy yetakchilar Kengashi a'zolari uchun o‘quv-seminari boshlandi

Yoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik, siyosiy va iqtisodiy islohotlardan xabardor etish, hududlardagi boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini jonlantirish, boshlang‘ich tashkilot yetakchilarining muammo va kamchiliklarini bartaraf etishga amaliy yordam berish maqsadida joriy yilning 6-9 noyabr kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Yoshlar oromgohi»da O‘zbekiston yoshlar ittifoqining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida ta'lim oluvchi hududiy yetakchilar Kengashi a'zolari uchun o‘quv seminari boshlandi.

Mazkur seminar 130 nafar o‘g‘il-qizlarni bir maqsad atrofida birlashtirdi. Dastlab, seminar ishtirokchilari 3 kun mobaynida bo‘lib o‘tadigan o‘quvlar, amaliy mashg‘ulotlar, psixologik treninglar va mahorat darslari bilan tanishib chiqishdi.

Jismoniy mashq aqliy faollikni ta'minlaydi

Bugun o‘quv-seminarining birinchi kuni yetakchilar tongni badantarbiya bilan boshlashdi. Badantarbiya «Sport, sog‘lomlashtirish va harbiy vatanparvarlik» yo‘nalishi yetakchilari tomonidan tashkil etildi.

Unda 100 metrga yugurish va yengil mashqlar bajarildi.

Jismoniy faollik bilan boshlangan kun o‘quv-seminari bilan davom etdi.

Yetakchilar o‘z loyihalarini himoya qilishdi

O‘quv-seminarini Qobiljon Majidov boshlab berdi. U loyiha tayyorlash va uni taqdim qilish kabi yetakchilarning asosiy vazifalari haqida tinglovchilarga batafsil ma'lumotlar berib o‘tdi.

–       O‘quv-seminarida yoshlarning o‘zini ko‘proq ishlashlariga imkon beryapmiz. Ular har kuni dastur doirasida, yoshlarning hayotiy manfaat va qiziqishlarlariga asoslangan mustaqil loyiha ishlab chiqishadi. Biz har bir ishtirokchiga bittadan jahon mamlakatlarini bo‘lib berganmiz. Ular bugungi darsda o‘ziga biriktirilgan davlatda yoshlarga qay darajada e'tibor beriladi? U yerda yoshlar siyosatiga doir qanday loyihalar ishlab chiqilgan? Mazkur savollarga javob topishdi va o‘zimizning O‘zbekistonga qaysi loyihalarni tatbiq qilish mumkinligi bo‘yicha taklif berishdi. Biz bu orqali ular erkin fikrlashlariga yo‘l ochib beryapmiz.

«Biz o‘qishga kirish jarayonlarini soddalashtirishimiz kerak...”

Yetakchilarning har bir chiqishlari baholab borilmoqda. Ularning loyihalari darajasiga qarab, 2019 yil Yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari yoki Markaziy Kengash ish rejasiga kiritiladi. Seminar so‘ngida  eng yaxshi taklif bergan va yoshlar uchun foydali loyiha ishlab chiqqan yetakchilar Respublika yetakchilar Kengashi a'zoligiga qabul qilinadi.

–       O‘ylab qarasak, boshqa davlatlarda o‘qishga kirish oson, lekin o‘qish qiyin. O‘zbekistonda esa o‘qishga kirish juda qiyin, ammo o‘qish, to‘g‘risini aytganda,  oson. Qaysi biri yaxshi samara beradi? Albatta, birinchisi. Shuning uchun mening taklifim biz o‘qishga kirish jarayonlarini soddalashtirishimiz kerak. Ta'limni esa kuchaytirish lozim, – dedi Otabek Amonov.

3 kun davom etadigan seminarda «Team building», «Yetakchi imiji», «Time managment», «O‘smirlik davri psixologiyasi», «Liderlik va uning xususiyatlari», «Harakatlar strategiyasi» kabi mavzularda mahorat darslari, treninglar, interaktiv sport o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, yetakchilar Kengashi a'zolari uchun o‘quv seminar 9 noyabrga qadar davom etadi

Mavzuga oid